Kuch – adolatda
Reja:
I. Kirish: Har ishda adolat yaxshi.
II.Asosiy qism:
1.Adolat - insoniylikning bosh me’zoni.
2.Amir Temur o’gitlari.
3.Adolat nima?
III.Xulosa:Adolat bor joyda yuksalish bo’ladi.
“Podshohlar Allohning yerdagi soyasidir” degan gap bor. Xalqning tinch-totuv va to’q bo’lishi adolatli podshohga chambarchas bog’liqdir. Tarixga bir nazar soladigan bo’lsak, ko’p hollarda eng qudratli davlatlarni adolatli podshohlar boshqarganlar. Misol uchhun, Halifa Umar so’zimizning yaqqol isboti. U zot yurtni boshqargan paytlarda xalq hayotdan mamnun, yurt obod, yuksalish jadal bo’lganligi haqida rivoyatlar talaygina. Ana shu rivoyatlardan birida Halifa Umar oqshomlari davlat ishlarini bajarayotganda davlat hisobidan olingan shamni, o’zing shaxsiy ishlari bilan mashg’ul onlarda esa o’z hisobidan olingan shamni ishlatganligi haqida aytiladi. Bu voqea podshohning xalq mulkini g’oyat adolat bilan sarflaganining yaqqol isboti. Halifa Umar hayotini ana shunday adolat ustiga qurgan desak mubolag’a bo’lmaydi. Mana shunday adolatli podshohning fuqarolari qanday sadoqatli va mas’uliyatli bo’lganini esa tasavvur qilish qiyin emas.
Hech bir kasbni adolat degan tushunchadan ayrib bo’lmaydi. O’qituvchi adolatsiz bo’lsa, o’quvchilarning holi nima kechadi? Boyroq honadon farzandiga yaxshi muomala, kambag’alroq oila farzandiga yomonroq muomala qilgan o’qituvchi o’quvchilarni bolalik paytidanoq hayotga muhabbatini so’ndirishi, ularni adolatsizlikka o’rgatib qo’yishi mumkin-ku. Yoki adolatsiz shifokor adolatsizligi tufayli bir insonning hayotiga zomin bo’lsa, bu qanday gap bo’ladi? Adolatsiz usta qo’li yupqa oila xonadonining tomini nobop yopsa-yu, tom qulab tushsa, begunoh insonlar adolatsizlik qurboni bo’lib qolmaydimi? Yo bo’lmasa, adolatsiz sudya bir insonni nohaq ayblasa, bu insonning taqdiri nima kechadi? Qaysi sohani olib qaramaylik, barchasida adolat shiorga aylanmog’i, har bir kasb, hunar egasi adolatli bo’lmog’i insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qilishi mumkin ekan.
Adolat bor joyda insonlar erkin nafas oladi, xotirjam uxlaydi. Adolatsizlik degan narsa ham urush degan baloga o’xshaydi. Insonlarni qo’rqitadi, behalovat qiladi, joniga ham zomin bo’lishi mumkin. Jamiyatni esa rivojlanishdan to’xtatib qo’yadi. Jamiyatdagi odamlarning biri ko’p ishlasa-yu, boshqalari oz ishlasa, lekin hammaga xizmat haqqi bir xil berilsa, mehnatkashlar ham yalqovlashib boradi. Ishlagisi kelmaydi. Jamiyat qoloqlashib boradi. Birgina yashin butun boshlik o’rmonlarga o’t qo’yib yuborishi mumkin. Kichik bir adolatsizlik ham katta qayg’ularga sabab bo’lib qolishi hech gap emas. Aslida, ana shunday kichik illatlar katta illatlarni yetaklab keladi. Jamiyatning har bir bo’ginida adolat o’rnatilmas ekan, jamiyat qoloqlashib, yurt vayronaga aylana boradi. Aksincha, har ish adolat tarozisisda o’lchanib qilinsa, bunday yurtdagi insonlar qudratli bo’ladi. Ahil bo’ladi.
Odatda so’zimizni isbotlash uchun tarixdan misollar axtaramiz. Chunki biz qilmoqchi bo’lgan ishlarimizni ota-bobolarimiz o’rnak qilib ketganlar. Adolat haqida gapirar ekanmiz, beixtiyor Amir Temur bobomizni esga olamiz. Bu ulug’ zot nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda adolat timsoliga aylanib ulgurgan. Amir Temur bilganki, xalq qo’rqitib emas mehr va adolat bilan boshqarilsa yuksaladi. Ulug’ bobomizning “Loy jangi” dan keyin biror marta mag’lub bo’lmaganining sababi ham shunda emasmi? Temur bobomiz boshidan juda ko’p yaxshi-yomon kunlarni o’tkazgan va ulug’ sarkarda sifati orttirgan tajribalarini kelajak avlodga ham yozib qoldirgan. Bobomizning eng dono so’zlarida ham aynan adolat haqida gap boradi: “Dolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o’zimdan rozi qildim. Gunohlorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar ko’nglidan joy oldim”, “Ochiq yuzlilik va rahm-shafqat bilan xalqni o’zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo’lishga intildim”, Adl-u ehson bilan jahon gulshani obod bo’ladi”, “Adovat emas adolat yaxshi”. Nega endi Amir Temur shior qilgan “Kuch – adolatda” degan so’zlarni bizlar hayotimiz mazmuniga aylantirmaymiz. Biz ham ana shu so’zlarni shior qilib yashasak qudratli, kuchli bo’lamiz.
Turib-turib “Adolat o’zi nima?” degan savol paydo bo’ladi. O’ylab-o’ylab adolatga o’zimizcha ta’rif berib ko’ramiz. Adolat bu halollik, mehr-oqibat, olijanoblik, saxiylik va o’ziga hurmat kabi fazilatlar to’plami. Adolat bu adolatni himoya qilishga tayyorlik, garchi bu shaxsiy manfaatlarga to’g’ri kelmasa ham. Adolat bu nima qilish kerakligini tanlashga duch kelgan odamning har doim o’z vijdoniga muvofiq harakat qilishga tayyorligi. Adolat hurmatni ta’minlaydi – hatto past odam ham munosib kishini hurmat qiladi. Adolat adolatli qaror qabul qilish uchun kuch beradi. Adolat erkinlikni beradi. Adolat har bir kishining eng yaxshi fazilatlarini ko’rish va qadrlashga imkon beradi. Adolat umid beradi.
“Adolatsizlikni ko’ra bila turib jim yurish – unda o’zingizning ishtiroksizligingizni anglatadi” degan gap bor. Haqiqatan ham, har bir jamiyat a’zosi adolat uchun kurashmas ekan uning bu jamiyatda o’rni yo’q. 2009-yildan buyon har yilning 20-fevral kuni “Butunjahon ijtimoiy adolat kuni” sifatida nishonlanadi. Mazkur bayramning maqsadi – dunyo hamjamiyati e’tiborini ijtimoiy adolatni rivojlantirish zarurligiga e’tiborni qaratib, qashshoqlik, gender tengsizligi, ishsizlik, inson huquqlariga hurmatsizlik va ijtimoiy befarqlik kabi dolzarb muammolarni birgalikda hal etish bo’yicha sa’y-harakatlarni o’z ichiga oladi. Ijtimoiy adolat shunchaki axloqiy talab emas, balki bu milliy barqarorlik va glabal farovonlikning asosidir. Teng imkoniyatlar, hamjihatlik va inson huquqlarini hurmat qilish davlatlar va xalqlarning ishlab chiqarish salohiyatini har tomonlama rivojlantirish uchun juda muhimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |