MIRZACHO’L IQTISODIY RAYONI
Iqtisodiy o‘rni va tabiiy boyliklari. Mirzacho‘l iqtisodiy rayoni Sirdaryo bilan Jizzax viloyatlaridan tarkib topgan. Rayon hududi taraqqiy etgan Toshkent va Zarafshon iqtisodiy rayonlari bilan chegaradosh. Rayonning iqtisodiy geografik o‘rnini qulay deyish mumkin. Iqtisodiy geografik o‘rnining qulayligi rayonning transport- geografik holatida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Rayonni, asosan, Sirdaryo va Sangzor daryolari suv bilan ta’minlaydi. Tekislik zamonaviy transport va irrigatsiya inshootlari bilan zich qoplangan. Rayonda aniqlangan volfram, qo‘rg‘oshin, rux va oltin konlari sanoat ahamiyatiga ega. Qurilishbop shag‘al, qum, gips va ohak ko‘p.
Ko‘pincha sovuq Arktika havosi shimoldan rayon hududiga kirib kelib, ba’zan juda sovib ketadi. Shunda mevali daraxtlar jiddiy shikastlanadi. Farg‘ona vodiysidan esuvchi kuchli shamoldan esa tuproqning nami qochib, ekinlar qovjiraydi va hosildorlik pasayadi.
Aholisi. Bu yerning aholisi, asosan, boshqa joylardan reja asosida ko‘chirib keltirilgan. Rayon aholisining umumiy soni bo‘yicha mamlakat iqtisodiy geografik rayonlari orasida eng keyingi o‘rinda turadi. Hududning yangi o‘zlashtirilayotgani shahar va qishloqlarning geografik joylashuvi, katta-kichikligi hamda aholining milliy tarkibida yaqqol ifodalanadi. Aholi punktlari, asosan, katta yo‘l yoqalarida barpo bo‘lgan. Aholining 45 foizdan ortig‘i shaharlarda istiqomat qiladi.
Rayonga Toshkent va Samarqand shaharlarining oliy o‘quv yurtlari ham mutaxassis tayyorlab bermoqda. Lekin rayonning rivojlanish istiqbollarini ko‘zlab, bu yerga Zarafshon, Farg‘ona, Toshkent singari iqtisodiy rayon- lardan malakali mutaxassislar jalb etish maqsadga muvofiqdir.
Xo‘jaligi va uning hududiy tashkil etilishi. Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishi, asosan, XX asrning 50–60-yillariga to‘g‘ri keladi. Yangi yerlarni o‘zlashtirish sug‘orish inshootlarini, yo‘llarni, elektr uzatkich tarmoqlarini, madaniy- maishiy muassasalarni bir yo‘la barpo etish usulida olib borildi. Yangi yerlarni o‘zlashtirishning bu usuli xorijda ham keng qo’llanilmoqda.
Mirzacho’l iqtisodiy rayoni mamlakatda yetishtiriladigan paxta yalpi hosilining 1/4 qismini beradi. Rayonda agrosanoat majmuyi yuksak darajada rivojlangan. Jami ekin maydonining salkam 45 foiziga paxta, deyarli shuncha maydonga donli ekinlar ekilmoqda.
Polizchilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mirzacho‘l qovunlari O‘zbekistondan tashqarida ham mashhurdir.
Chorvachilikda qorako‘l qo‘ylarining salmog‘i katta. Qorako‘l qo‘ylari rayonning shimoli g‘arbidagi cho‘l yaylovlarida boqiladi. Chorvachilikning yanada rivojlanishi yem-xashak ekinlari, ayniqsa, beda va makkajo‘xori maydonining kengayishiga bog‘liq. Donli ekinlar yetishtiriladigan joylarda parrandachilik rivojlangan.
Transporti. Avtomobil transporti yuksak darajada rivojlangan. Avtomobil yo‘llarining yalpi uzunligi 12 ming km dan oshadi, shundan deyarli 10 ming km qattiq qoplamali yo‘llardir. Katta O‘zbek traktining iqtisodiy rayon hududidan o‘tishi uning rivojlanishiga sezilarli ta’sir etadi. Temiryo‘l hudud bo‘ylab uchburchak shaklida qurilgan. Uchburchakning Jizzax, Sirdaryo va Xovos uchlaridan yo‘llar boshqa viloyatlarga taralib ketgan. Hudud bo‘ylab magistral gaz quvurlari kesib o‘tgan. Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hududni tekis qoplagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |