Imom-xatiblarga tavsiyalar
Haqiqatan ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning hadislarida fitnalardan ogoh bo‘lishda bizga yordam beruvchi ko‘p hikmatlar bor. Payg‘ambar (alayhissalom)ning sahobalariga aytgan so‘zlari barcha ummatlarga ham tegishlidir. U zot juda ko‘p bor: “Ogoh bo‘ling! Albatta kelajakda ko‘p fitnalar bo‘ladi”, deb fitnalardan saqlanish yo‘llarini tushuntirganlar va uning muolajasini aniq ko‘rsatib berganlar.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur hadislarning mazmun-mohiyatini anglab, “uchinchi tomon”ning nayranglaridan xalqimizni ogoh etishda imom-xatiblarga quyidagi vazifalar tavsiya etiladi:
Birinchidan, butun dunyoda, ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlarida muborak dinimiz nomini niqob qilib sodir etilayotgan buzg‘unchiliklardan kimlar manfaatdor ekani, ularning ortida qanday kuchlar turganini teran mushohada etib, butun aholi, xususan, yoshlarni tinchlikning qadriga yetish, bu ne'matni asrash uchun doimo ogoh va ziyrak bo‘lishga chaqirishni imom-xatiblar aslo to‘xtatmasliklari kerak.
Shu o‘rinda yaqindagina Toshkent shahrida o‘tkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammitida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilgani va bu borada keng ko‘lamli amaliy ishlar qilinayotganini ta'kidlash lozimdir.
Ikkinchidan, yer yuzining turli mintaqalarida sodir etilayotgan fojiali voqealarning qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini chuqur his qilgan holda, imom-xatiblar notinch o‘lkalarda yashash va bir burda non topish nechog‘li qiyin kechayotganini hayotiy misollar bilan tushuntirishlari lozim.
Uchinchidan, aqidaparast oqimlar g‘oyasi xalqimiz asrlar davomida e'tiqod qilib kelayotgan moturidiya aqidasi va hanafiy mazhabiga mutlaqo yot ekanini aniq misol va ishonchli dalillar asosida yoritish imom-xatiblar zimmasidadir. Ayrim tashvishli holatlar, ba'zi yoshlarning chet el mehnat safaridan kelgach, o‘z e'tiqodini yanglish deb hisoblab, adashgan guruhlarning aldovlariga uchib, “bu ibodatni bunday qilish kerak, u amalni unday qilish kerak”, deb “o‘rgatish”gacha borishi imom-xatiblarni xavotirga solishi kerak.
To‘rtinchidan, ayrim qo‘shni mamlakatlarda kechayotgan vaziyatni tahlil qilgan kishi radikal kuchlarning faollashganini xulosa qiladi. Ushbu davlatlarning chekka hududlarida IShID ta'siridagi guruhlar izg‘ib yurgani kuzatilgan. Yoshlarni avrab, jihodga chaqiruvchi jamoalarning yangi urush o‘choqlarini yuzaga keltirayotgani vaziyatning yanada keskin tus olishiga sabab bo‘lmoqda.
Bunday paytda yurtimizdagi osoyishta muhit o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaganini tushuntirish va muhtaram Yurtboshimizning: “Boshimizdan kechirgan mana shunday murakkab tarix saboqlarini odamlarga, avvalo yoshlarimizga yetkazish, ularning ko‘zini haqiqatga ochib berish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimizdir” degan so‘zlariga qat'iy amal qilgan holda imom-xatiblar g‘oyaviy tahdidlarga qarshi kurashchanlikni muttasil olib borishlari darkor.
Beshinchidan, dunyoning ayrim mintaqalarida fitnalar avj olib, qirg‘inbarot urushlar bo‘layotgan bir pallada Nabiy (alayhissalom)ning muborak hadislariga og‘ishmay amal qilgan holda osuda yurtda Yaratganga chin ixlos ila toatibodat qilib, duoyu iltijolar bilan yashashga hech narsa teng kelmasligini imom-xatiblar xalqimiz onggi va shuuriga chuqur singdirishlari kerak.
Aydarbek TULePOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Do'stlaringiz bilan baham: |