Moddiy-iqtisodiy asoslar. Eski, sobiq ittifoq davridagi iqtisodiyot yangi mazmundagi falsafani shakllantirish uchun
asos bo’la olmas edi. Istiqlol yillarida bu sohada nihoyatda katta o’zgarish ro’y berdi, mulkchilikning xilma-xil shakllari
vujudga keldi. Iqtisodiy plyuralizm va bozor munosabatlari bunda bosh yo’nalish qilib olingan bo’lsa-da, aholini
ijtimoiy himoyalash ustuvor jihat sifatida belgilandi. Ana shularning barchasi mamlakatimizda ma’naviy, jumladan
falsafiy yangilanish borasida ham tub o’zgarishlarning iqtisod bilan bog’liq asoslarini yaratish imkonini berdi.
Ijtimoiy-siyosiy asoslar. Falsafaning siyosiy asoslari mustahkam bo’lishi zarurligi tarixiy taraqqiyot jarayonida ko’p
bor isbotlangan ijtimoiy haqiqatdir. Har qanday jamiyat va mamlakatda davlat xalqning turli qatlamlari, partiyalar,
milliy-etnik birliklarning ijtimoiy ongini o’zgartira olmasa, o’zining pirovard maqsadlarini amalga oshirishi qiyin.
Bugungi kunda jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosiga aylangan O’zbekistonda yangi mazmun va shakldagi
siyosiy tizim va tuzulmalar vujudga keldi. Ana shularning barchasi yangi mazmundagi falsafani shakllantirishning
ijtimoiy-siyosiy asoslarini yaratish imkoniyatini ochdi.
Ma’naviy asoslar falsafaning yangilanishida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bunday falsafaning
shakllanishi mamlakatda amalga oshayotgan ma’naviy sohadagi o’zgarishlarning tarkibiy qismidir. Bu borada
O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalq ma’naviyatining tozalanishi, asrlar davomida yaratilgan
qadriyatlarni tiklash, asrab-avaylash, kelajakka etkazish bilan bog’liq faoliyatlar katta ahamiyatga ega. Bunda ayniqsa,
tarix falsafasi, xalqimizning xotirasi, o’tmishdagi avlodlar yaratgan boy madaniy merosdan to’la-to’kis foydalanish
imkoniyati yaratilganini alohida ta’kidlash lozim.
Falsafiy tafakkur yangilanishining mamlakatimiz hayotida ro’y berayotgan tub o’zgarishlar bilan chambarchas bog’liqligi
quyidagi masalalarni falsafiy tahlil etishni zaruratga aylantiradi:
- bugungi kunda ro’y berayotgan dunyoqarashni yangilash jarayonining tarixiy ildizlarini o’rganish va falsafiy tahlil
etish;
- sobiq ittifoqdagi ijtimoiy tanazzul va uning xalqimiz tafakkuridagi oqibatlarini tugatish;
- istiqlolning falsafiy tafakkurni o’zgartirish uchun yangi davrni boshlab bergani;
- mamlakat mustaqilligini mustahkamlash jarayonida dunyoqarashning o’zgarishida qanday asosiy tamoyil va
yo’nalishlar ko’zga tashlangani;
- bugungi kunda falsafiy dunyoqarashning yangilanishiga ta’sir ko’rsatayotgan zamonaviy omillar va ularning o’ziga xos
xususiyatlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |