O‘zbekistondagi xristian diniy konfessiyalar faoliyati
Noislomiy diniy tashkilotlar degan terminni asosan aholisining ko‘pchiligini musulmonlar tashkil etadigan mamlakatlar qo‘llaydilar. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi aholisining 90 foizdan ortig‘i musulmonlar ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, diniy ozchilikning ham haq-huquqlarini himoya qilgan holda, noislomiy diniy konfessiyalar degan terminni ilmiy istilohda qo‘llash mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi.
Yurtimizda faoliyat olib borayotgan Arman apostol cherkovi eng qadimiy xristian cherkovlaridan biri hisoblanadi. Uning “Echmiadzin” jurnali hamda maxsus diniy o‘quv yurti mavjud.
O‘zbekistondagi koreys protestant cherkovlarining deyarli barchasini presviterianlik e'tiqodidagi diniy tashkilotlar tashkil etadi. Ibodat marosimlari xristianlikning protestantlik yo‘nalishida bajariladigan amallar bilan qiyoslaganda aynan bir-biriga mos tushadi. Hozir O‘zbekistonda protestantlik yo‘nalishidan ajralib chiqqan pyatidesyatniklik, baptistlik oqimidagi cherkovlar ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Adventistlarning janubi-sharqiy yo‘nalishi ko‘rinishida 1925-yili O‘zbekistonda adventistlarning Markaziy Osiyoga xos boshqaruvi tashkil etildi. Uning birinchi qurultoyi 1926-yilda o‘tkazilgan. Unda Butunittifoq adventistlar uyushmasining beshinchi tarmog‘i sifatida qayd etildi. 1930-yillar oxiriga kelib, xristian ruhoniylari va ular qatorida adventist jamoalari tarqatib yuborildi hamda ta'qib ostiga olindi. Barcha yo‘nalishdagi xristian jamoalari yashirin faoliyatga o‘tib ketdi. 1976-yil 26-avgust kuni Toshkentda ilk bor adventistlar jamoasi davlat ro‘yxatidan o‘tdi. Shuningdek, adventistlarning Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo va boshqa viloyatlarda norasmiy jamoalari tuzila boshladi. Adventistlar respublikaning besh hududiy tuzilmasida 10 ta cherkoviga ega.
1946-yildan O‘zbekiston hududida Yevangelchi xristian-baptistlar (YEXB) jamoasi diniy xarakat sifatida qayd etildi, 1948-yil oktyabr oyidan esa, T.Penkov Butun sobiq ittifoq YEXB kengashining O‘zbekistondagi vakili etib tayinlandi. 1930-yillarga kelib baptistlarning olti jamoasi rasman qayd etilgan. 1958-yilga kelib O‘zbekistonda baptistlar soni ikki ming kishini tashkil etgan. Shu davr ichida norasmiy 32 ta jamoa faoliyat ko‘rsatgan.
1964-yilda bu jamoalar norasmiy O‘rta Osiyo Yevangelchi xristian-baptistlar cherkovlari kengashi markazini tuzdilar, keyinchalik “Osiyo baptist birodarlar kengashi” deb nomlandi. 1992-yil noyabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan baptistlarning 1-qurultoyida Yevangelchi xristian-baptistlar ittifoqi federatsiyasi Yevro-Osiyo YEXB ittifoqi nomiga o‘zgartirildi. YEXBIF respublikaning 8 ta hududiy tuzilmasida o‘zining cherkovlariga hamda markaziy boshqaruv organiga ega bo‘ldi.
O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan To‘liq Injil xristianlarining (pyatidesyatnikliklar deb ham ataladi) XX-asrning oxirlarida Toshkent shahrida birinchi jamoalari tuzilgan. 30-yillarga kelib ularning soni 950 kishiga yetgan. Ular tashkilot sifatida qayd etilmagan bo‘lsalar-da, Toshkent jamoasi markaziy o‘rin tutadi. 1945-yilga kelib baptistlar va pyatidesyatniklar birlashishga qaror qildilar. Lekin bu ish to‘liq amalga oshmay qoldi. Mazkur tashkilot 1992-yildan e'tiboran rasmiy faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Respublikamizda mavjud bo‘lgan lyuteranchilik protestantizmdagi eng yirik yo‘nalishlardan biri hisoblanib, tarafdorlari butun dunyoda taxminan 75 million kishini tashkil etadi. Lyuteranlar diniy ta'limoti XVI asrda Yevropa Reformatsiyasida Martin Lyuter va uning tarafdorlari, birinchi navbatda, Melanxtonning islohotlari ta'sirida paydo bo‘ldi.
1989-yildan e'tiboran Rossiya, Ukraina, Qozog‘icton va O‘rta Osiyodagi Yevangelchi-lyuteran cherkovlari birlashtirildi. Hozirgi vaqtga kelib, uning rahbari Georg-Fridrix-Karl Krechmar hisoblanadi. Lyuteranlarning oliy huquqiy organi Bosh sinoddir. Mazkur cherkov MDH mamlakatlarida 5 yeparxiyaga bo‘lingan bo‘lib, uning markazlari Moskva, Omsk, Odessa, Almati hamda Toshkentda joylashgan.
Yevangelchi-lyuteranlar O‘zbekiston hududida 1877-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 1884-yildan lyuteranlar ibodatlarini rasman amalga oshirganlar. 1890-yilda arxitektor A.L.Benua rahbarligida boshlangan cherkov qurilishi 1896-yilning dekabr oyiga kelib oxiriga yetkazilgan.
O‘zbekistonda yana bir cherkov Novoapostollik cherkovi bo‘lib, u ham xristian dinining protestantlik yo‘nalishiga mansub oqimdir. Novoapostol cherkovi O‘zbekistondagi faoliyatini 1992-yildan boshlagan bo‘lib, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Navoiy shaharlarida ro‘yxatdan o‘tgan. O‘zbekistondagi Novoapostol cherkovlari Berlin-Brandenburg okrugi tasarrufidadir. Uning apostol-prezidenti Frits Shroyderdir.
O‘zbekistonda protestantlik yo‘nalishidagi “Iyegova shohidlari” diniy tashkiloti ham faoliyat yuritmoqda. Mazkur diniy sektaga 1870-yilda amerikalik ishbilarmon Ch.T.Rassel tomonidan asos solingan. Sektaning markazi Bruklin shahri, Akioda joylashgan va 15 a'zodan iborat bo‘lgan “Rahbar korporatsiya”gagina bo‘ysunadilar.
Ayrim manbalar O‘rta Osiyoda Iyegova shohidlarining XX asrning 40-yillapida paydo bo‘lganligini bildiradi. O‘sha davrda ular o‘zlarini “kanalistlar” deb atab kelganlar. Iyegova shohidlari sifatida O‘zbekistonda 1994-yildan Toshkent hamda Farg‘ona viloyatlarida rasmiy ro‘yxatdan o’tgan edi. 1998-yil yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganidan so‘ng qayta ro‘yxatdan o‘tish uchun respublikaning 3 ta hududiy tuzilmasidagi tashkilotlari hujjatlarini joylardagi adliya bo‘limlariga topshirgan. Hozirda bitta jamoasi Chirchiq shahrida faoliyat yuritmoqda.
Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi
Toshkent islom universitetida 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti va YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Germaniya, Isroil, Italiya, Polsha, Rossiya, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan din ishlari bo‘yicha mutaxassislar, ekspertlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Toshkent islom universiteti rektori R.Abdullayev, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari D.Badarch va boshqalar O‘zbekiston zaminida turli xalqlar mehr-oqibat, qardoshlik tamoyillari asosida tinch-totuv yashab kelayotgani, bugungi kunda bag‘rikenglikning buyuk tarixiy an’analariga monand 130 dan ortiq millat hamda elat vakillarining vijdon va e’tiqod erkinligi kafolatlanganini ta’kidladi.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo va butun dunyoda hamjihatlikka erishish, dinlararo totuvlik, tinchlikni saqlash yo‘lida muhim dasturilamal bo‘layotganini, bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z aksini topganini e’tirof etdi.
O‘zbekistonda 16 diniy konfessiyaga mansub 2 ming 250 ga yaqin tashkilot faoliyat yuritmoqda. Diniy ta’limga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, jumladan, Toshkent islom universiteti, madrasalar, islom o‘rta maxsus ta’lim dargohlari, xristian seminariyalarida diniy sohada yetuk mutaxassislar tayyorlanadi.
Bugun yurtimizda 140 ga yaqin milliy-madaniy markaz mavjud. Ularda turli millat va elat vakillari o‘z ona tili, milliy qadriyatlari, tarixi, madaniyatini o‘rganish, ularni yoshlarga yetkazish, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Konferensiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Rossiya Prezidenti huzuridagi Diniy birlashmalar bilan aloqalar bo‘yicha kengash a’zosi O.Goncharov, Vatikan davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ch.Milore, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy, Novoapostol cherkovining Berlin-Brandenburg okrugi apostoli V.Nadolni va boshqalar mavzu yuzasidan ma’ruzalar o‘qidi.
Tadbir doirasida diniy tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini o‘zida aks ettirgan bosma nashrlar, suratlar, turli millatlar amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |