Jamg’arma depozitlari. Jamg’arma depozitlari davriy badallar asosida shakllantirib boriladigan mablag’lardir.
Jamg’arma depozitlari muddatli va talab qilinguncha turlarga bo’linadi. Bunday depozitlarni rasmiylashtirish jamg’armaning turiga qarab amalga oshiriladi. Buning uchun mijozga «jamg’arma daftari» beriladi.
Respublikamiz tijorat banklari depozitlarida talab qilinguncha bo’lgan depozitlarring salmog’i yildan yilga pasayib borayotganligi banklarning resurs bazasi mustahkamlanib borayotganligidan dalolat beradi. Bu esa o’z navbatida tijorat banklarining kreditlash salohiyatini oshiradi.
Jamg’arma depozitlarining depozitlar umumiy hajmida kichik salmoqqa ega ekanligi aholining vaqtinchalik bo’sh pul mablag’larini bank muassasalariga jalb qilish borasida sezirlarli muammolarning mavjudligidan dalolat beradi.
Depozitlar banklar resurslarini shakllantirishda muhim va zarur manbadir. Bank bu resurslarni jalb qilishi uchun xarajatlar qilishga ham to’g’ri keladi. Qo’yilmalarning mobilligi ma’lum darajada mijozlarga ham bog’liq. Raqobatchi banklar kredit resurslari bozorini egallashga harakat qiladi.
Banklar mablag’larni jalb qilish uchun «depozit siyosati»dan tashqari boshqa passiv operatsiyalarni ham amalga oshiradilar.
Banklararo kredit. Banklar resurslarini boshqa banklardan ssuda olish, ya’ni banklararo kredit hisobiga ham kengaytirish mumkin. Ortiqcha kredit resurslarini sotish bilan moliyaviy barqaror tijorat banklari shug’ullanadi. Bu resurslar daromad keltirishi uchun banklar bu resurslarni boshqa banklarga joylashtirishga harakat qiladilar. Banklar resurslarini joylashtirib, daromad olishdan tashqari, bank-kreditor uchun bankning boshqa faoliyatlari bo’yicha hamkorlikni yo’lga qo’yish imkoniyatlariga ega bo’ladi. Banklar uchun o’z kredit resurslarini xo’jaliklarga joylashtirishdan ko’ra, banklarga joylashtirgan foydaliroqdir. Ayniqsa, hozirgi sharoitda kreditning qaytishi uchun kafolat xo’jalik korxonalaridan ko’ra banklarda kattaroqdir. Banklararo kreditning muddatlari har xil. Rivojlangan davlatlar tijorat banklari amaliyotida bir, uch, olti oy muddatli banklararo kredit berish ko’prok ishlatiladi. Yana shuni aytib o’tish joizki, 1 kundan tortib bir necha yil muddatga beriladigan banklararo kredit berish ham rivojlanmokda. Hozirgi paytda MDH davlatlarida 3 oydan 6 oy muddatgacha banklararo kreditdan foydalanish banklar faoliyatida keng tarqalgan. Banklararo kreditning foiz stavkasi, odatda, xo’jaliklarga beriladigan kreditlar foiz stavkasidan past bo’ladi va Markaziy bank tomonidan bu stavkalar nazorat qilinadi. Resurslarni jalb qilish nuqtai nazaridan esa bank uchun banklararo kredit boshqa depozitlarni jalb qilishdan ko’ra qimmatroqqa tushadi. Banklar resurslarini banklararo kreditlar hisobiga shakllantirishdan maqsadi shuki, banklar o’z mijozlarini kreditga bo’lgan ehtiyojini qondirishdir va kredit qo’yilmalarini yanada kengaytirib foyda olishdir. Banklararo kreditni jalb qilish ikki xil yo’l bilan amalga oshiriladi.
Birinchisi, banklar mustaqil ravishda, ya’ni to’g’ridan to’g’ri yo’l bilan amalga oshiriladi.
Ikkinchisi, biror moliyaviy vositachi orqali.
Banklararo kreditning foiz stavkasi shartnoma tuzilayotgan paytdagi kredit bozoridagi narxlar darajasidan kelib chiqqan holda o’rnatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |