Informasion vaziyat butun axborot jarayoni maydonini ifoda etadi. Shu sababli axborotning o'zi emas, balki u amalda o'z aksini topgan faoliyat yoki xulq-atvorni boshqarish tizimidagi aloqalar, funksiyalar va mexanizmlar o'rganish predmetini tashkil etadi.
Axborot kommunikativ jarayonga qo'shilib, bilim muayyan shaxsning boyligiga aylanishiga imkoniyat yaratadi. Bilim - subyekt ongining mazmuni, bilish faoliyatining natijasi, amalda mavjud predmetlarga bog'langan bilish obrazlari majmuidir. Muayyan subyekt bilimining mazmuni hyech qachon idrok etilgan axborot mazmuni bilangina cheklanmaydi. Idrok etish bilimning alohida turi sifatida olingan axborotni anglab yetish, tushunish, talqin qilishni nazarda tutadi.
Ilmiy bilimlar hajmining o'sishi bilan bog'liq bo'lgan demokratik jamiyat sharoitida bilimning yangi shakllarini izlash muammosi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu muammo asosan bilimni semiotika vositalari yordamida soddalashtirish yo'li bilan shaklan o'zgartirish bilan bog'liqdir.
Ilmiy bilimning informativligi. Ilmiy tadqiqotning rivojlanishi uning informativlik darajasi oshishi bilan bog'liqdir. Bu pirovard natijada hodisalarning mohiyatini anglashning teranligi, insonga ham, insoniyatga ham bog'liq bo'lmagan obyektiv haqiqatga to'liq erishilishi bilan o'lchanadi. Biroq bilish faoliyati (bilim olish jarayoni sifatida) yaxlit holda juda serqirradir. U ehtiyojlar, motivlar, maqsadlar, ularga erishish vositalari, bilishning shart-sharoitlari, subyektning informasion «xulq-atvor» usullari, obyekt va faoliyat natijasini o'z ichiga oladi. Bilish faoliyatini amalga oshirish natijasida bilim o'sishining tahlili uning informativligi muammosi bo'rtib ko'rinishiga olib keladi. Ilmiy faoliyatga nisbatan mantiqiy-gnoseologik, sosiologik va psixologik yondashuvlarning birligini ifodalovchi bu muammo hozirgi zamon fanining metodologik tadqiqotlarida hali yetarli darajada o'rganilmagan.
Harakatni tartibga solish vositasi sifatidagi ruhiy obraz mazmuni va tarkibiy tuzilishi obyektga muayyan maqsadga muvofiq ta'sir ko'rsatish vazifalariga bo'ysunuvchi ixtisoslashgan axborot majmuidan iboratdir. Obrazlarning moddiy harakat vazifalariga shunday tobeligi natijasida ularning funksional deformasiyasi yuzaga keladi, ya'ni harakat vazifalari nuqtai nazaridan o'ta informativ «bandlar» - obyekt xossalari, uning ayrim jihatlari va ko'rinishlariga alohida e'tibor qaratiladi. Aynan informativlik subyektga kerak bo'lgan, izchil faoliyat va borliqning ongdagi aniq in'ikosi mahsuli sanalgan bilimning muhim xossasidir. Bu yerda faoliyat va bilimning informativligi o'rtasida uzviy aloqa ko'zga tashlanadi, chunki bilimning informativ yoki muhim qismi subyektga izchil faoliyat jarayonida zarurdir. Bilimning informativligi bilish faoliyatining barcha sohalari, kommunikativ jarayonlarda muhim ahamiyatga ega. Bunda «kundalik amaliyot, ishlab chiqarish faoliyati, odamlar o'rtasidagi munosabatlarda aloqa texnikasi ma'nosidagi axborot miqdori emas, balki avvalo axborotning mazmuni yoki boshqacha aytganda informativlik muhimdir. Zotan, axborot miqdori qancha ko'p bo'lmasin, agar u idrok etilmasa, tushunib yetilmasa, undan zarracha naf bo'lmaydi»2.
Bilimning informativligi borliq qonunlarini aniq aks ettiruvchi va insonga uning amaliy- o'zgartirish va bilish faoliyatida xizmat qiluvchi tushunchalar, mulohazalar, konsepsiyalar, nazariyalar va bilimning boshqa shakllarida ifodalangan muhim axborot majmuidir.
Informativlikning mazmunini quyidagilar tavsiflaydi: 1) yoritilayotgan masalalarning muammoliligi; 2) o'rganilayotgan obyektning xossalari, aloqalari va munosabatlarini aniq aks ettiruvchi bilimning muhimligi va o'ziga xosligi; 3) axborotning yangiligi, agar u amalda ijtimoiy ahamiyatga ega va o'zlashtirilganidan so'ng foydalanuvchining munosabatini o'zgartirishi mumkin bo'lsa; 4) axborotdan faoliyat jarayonida foydalanayotgan subyekt maqsadlari va vazifalariga muvofiqligi; 5) bilimning tushuntiruvchi, bashorat qiluvchi va uyushtiruvchi kuchi; 6) bilim mazmuni mantiqiy-gnoseologik o'zagining xususiyati sifatidagi bilimning invariantligi; 7) bilimning nomuayyanlik darajasi.
Ilmiy bilimning informativligi fanning hozirgi davrdagi rivojlanish qonuniyatlari, avvalo uning samaradorligini oshirishga ko'maklashuvchi bilishdagi integrasiya jarayonlari bilan belgilanadi. Fan integrasiyalashuvining muhim unsurlaridan biri bo'lgan ilmiy axborot integrasiyasi ilmiy axborotning bir-biriga, fanning bir tarmog'idan boshqa tarmog'iga o'tishida namoyon bo'ladi. Hozirgi zamon fanining mantiqiy-gnoseologik asoslaridan biri bo'lgan integrasiya ilmiy bilimning informativlik darajasi va asosiy informasion imkoniyatlarini o'zgartiradi. Bu bilimning bir darajasidan boshqa darajasiga, narsalar va hodisalar mazmunini yanada teranroq aks ettiruvchi bilimga o'tish bilan bog'liqdir.
Integrativ jarayonlar nazariy tizimlarning teranlik darajasini oshirib, nazariya va empirik ma'lumotlarning qo'llanish doirasini kengaytiradi. Nazariya mazmunining yanada teranlashuvi informativlik darajasining oshishiga, tushunchalar haqidagi axborotning integrativ jarayonlarga ta'sir ko'rsatish imkoniyatini ro'yobga chiqarishga ko'maklashadi. Shunday qilib, fanning integrasiyalashuvi tushunchalar tizimlarining informativligini ularning o'zaro aloqasi asosida ro'yobga chiqarish mexanizmi hisoblanadi.
Fanning integrasiyalashuvi informativlikning muhim xususiyatlaridan biri - bilimning tushuntiruvchi va bashorat qiluvchi kuchini oshiradi. Ilmiy bilishga informativlikni invariantlik orqali tahlil qilish xosdir. Informativlik invariantlik ma'nosida ko'p jihatdan konseptual tizimlarning tushuntiruvchi kuchi yordamida ifodalanadi.
Ilmiy axborot kommunikativ jarayonga qo'shilib, bilish faoliyatining samaradorligini oshirish vositasiga aylanadi. Bu bilimning informativligiga nisbatan gnoseologik va sosiologik yondashuvlarning birligi bilan belgilanadi.
Shunday qilib, bilimning informativligini o'rganish ilmiy faoliyatga nisbatan mantiqiy- gnoseologik, sosiologik va psixologik yondashuvlarning birligini nazarda tutadi. Bilimning informativligi obyektiv va subyektiv narsalar va hodisalarning falsafiy birligidir. Informativlik bilim obyektiv mazmunining xususiyati bo'lgani holda, ayni vaqtda foydalanuvchilarning axborotga munosabati sifatida ham namoyon bo'ladi. Bu munosabat muayyan shaxsning ma'naviy dunyosi, bilish faoliyatini amalga oshirishning psixologik xususiyatlari bilan belgilanadi. Foydalanuvchi ijtimoiy-kommunikativ jarayoniga qo'shilgan axborotni uning obyektiv mazmuni va ijtimoiy ahamiyati, obyektiv ijtimoiy-iqtisodiy qonuniyatlar nuqtai nazaridan qabul qilishi va tushunishi lozim.
Bilimning informativligi ilmiy faoliyatni o'zgartirish, bilish, ijtimoiy-kommunikativ va psixologik jihatlarini qayd etishni taqozo qiladi. Sosiologik yondashuv shuni ko'rsatadiki, bilimning informativlik darajasini moddiy ishlab chiqarishning o'sishi, moddiy-o'zgartirish faoliyati asosiy vazifalari kompleks, integrativ xususiyatining kuchayishi ham, ilmiy kommunikasiyalarning rivojlanishi ham oshiradi. Bilimning yangi unsurlari vujudga kelishida ijtimoiy-kommunikativ jarayonga qo'shilgan, o'zlashtirilgan ijtimoiy muhim unsurlar faol ishtirok etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |