Mikroprotsessor vazifalari. Boshqarish qurilmasi (UU) kerakli vaqt momentlarida kompyuterning barcha bloklariga ma’lum boshqarish signallarini (boshqarish impulslarini) bajarilayotgan operatsiyalarning xususiyatlaridan va oldingi bajarilgan operatsiyaning natijasidan kelib chiqqan holda beradi; bajarilayotgan operatsiya ishlatadigan xotira yacheykasining manzilini hosil qiladi va bu manzilni kompyuterning tegishli blokiga uzatadi; boshqarish qurilmasi tayanch impulslar ketma-ketligini takt impulslar generatoridan oladi. Mikroprotsessorning tarkibiga bir necha komponentlar kiradi: Arifmetik-mantiqiy qurilma (AMQ) barcha arifmetik va mantiqiy operatsiyalarni sonli va belgili axborotlar ustida bajarish uchun mo‘ljallangan (kompyuterlarda operatsiyalarning bajarilishini tezlatish uchun AMQ ga qo‘shimcha matematik soprotsessor ulanadi). Mikroprotsessor xotirasi (MPX) bevosita yaqin taktlarda axborotni qisqa vaqt saqlash, yozish va uzatish uchun ishlatilishga mo‘ljallangan; kompyuterni yuqori tezlik bilan taʻminlash uchun MPX registrlarda qurilgan, tezkor mikroprotsessorning samarali ishlashi uchun asosiy xotira esa har doim ham zarur bo‘lgan axborotni yozish, qidirish va o‘qish tezligini ta’minlab bera olmaydi. Registrlar – xotiraning turli uzunlikdagi tezkor yacheykalaridir Mikroprotsessorning interfeys tizimi SHK ning boshqa qurilmalari bilan ulash va aloqasini tashkil etish uchun mo‘ljallangan; o‘z tarkibiga MP ning ichki interfeysini, buferli xotira registrlarini va kiritish-chiqarish portlarini boshqarish sxemalarini hamda tizimli shinani oladi. Interfeys (interface) – kompyuter qurilmalarini samarali muloqotini ta’minlab beruvchi ulanish va aloqa vositalar majmuasi. Kiritish-chiqarish portlari (I/O ports) – SHK interfeys tizimining elementlari, ular orqali MP boshqa qurilmalar bilan axborot almashadi. Takt impulslar generatori elektor impuls ketma-ketliklarini hosil qiladi, uning chastotasi tizimli shinaning takt chastotasini aniqlab beradi. Mikroprotsessorning takt chastotasi ancha yuqori: u shinaning takt chastotasini N marta oshirilganiga teng (N chastota ko‘paytiruvchisidir). Ikkita impuls oralig‘idagi vaqt bitta takt vaqtini aniqlab beradi, yoki oddiy qilib mashinani ishlash takti deb aytiladi. Takt impulslar generatorining chastotasi shaxsiy kompyuterning asosiy ko‘rsatgichlaridan biri bo‘lib, ko‘pinchauning ishlash tezligini aniqlab beradi, chunki hisoblash mashinasida har bir operatsiya maʻlum taktlar sonida bajariladi.