Korrupsiyaga qarshi kurash yo’llari.
Barcha mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi u yoki bu darajada
kurash olib boradi. Bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasi katta
ahamiyatga egadir. Masalan, Fransiyada korrupsiyaga qarshi kurash
dasturini 500 nafar kishidan ortiq shtat birligi yoki muayyan mulk
oborotiga ega har qanday korxona yeki tashkilot joriy etishga majbur.
Bu dastur sakkiz muhim unsur asosida tuzilishi kerak. Bular:
1. Nafaqat korxona, balki uning tashqarisida ham xodimlarning
man etilgan xulq-atvor ko‘rinishlarini namoyon etadigan, korrupsiya
harakatlarining turli shakllari aniq belgilaydigan Xulq-atvor Kodeksi.
2. Xulq-atvor Kodeksi buzilgan hollarda tashkilot/korxona
xodimlarini javobgarlikka tortish imkonini beruvchi xulq-atvor
sanksiyalarining qat’iy tartibi.
3. Tashkilot yoki korxonaning xulq-atvor kodeksiga zid bo‘lgan
xulq-atvor yoki vaziyat mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot yig‘ishga
yordam beruvchi xabarchi-xodim himoyasini kafolatlaydigan xabar
qilishning ichki anonim ya’ni yashirin tizimi.
4. Tashkilot yoki korxona faoliyati sohasiga bog‘liq holda,
korrupsiya oid muhim xatarlarlarini aniqlab, tahlil qilib belgilaydigan
muntazam yangilanib turadigan xatarlar kartografiyasi.
5. Mijoz va ta’minotchilar, shuningdek, vositachilarning
ehtimoliy korrupsiya xavflarini baholash amaliyotlari.
6. Korrupsiya dalillarini yashirish uchun buxgalterlik kitobi,
reyestr va hisob-kitob yozuvlaridan foydalanmaslik kafolatini
ta’minlovchi ichki yoki tashqi buxgalterlik nazorati.
7. Korrupsiya xavfiga uchrash ehtimoli yuqori bo‘lgan hamda
mavqeyidan foydalanish xavfidan xoli bo‘lmagan rahbar va
xodimlarni muntazam ravishda majburiy o‘qitish uchun o‘quv rejasi.
8. Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturining yuqorida sanab
o‘tilgan chora-tadbirlar bo‘yicha ijrosini ichki nazorat va baholash
tizimi.
Taʼkidlash lozimki, korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi” Korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor huquqiy asoslari qator xalqaro huquqiy normalarda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
2003 yil 31 oktyabrda qabul qilingan BMT ning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi;
2000 yil 15 noyabrda qabul qilingan BMT ning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konvensiyasi;
1999 yil 27 yanvardagi Yevropa Kengashining “Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida” gi Konvensiyasi;
1999 yil 4 noyabrdagi “Korrupsiyaga uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik to‘g‘risida” gi Konvensiyalari va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasida ham korrupsiyaga qarshi kurash
borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Iqtisodiy
jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi faoliyat
yuritayapti. 2001 yilda Bosh prokuratura huzurida Soliqqa oid
jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti tashkil etildi, 2002 yilda
departament Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurash
Departamenti etib qayta tashkil etildi. 2017 yil 3 yanvarda
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash
to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy
prinsiplari quyidagilardan iborat:
– qonuniylik;
– fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining
ustuvorligi;
– ochiqlik va shaffoflik;
– tizimlilik;
– davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi;
– korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi;
– javobgarlikning muqarrarligi.
Mamlakatimizda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, huquqni qo‘llash amaliyotida mansabdor shaxslarning korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etayotganlik holatlari hali hamon uchramoqda. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2017–2019 yillar davomida 6127 nafar mansabdor shaxsning pora olishi bilan bog‘liq jinoiy javobgarlik masalasi hal qilinganligi, 2019 yilning dastlabki olti oyida jami 661 nafar turli toifadagi mansabdor shaxslarga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq 590 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganligi, korrupsiyaga qo‘l urgan va jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 25 nafari respublika, 36 nafari viloyat va 476 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelganligi, korrupsiya jinoyatlarining asosan tibbiyot, taʼlim, davlat xizmati ko‘rsatish, xususan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga litsenziya va ruhsat berish bilan bog‘liq sohalarda hali hamon kamaymayotganligi tashvishlidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish endilikda quyidagilar belgilangan:
– boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat
organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi
kerak” degan asosiy tamoyilni amalda to‘liq ta’minlash;
– raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, “Raqamli O‘zbekiston –
2030” dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish:
– aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
– davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida
korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
– biznes muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlarning
huquqlarini samarali himoya qilish mexanizmini rivojlantirish;
– parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga
qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etish va
uning faoliyatini kuchaytirish;
– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun
javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash.
Xulosa.
Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib kеladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qilib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chеk qo‘yish, ularning oqibatlarini, unga imkon bеruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash kabi vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari bugunning muhim vazifalaridan biridir. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak bo‘lgan va huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk bo‘lgan insonlar salbiy illat bo‘lmish korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydilar.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.
Do'stlaringiz bilan baham: |