Fitna haqida hadislarda kelgan xabarlar
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitnalar avj olgan paytda musulmonlar bir-birining qonini to‘kishi, hatto, inson qo‘shnisini, yaqinining o‘g‘lini, qarindoshini o‘ldirishi haqida aytganlar. Shunda odamlar: “Yo Rasululloh, o‘sha vaqtda aqlimiz o‘zimizda bo‘ladimi?” deyishadi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Yo‘q. U zamon kishilari ko‘pchiligining aqllari sug‘urib olinib, johil kimsalar xalifalik qiladi”, dedilar (Ibn Moja).
Bunday fitnalar girdobida qotil nima uchun bir insonni o‘ldirayotganini anglamaydi, haq va botil, savob va gunoh orasini ajrata olmay qoladi. Hozir Iroq va Suriya hududlarida o‘layotgan ham, o‘ldirayotgan ham insonlar. Bunday qabihlikni hadisda aytilganidek, faqat va faqat johil kimsalargina qiladi.
Jangarilar hech tap tortmay, oqibatini o‘ylamay, Alloh huzurida qanday javob berishini xayoliga ham keltirmay, o‘z birodari, ayollar va norasida go‘daklarning joniga qasd qilmoqda.
Payg‘ambar (alayhissalom) urush-janjal avj oladigan davrlar xabarini berganlar. Jumladan, Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, Muhammad (alayhissalom): “Zamon tezlashadi, amal kamayadi, xasislik avj oladi, fitnalar zohir bo‘ladi va “harj” ko‘payadi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Yo Rasululloh, “harj” nima?” deyishdi. U zot: “Urush, urush”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim).
“Qomus” nomli izohli lug‘at kitobida “harj” so‘zi: “harajan nasu” – odamlar fitna, parokandalik va urushga aralashdilar, degan ma'noni bildiradi, deb sharh berilgan.
Muoviya ibn Qurraning otasidan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qachon Shom ahli buzilsa, sizlarga yaxshilik yo‘q!” deganlar (Imom Termiziy). Ya'ni, terrorchilar “Bizning tomonga keling!”, deb har qancha jar solayotgan, saflariga qo‘shilmayotganlarni kofirga chiqarayotgan bo‘lmasin, ularga qo‘shilishda aslo xayr yo‘q!
Aksincha, savob amallarda sobitqadam bo‘lib, ibodat, ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan afzal. Zero, Ma'qil ibn Yasor (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam): “Harj (kuni)dagi ibodat men tomon qilingan hijrat (ziyorat) kabidir”, deganlar.
Imom Navaviy ushbu hadisning sharhida bunday deydi: “Harjdan murod fitna va parokandalikdir. Bunday kunda kam sonli odamlar ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib, boshqalar fitnaga aralashib qoladi. Shuning uchun mustahkam imon-e'tiqod orqali fitna-fasoddan saqlanish fazilatdir”.
Imom Tahoviy: Odamlar Rabbisiga ibodat qilishdan, yaxshi ishlardan chalg‘imay, savob amallarni, ibodatlarni ko‘paytirib boraversa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ziyorat qilgandek ulkan savobga erishishlarini aytadi.
Demak, tinchlik-osoyishtalik hukm surib turgan diyorda halol kasb qilib, toat-ibodat bilan band bo‘lish din dushmanlarining botil shiorlariga aldanib qolmaslik omili ekanini Rasul (alayhissalom) alohida ta'kidlab vasiyat qilmoqdalar. Fitna va nizolardan nari bo‘lishni istagan inson o‘zini isloh qilishi, ibodatda bardavom bo‘lishi va ilm bilan shug‘ullanishi lozim.
Ma'lumki, fisqu fasod ishlarni qilish oxir-oqibat fitnaga qo‘shilish bilan yakun topadi. Shu bois makr-hiylalar domiga tushib qolishdan saqlanish va ogoh bo‘lish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |