Ko’prik konstruksiyalarida ishlatiladigan materiallar va ularning xossalari
Beton va uning xossalari. Betonning sinflanishi. Bog’lovchi, to’ldiruvchi va suv aralashmasining qotishidan hosil bo’lgan sun’iy tosh beton deb ataladi. Beton quyidagi turlarga bo’linadi: og’ir, yengil, maydadonali, zo’riquvchi, yacheykali va b.
Og’ir beton – bu zich strukturali beton bo’lib, sementli bog’lovchi, katta va mayda zich to’ldiruvchilardan tashkil topgan. U qurilishda eng ko’p tarqalgan beton bo’lib, asosan yuk ko’taruvchi konstruksiyalarda ishlatiladi.
Yengil beton (sementli bog’lovchi va g’ovak to’ldiruvchilardan tashkil topgan) bino va inshootlarning yuk ko’taruvchi va ko’tarmaydigan konstruksiyalarida ishlatiladi.
Yacheykali beton yuk ko’tarmaydigan konstruksiyalarda, katta g’ovakli – faqat betonli konstruksiyalarda (masalan, drenajlar va gidrotexnik inshootlar filtrlari), maydadonali beton esa yig’ma konstruksiyalarni choklarini to’ldirish uchun va armotsementli konstruksiyalarda ishlatiladi.
Betonning siqilish mustahkamligi sinflapi B harfi bilan belgilanib, miqdor jihatidan (1.1) formula orqali aniqlangan kubik mustahkamligiga teng bo’ladi. Betonning mustahkamlik bo’yicha sinflari yoki me’yoriy qarshiliklari nazorat qilinadigan tavsif hisoblanadi. Bu tavsif beton buyumning ishchi chizmasida qayd etiladi, buyumni tayyorlashda unga qat’iy amal qilish zaruriy talab hisoblanadi.
Beton prizmalarining siqilish Rbn va cho’zilish Rbtn bo’yicha me’yoriy qarshiliklari (tajriba yo’li bilan aniqlanmasa) kubik mustahkamligi orqali aniqlanadi. Betonning mustahkamligiga baho beradigan asosiy ko’rsatkich uning kubik mustahkamligidir.
Betonning siqilish mustahkamligi bo’yicha sinfi (B) beton kublarni sinash yo’li bilan aniqlanadi. Kubning qirralari 15 sm dan bo’lib, 28 sutka mobaynida 20±2oС haroratda, havo namligi 95 % dan kam bo’lmagan sharoitda saqlangandan keyin sinaladi.
Ko’prik konstruksiyalari uchun betonning siqilishga bo’lgan mustahkamligi bo’yicha quyidagi sinflari ko’zda tutilgan: B20; B25; B30; B35; B40; B45; B50; B55; B60.
Zo’riqtirilgan beton uchun B20 – B60 bo’lgan beton sinflari qabul qilinadi. Oldindan zo’riqtirilgan konstruksiyalardagi armatura kanallarini 28-kunga kelib mustahkamligi kamida 29,4 MPa bo’lgan qorishma bilan to’ldiriladi. Hisob ishlarida betonning prizma mustahkamligi ishlatiladi. Bu mustahkamlik kubik mustahkamligining 72 – 77 % ini tashkil etadi: Rb = 0,75R.
Do'stlaringiz bilan baham: |