8-MA’RUZA. VERTIKAL SYOMKA. NIVELIRLASH. NIVELIRLASHNING KAMERAL ISHLARI.
Reja:
Nivelirlash va ularning turlari.
Geometrik nivelirlash.
Nivelirlar va ularning turlari.
Nivelir reykalari va sanoq olish.
Geometrik nivelirlashning kameral ishlari.
Tayanch iboralar: vertikal s’yomka, absolyut balandlik, nisbiy balandlik, nivelirlash, astronomik nivelirlash, geodezik nivelirlash, geometrik, trigonometrik, fizikaviy, mexanikaviy, aeronivelirlash, nivelir, oldinga va o‘rtadan nivelirlash, asbob balandligi, stansiya, oddiy va murakkab nivelirlash, nivelirlash yo‘li, bog‘lovchi nuqta, oraliq nuqta, oraliq sanoq, asbob gorizonti, nivelir turlari, silindrik adialak, o‘zicha o‘rnashuvchi, qiya ko‘rish nuri, klasslar, nivelir reykalari, sanoq olish, kostil, bashmak, adialakli nivelirlar, vertikal s’yomka, absolyut balandlik, nisbiy balandlik, nivelirlash, oldinga va o‘rtadan nivelirlash, asbob balandligi, stansiya, nivelirlash yo‘li, bog‘lovchi nuqta, oraliq nuqta, oraliq sanoq, asbob gorizonti, nivelirlashning kameral ishlari, piket, reper, profil, trassa, nivelirlash jurnali, nisbiy balandlik usuli, asbob gorizonti usuli, bo‘ylama profil, profil to‘ri, masofalar grafasi, qora otmetkalar, qizil otmetkalar, loyihaviy nishab, trassa plani, grunt, masshtab.
Nivelirlash va uning turlari. Injenerlik ishlariga doir masalalarni yechishda nuqtalarning bir-biriga nisbatan faqat gorizontal tekislikdagi o‘rinlarini belgilashning o‘zi kifoya qilmaydi, ularning vertikal tekislikdagi vaziyatini, ya’ni joyning baland-pastligini aniqlash va qog‘ozda tasvirlash ham talab qilinadi. Gorizontal s’yomkada AB=D chiziqning gorizontal qo‘yilishi d aniqlanadi, vertikal s’yomkada esa D chiziqning vertikal tekislikka bo‘lgan proeksiyasi h aniqlanadi. Nuqtalarning vertikal tekislikda egallagan o‘rinlarini aniqlashga doir o‘lchash ishlarining yig‘indisi vertikal s’yomka deyiladi. Yer yuzasidagi nuqtalarning balandligi asosan dengiz yuziga nisbatan aniqlanadi. Bu balandlik absolyut balandlik deb, agar u son bilan ifodalansa, absolyut otmetka deb ataladi va N bilan belgilanadi. Masalan, 15.1-shakldagi A va V nuqtalarning absolyut balandligi NA va NV, bularning ayirmasi NV—NA=h nisbiy balandlik deyiladi. Agar NA va h ma’lum bo‘lsa, V ning otmetkasi NV quyidagicha bo‘ladi:
NV=NA+h (15.1)
15.1-shakl.
ya’ni ikkinchi nuqta otmetkasi birinchi nuqta otmetkasiga shu nuqtalar orasidagi nisbiy balandlikning qo‘shilganiga teng.
Nuqtaning otmetkasini topish uchun avval nisbiy balandlik aniqlanishi kerak. Nisbiy balandlikni aniqlash nivelirlash deyiladi.
Nivelirlash ishlatiladigan asbob va nivelirlash usuliga qarab astronomik va geodezik bo‘ladi. Agar nisbiy balandlik gravimetrik (Erning og‘irlik kuchini aniqlash) karta yordamida shovun chizig‘ining og‘ishini aniqlash yo‘li bilan topilsa, bu usul astronomik nivelirlash deyiladi. Agar nisbiy balandlik matematik, fizikaviy ifodalar yordamida aniqlansa, geodezik nivelirlash deyiladi. Geodezik nivelirlashda quyidagi usullar geometrik, trigonometrik, fizikaviy, mexanikaviy, aeronivelirlash usullari qo‘llaniladi. Trigonometrik nivelirlash ikkiga: taxeometrik va geodezik nivelirlashga bo‘linadi; fizik nivelirlash ham barometrik, gipsotermometrik, gidrostatik nivelirlashga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |