Korxonalar faoliyatiga ta’sir etuvchi risklarni baholash
Moliyaviy risklarni baholash metodlari
MMT 89 GURUH TALAB ASI OCHILOV BEHRUZ
Har bir insoniy faoliyat xavf-xatarlardan xoli emas, xususan iqtisodiy faoliyat ham. Iqtisodiy faoliyatdan koʻzlangan maqsadlarga yerishishga turli xil risklar bevosita oʻzining salbiy ta’sirini koʻrsatadi. Korxonalarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati koʻp sonli moliyaviy risklardan holi emas.
Korxonalarda moliyaviy risklar belgilangan maqsadlarni amalga oshirishning noaniqligi sharoitida moliyaviy faoliyatdan koʻzlangan maqsad natijalariga yoʻnaltirilgan mulkdorlar yoki moliyaviy menejerlar tomonidan qabul qilingan muqobil moliyaviy qarorlarni tanlashning iqtisodiy zarar (moliyaviy yoʻqotish)lar keltirish ehtimolini oʻzida aks ettiradi.
Bir vaqtning oʻzida risklarning aniq turi tavsifi ularning doimiy harakati haqidagi tasavvurni beradi va risklarning paydo boʻlish darajasini hamda ular boʻyicha mumkin boʻlgan moliyaviy yoʻqotishlar darajasini baholash imkonini beradi. Moliyaviy risklarning turlari boʻyicha xilma-xilligi ularni tasniflash tizimida keng diapazonda aks etadi. Shuni qayd etish kerakki, yangi moliyaviy texnologiyalarning yuzaga kelishi, yangi moliyaviy instrumentlardan va boshqa innovatsion omillardan foydalanish mos ravishda moliyaviy risklarning yangi koʻrinishlari yuzaga kelishiga sabab boʻladi.
Korxonalar moliyaviy-xoʻjalik faoliyati yuzaga kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy risklarning asosiy turlari quyidagilar (1-rasm).
1-rasm.Moliyaviy risklar asosiy turlari
Korxona moliyaviy barqarorligi pasayish riski (moliyaviy rivojlanish muvozanati buzilish riski). Bu risk kapital tarkibi mukammal emasligi (foydalanila
(foydalaniladigan qarz mablagʻlari ulushi haddan tashqari oshib ketishi), pul oqimlari kirimi va chiqib ketishining miqdor jihatdan oʻzaro balanslashmaganligi natijasida yuzaga keladi. Bu riskning tabiati va yuzaga kelish shakllari moliyaviy leverij amal qilish mexanizmida koʻrib chiqiladi. Moliyaviy risklar tarkibida xavflilik darajasi (korxona bankrotligini tezlashtirishi) boʻyicha bu risk turi yetakchi rol oʻynaydi.
Korxona toʻlovga layoqatsizlik riski (yoki balanslashmagan likvidlik prinsipi. Bu risk korxonada pul oqimlari sinxronligi buzilishi natijasida aylanma aktivlar likvidlilik darajasi pasayishi oqibatida yuzaga keladi. Oʻz moliyaviy oqibati boʻyicha bu risk turi eng xavfli risklar qatoriga kiradi.
Investitsion risk. U korxonaning investitsion faoliyatni amalga oshirishi jarayonida moliyaviy yoʻqotishlar paydo boʻlishi mumkinligini izohlaydi. Bu faoliyat turi bilan mos ravishda investitsion risklar real investitsiyalash risklariga va moliyaviy investitsiyalash risklariga ajratiladi. Barcha koʻrib chiqilayotgan moliyaviy risklar turlari investitsion faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlib “murakkab risklar” deb nomlanuvchi oʻz navbatida kichik turlarga ajraluvchi risklar qatoriga kiradi. Misol uchun, real investitsiyalash risklari tarkibiga investitsion loyihalarning oʻz vaqtida tayyor boʻlmasligi riski, loyiha-konstruktorlik ishlarining oʻz vaqtida tugallanmasligi riski, qurilish-montaj ishlarining oʻz vaqtida tugallanmasligi riski, investitsion loyiha boʻyicha moliyalashtirishning oʻz vaqtida ochilmasligi riski, loyiha samaradorligi pasayishi bilan bogʻliq loyiha investitsion jalb qiluvchanligi yoʻqolishi riski va shu kabilar kiritilishi mumkin. Investitsion risklar tarkibiga kiruvchi barcha moliyaviy risklar kichik turlari korxona kapitali boʻyicha mumkin boʻlgan yoʻqotishlar bilan bogʻlangan. Ular ham eng xavfli moliyaviy risklar guruhiga kiritiladi.
Inflyatsion risk. Inflyatsion iqtisodiyot sharoitida bunday risk turi moliyaviy risklarning mustaqil turi sifatida qaraladi. Inflyatsion risk kapitalning real qiymati, shuningdek inflyatsiya sharoitida moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishdan kutilgan daromadlar qadrsizlanishi mumkinligi bilan tavsiflanadi. Shunday ekan, risklarning bu turi hozirgi sharoitda doimiy e’tiborni talab qiladi va korxonaning barcha moliyaviy operatsiyalariga yoʻldosh boʻladi va korporativ moliyani boshqarishda doimiy diqqat e’tibor qaratilishini talab etadi.
Foiz riski. Bu risk turi moliya bozoridagi foiz stavkalarining kutilmagan oʻzgarishlari (depozit va kredit stavkalari boʻyicha) natijasida yuzaga keladi. Mazkur moliyaviy risk turi paydo boʻlish sabablari (agarda inflyatsion risk ta’siri boʻlmasa) sifatida davlatning tartibga solish siyosati ta’siri ostida moliya bozori kon’yukturasi oʻzgarishi, boʻsh pul mablagʻlariga taklifning oʻsishi yoki pasayishi va boshqa omillar koʻrsatib oʻtiladi. Bu risk turining salbiy moliyaviy oqibatlari korxona emission faoliyatida (aksiya va obligatsiyalar emissiyasi boʻyicha), uning dividend siyosatida, qisqa muddatli moliyaviy qoʻyilmalarida va ba’zi boshqa moliyaviy operatsiyalarida koʻzga tashlanadi.
Valyuta riski. Bu risk turi tashqi iqtisodiy faoliyatda oʻziga xos boʻlgan korxonalarda (xom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlar import qiluvchi hamda tayyor mahsulot eksport qiluvchi korxonalarda) kuzatiladi. Valyuta riski korxona tashqi iqtisodiy operatsiyalarida foydalaniladigan xorijiy valyuta ayirboshlash kursining oʻzgarishi bevosita ta’siri natijasida kutilgan daromadlarning va bu operatsiyalardan kutilgan pul oqimlarining toʻliq olinmasligida koʻrinadi. Bunda xom ashyo va materiallar importi boʻyicha mos xorijiy valyuta ayirboshlash kursining milliy valyutaga nisbatan oshishidan korxona yutqazadi. Bu kursning pasayishi tayyor mahsulot eksporti boʻyicha korxona moliyaviy yoʻqotishiga sabab boʻladi.
Depozit riski. Bu risk depozit omonatlarining qaytmasligi (depozit sertifikatlarining qoplanmasligi) mumkinligida aks etadi. Depozit risklari nisbatan kutilmaganda va korxona depozit operatsiyalarini amalga oshirish uchun tijorat bankini notoʻgʻri baholash hamda muvaffaqiyatsiz tanlash bilan bogʻliq hollarda uchraydi. Depozit riskining yuzaga kelish holatlari rivojlangan mamlakatlar amaliyotida kamdan-kam holatlarda uchraydi.
Kredit riski korxona moliyaviy faoliyatida xaridorlarga tijorat krediti yoki iste’mol krediti taqdim etilgan holatlarda uchraydi. Kredit riskining yuzaga kelish kreditga berilgan tayyor mahsulot uchun toʻlov amalga oshirilmasligida yoki oʻz vaqtida hisob-kitoblar qilinmasligida koʻzga tashlanadi.
Soliq riski. Moliyaviy riskning bu turi quyidagilarda aks etadi: xoʻjalik faoliyatining alohida yoʻnalishlarini amalga oshirishga yangi soliqlar va ularga tenglashtirilgan toʻlovlar joriy etish ehtimoli; amaldagi soliqlar va majburiy ajratmalar stavkalarining oshish ehtimoli; alohida soliq toʻlovlari muddatlari va shart- sharoitlari oʻzgarishi; korxona xoʻjalik faoliyati sohasiga taqdim etilgan soliq imtiyozlarining bekor qilinishi, soliq tekshiruvlari va boshqalar. Korxonalar uchun
bunday risklarni oldindan baholash imkoniyati mavjud boʻlmaganligi sababli ular moliyaviy faoliyat natijalariga jiddiy ta’sir koʻrsatadi.