Kreditga layoqatlilik tahlilining maqsadi – korxonalarning kredit, qarz mablag‘larini jalb etishi yuzasidan ularning moliyaviy holati va natijalarini tahlil etish orqali pul mablag‘larini ko‘paytirish imkoniyatlarini retrospektiv tahlilini amalga oshirishdan iborat.
Korxonalarning kreditga layoqatligini baholashda tahlil oldiga quyidagi vazifalar qo‘yiladi:
korxonalarning kreditga layoqatliligini davriy oraliqlar bo‘yicha o‘rganish;
korxonalarning moliyaviy barqarorligi, aktivlar va kapital foydaliligini baholash;
mablag‘larni joylashinuvidagi holat, ularning aylanuvchanligini baholash;
muddati o‘tgan majburiyatlarning holati, korxonalarning moliyaviy mustaqillik darajasidagi o‘zgarishlar, sotish hajmidagi o‘sish, likvid mablag‘larning holati kabi qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga baho berish.
Kreditga layoqatlilikning tavsifi
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarini rivojlanishida kredit munosabatlari va to‘lov qobiliyatini o‘rganish dolzarb masala hisoblanadi. Banklar xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kreditga layoqatliligini baholash orqali risklarni kamaytirishga, kredit resurslarini oqilona joylashtirish orqali o‘z daromadlarini oshirishga, moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga erishadilar.
Kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichlarini ikki tomonlama ko‘rib chiqish lozim:
Qarz oluvchi nuqtayi nazaridan kreditga layoqatlilik darajasi – kredit shartnomasini tuzish imkoniyati, olingan kreditlarni o‘z vaqtida qaytara olish qobiliyati bilan baholanadi.
Bank nuqtayi nazaridan, kreditga layoqatlilik darajasi korxonaga beriladigan kreditning hajmini to‘g‘ri aniqlay olish mas’uliyati bilan inobatga olinadi.34
Ma’lumki, iqtisodiyotni liberallashtirish sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlarining, banklar faoliyatining tijoratlashuvi yuzaga keladi. Bu esa tomonlarning qaysi mulk shakliga asoslangan bo‘lishiga qaramasdan iqtisodiy jihatdan to‘liq mustaqil bo‘lib, o‘z xarajatlarini daromadlari bilan qoplashnishini talab etadi. Faoliyatning moliyaviy mablag‘larga tayanishi oqibatida korxonalar faoliyatini rivojlantirishning ichki imkoniyatlari doimo ham yetarli bo‘lmaydi. Shu sababli subyektlar ko‘pincha qo‘shimcha pul mablag‘lariga ehtiyoj sezadilar va bu ehtiyojlar bank kreditlari hisobidan qoplanishi mumkin. Bank kreditlari nafaqat korxona va tashkilotlarni moliyaviy ta’minlash manbasi balki ularni maqsadli, muddatli, ta’minlangan holda joylashtirish orqali o‘zining faoliyat davomiyligini ham ta’minlab berishning zaruriy sharti hisoblanadi.
Tijorat banklari faoliyatida qo‘yilgan maqsadga erishish va bergan kreditlarining samara bilan bankka qaytib kelishini ta’minlashi uchun mijozning moliyaviy holatini uning kreditni o‘z vaqtida qaytara olishi imkoniyatlarini tekshirib ko‘rishi lozim.
Kreditga layoqatlilikni baholashda banklar nafaqat mijozning o‘tgan davr ma’lumotlariga baho berishi, shu bilan birga uning kelajakdagi moliyaviy ahvolini ham bashoratlashi zarur. Moliyaviy barqarorlikni va kredit operatsiyalaridagi risk hisobini obyektiv baholash, bankka kredit resurslarini samarali boshqarish hamda foyda olish imkonini beradi.
Iqtisodiyot tarmoqlarini liberallashtirish muhim vazifa sifatida qabul qilinishi korxonalarning to‘lov qobiliyati va barqarorligini aniqlashda chet el tajribasiga asoslangan buxgalteriya hisobini yuritish zaruriyatini tug‘dirmoqda. Bunda buxgalteriya balansining yangi tahlilini yuritish asosiy o‘rinni egallaydi. Balansdagi aktiv va passivlarni qabul qilingan moddalar bo‘yicha guruhlashtirilishi, to‘lov qobiliyati va kreditga layoqatlilikni yetarli darajada chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi.
Balansning qoplash koeffitsiyenti (KK) joriy aktivlardan (JA) kelgusi davr xarajatlari (KDX), kechiktirilgan xarajatlar (KX) va muddati o‘tgan debitor qarzdorliklar (MO‘DQ) ayirmasining joriy mabjuriyatlarga nisbati sifatida hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |