Kredit-modul tizimi, bu — taʼlimni tashkil etish jarayoni boʼlib, oʼqitishning modul texnologiyalari jamlamasi va kredit oʼlchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Uni bir butunlikda olib borish serqirra hamda murakkab tizimli jarayondir. Kredit-modul tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini taʼminlash; talabalar bilimini reyting asosida baholash.
Kredit-modul tizimining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar eʼtirof etiladi:
— oʼquv jarayonlarini modul asosida tashkil qilish;
— bitta fan, kurs (kredit)ningqiymatini aniqlash;
— talabalar bilimini reyting bali asosida baholash;
— talabalarga oʼzlarining oʼquv rejalarini individual tarzda tuzishlariga imkon yaratish;
— taʼlim jarayonida mustaqil taʼlim olishning ulushini oshirish;
— taʼlim dasturlarining qulayligi va mehnat bozorida mutaxassisga qoʼyilgan talabdan kelib chiqib oʼzgartirish mumkinligi.
Yuqoridagilar dars mashgʼulotlarini nafaqat oʼqitishni innovatsion taʼlim texnologiyalari asosida olib borish, balki talabadan mustaqil oʼqib-oʼrganish, taʼlimga yangicha munosabatda boʼlish, mehnat bozori talabidan kelib chiqib, zaruriy va chuqur nazariy bilimlarni egallash, amaliy koʼnikmalarini shakllantirishga oʼrgatishdan iboratdir. Muxtasar aytganda, mazkur tizim talabaning kasbiy rivojlanishi va kamolotiga yoʼnaltirilgan. Ilm sohibining butun hayoti davomida bilim olishini taʼminlashga hamda mehnat bozori va zamonaviy talablarga javob bera oladigan inson kapitalini shakllantirishga qaratilgandir.
Keling, shu oʼrinda modul va kredit tushunchalari mohiyatiga qisqacha toʼxtalib oʼtamiz.
Modul — bu, bir nechta fan hamda kurslar oʼrganiladigan oʼquv rejasining bir qismi. U talabalarda maʼlum bir bilim va koʼnikma hosil qilish, tahliliy-mantiqiy mushohada yuritish salohiyatiga ega boʼlishiga qaratilgan bir nechta fanlar (kurslar) majmui hisoblanadi. Bunda oʼqituvchi oʼquv jarayonini tashkil qiladi, jonli, video hamda audio maʼruzalar oʼqiydi, talabaning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Talaba esa mavzuni mustaqil oʼrganadi hamda berilgan topshiriqlarni bajaradi.
Xorijiy tajribaga koʼra, kredit-modul tizimida oʼquv jarayoni har semestrda 2 — 4 tagacha moduldan iborat boʼladi. Modulda jamlangan fanlar osondan murakkablik sari, nazariy-uslubiy fanlardan amaliy fanlarga qarab hamda mantiqiy jihatdan bir-birini oʼzaro uzviy toʼldirish printsipi asosida shakllantiriladi. Talaba mutaxassis boʼlib shakllanishi uchun nafaqat axborotlar, balki ularni qayta ishlash, amaliyotga joriy qila olish malakasiga ega boʼlishi talab etiladi.
Modulga asoslangan oʼquv dasturlari maxsus sxema asosida ishlab chiqiladi va quyidagilarni oʼz ichiga qamrab oladi:
— oʼquv maqsadi hamda vazifalarning toʼliq ochib berilishi;
— talabaning fanni (kursni) boshlashi va tugatishidan keyingi orttirishi lozim boʼladigan malakasiga qoʼyiladigan talablar;
— modul tarkibiga kirgan har bir fanning qisqacha mazmuni (sillabus), yaʼni maʼruzalar mavzulari, seminar va amaliy mashgʼulotlarning rejasi, mustaqil taʼlimni baholash uchun moʼljallangan topshiriqlar;
— oʼqitishning qisqacha bayoni: taʼlim berish usul hamda vositalari; bilimlarni baholashning usul va shakllaridan iborat.
Modul asosida oʼqitish tizimida talabalar bilimi, malakasi hamda koʼnikmasini baholashda reyting baholash tizimidan foydalaniladi. Unda talabaning barcha oʼquv faoliyati, yaʼni auditoriya va auditoriyadan tashqarida olgan, oʼzlashtirgan bilimlari ball berish orqali baholanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |