“Ilm – ul fiqh” huquqshunoslik to’g’risidagi fan bo’lib Islom huquqini turli sohalarini
o’rganadi. Fiqh fani o’ziga xos fan bo’lib, u birinchi navbatda din masalalarini o’z
ichiga oladi. Lug’atda «al-fiqh» so’zi «aql ila anglamoq, tushunmoq» ma’nolarini
beradi. Istilohda esa u «islom huquqi»ni anglatadi. Fiqh fani – G’arbda Islamic Law,
Muslim Law (ingliz tilida), le Droit musulman (frantsuz tilida), islamische Gesetz
(nemis tilida) kabi nomlar bilan yuritiladi. Dunyoviy huquq normalaridan farqli
o’laroq fiqh o’z ichiga ko’proq ibodat masalalarini ham qamrab oladi. Buni Tavrot
kitobining ibodat masalalarini jamlab olgan Talmudga qiyoslash mumkin.
Shuningdek, fiqh fuqaroviy jamiyatdagi kishilar o’rtasidagi ba’zi mulkiy, fuqarolik va
boshqa masalalarni ham bahs etadi. Bu esa, o’z navbatida, fiqhni yurisprudentsiyaga
yaqinlashtiradi. Aynan shu jihat davlat huquqi tarixini o’rganuvchilar bilan diniy
huquqni tadqiq etuvchi islomshunoslar orasida turli talqinlarni keltirib chiqarmoqda.
Fiqh ilmining musulmonlar uchun amaliy diniy qoidalarni ishlab chiquvchi «furu’ al-
fiqh» («fiqh tarmoqlari») va sakral manbalardan amaliy qoidalarni chiqarish (istinbot)
uslublarini tadqiq etuvchi «usul al-fiqh» («fiqh asoslari») degan asosiy sohalari
mavjud.
Fiqh ilmi ummaning olim kishilari orasida shakllana boshladi. Avval u Ilohiy Kitobni
aqliy tushunish va izoh berishni anglatgan. Bu ma’noda ilk davrda fiqh (aqliy
tushunish) ‘ilm (naqliy tushunish) ning aksini bildirgan. Asta-sekin islomning amaliy
masalalarini bahs etuvchi fan shakllanib, unga ‘ilm al-fiqh nomi berildi. Payg’ambar
vafotidan keyingi davrda Arab davlati hududlari tez sur’atlar bilan kengaya bordi.
Uning tarkibiga Andalus (Ispaniya), Shimoliy Afrika, Misr, Suriya, Iroq, Eron,
Xuroson, Movarounnahr, Hindiston va boshqa o’lkalar kiritildi. Fiqhning mintaqaviy
maktablarida islom amaliyoti masalalari tezlik bilan ishlab chiqa boshlandi. Ularning
an’analari o’zlari faoliyat olib borayotgan muhit va mahalliy madaniyat ta’siri ostida
bir-biridan farq qilar edi. Bir-biridan uzoq bo’lgan yerlarda mustaqil fiqh markazlari
paydo bo’ldi. Ular orasida katta arab qo’shinlari turgan Iroq (Kufa, Basra), Misr,
Shom, Hijozning (Madina, Makka) ahamiyati yuqori bo’ldi. Mazkur mahalliy
35
markazlarning urf-odatlari, ehtiyoj va shart-sharoitlari turlicha edi. Yangi ko’tarilgan
masalalarga kirishilganda (ijtihod), har bir faqih turli yechim (fatvo) qabul qilardi.
Bularning barisi ma’lum o’lkalarda turli mazhablarning paydo bo’lishiga zamin
yaratdi.
Ilk rivojlanish davrida fiqhga doir bo’lgan masalalar miqyosi, ularni muayyan boblar
va fasllarga bo’lib o’rganish an’analari shakllanib ulgurdi. Shu davrning o’zidayoq
fiqh islom fanlari orasida o’z o’rnini oldi.
Muhaddislar (traditsionalizm) harakatining boshlanishi fiqh ilmining rivojlanishida
yangi davrni ochib berdi. Faqat Payg’ambardan maxsus texnika (muhaddislar
texnikasi) asosida naql qilingan xabargina muqaddas (diniy) ahamiyatga ega ekanligi
haqidagi fikr diniy ilmlar sohasida eski qoidalarni zudlik bilan o’zgartirdi.
Traditsionalizmning VIII asr mobaynida kuchayib borishi kalom va fiqh sohasida
keskin burilish yasadi. Bundan avval qabul qilingan qoidalar yangi talablar asosida
ko’rib chiqishni taqozo etdi. Bu ishlarni amalga oshirishda ash-Shofi’iyning «ar-
Risola» asari muhim rolni o’ynadi. Unda naqliy va aqliy uslublar, muqaddas matnlar
o’zaro munosabatlari o’rtasidagi ziddiyatlarni hal qiluvchi metodologiya asoslanib
berildi. Bu bilan usul al-fiqh fani dunyoga keldi. «Ar-Risola» fiqh olimlari orasida shu
davrgacha olib borilgan «Ahl al-hadis» va «Ahl ar-ra’y» guruhlarining ziddiyat va
ixtiloflariga barham berdi. Mintaqaviy maktablardan personalashgan mazhablarga
o’tish boshlandi. IX-X asrlardagi sunniy mazhablarning soni kamayib, XII-XIII
asrlarda ulamolarning o’zaro kelishuvi (ijmo‘) asosida ular to’rtta deb e’lon qilindi.
Shu bilan bir qatorda ijtihod darvozalari yopilganligi haqidagi noreal fikr ham
tarqatildi.
Bunga oid ko’p asarlar yozilgan bo’lib, fiqh bo’yicha eng avvalo paydo bo’lgan
kitoblar orasida Imom Molik ibn Annosning “Al Mutavvo”, Zayd ibn Hasanning
“Majmu’ al – fiqh”, Ahmad ibn Hanbalning “Al Musnod” asarlarini aytish mumkin.
Fiqh sohasida eng mashhur asar vatandoshimiz Burxoniddin Ali ibn Abu Bakr
ibn Abdujalil al - Farg’oniy al – Marg’inoniy ar – Rishtoniyning “al – Hidoya fi – l –
Furu” (fiqh sohalari haqida hidoya) kitobi.
VIII asrning oxiri-IX asrning boshlarida Movarounnahrda hanafiyya mazhabi tarqala
boshladi. Buxoro va Samarqand shaharlarida shu mazhab ta’limoti asosida
Movarounnahr fiqh maktabi tarkib topdi. Movarounnahrlik faqihlar teran bilimlari,
qimmatli asarlari bilan islom dunyosida katta shuhrat qozondilar. Faqihlarning davlat
hukmron doiralari, xalq ommasiga ta’siri juda kuchli edi. Diniy hayotda uchraydigan
muammoli masalalar faqihlar orqali yechilgan. Fiqh shaxs, oila va jamiyat hayoti turli
shahobchalari masalalarini qamrab olganligi tufayli Movarounnahr maktabi
namoyandalari bu o’lka xalqlari an’analari, urf-odatlarini umumislom mavqelaridan
turib tahlil qilishdek vazifani bajarganlar. Movarounnahrlik faqihlarning bir necha
avlodlari faoliyati orqali mahalliy xalqlarning tarixiy, huquqiy an’analari islom
madaniyatida o’z aksini topdi.
36
VIII-X asrlarda Movarounnahrning ayrim shaharlarida hanafiylikka asoslangan ilmiy
markazlar paydo bo’ldi. Buxoro maktabiga Abu Hafs Ahmad ibn Hafs al-Kabir al-
Buxoriy (v. 832 y. ) asos solgan. Samarqand ilmiy markazining shakllanishiga Abu
Muqotil as-Samarqandiy, Abu Bakr al-Juzjoniy, al-Atakiylarning ta’siri katta bo’ldi.
Buxoro faqihlari bu davrda asosan fiqhning amaliy masalalari (furu’ al-fiqh) bilan,
samarqandliklar esa o’z ilmiy faoliyatlarini ilohiyot (usul ad-din) mavzui bilan
shug’ullanishga qaratdilar.
XI-XIII asrlarga kelib, fiqh rivoji yuksak pog’onaga ko’tarildi. Qoraxoniylar (999-
1212) davri faqihlari umumislom darajasida shoh asarlar yaratib, hanafiya mazhabi
klassiklari mavqeiga erishdilar. Haqiqatan ham Movarounnahr hanafiy mazhabining
«qal’asi» edi, desak adashmaymiz. Sadrlar, ar-Rig’damuniy, az-Zaranjariy, al-
Mahbubiy, as-Saffor, al-Pazdaviy, Samarqand sayyidlari, al-Xayzoxaziy, al-Aqiliy, al-
Marg’inoniy oilalari ilm va ijtimoiy hayotda kuchli mavqega ega bo’ldilar.
XI-XII asrlarda faoliyat olib borgan Movarounnahr faqihlaridan Abu Zayd ad-
Dabusiy (v. 1037 y. dan avval), al-Halvo’iy (v. 1056 y.), as-Saraxsiy (v. 1088-1089
y.), al-Pazdaviy (v. 1089 y.), as-Sadr ash-Shahid (v. 1141 y.), Abu Hafs an-Nasafiy (v.
1142 y.), Alo’ ad-din as-Samarqandiy (v. 1144-45 y.), Burhon ad-din al-Kabir al-
Buxoriy (v. 1174-75 y.), al-Attobiy (vaf. 1190 y. ), al-Kosoniy (v. 1191 y.), Qozixon
(v. 1196 y.) va Burhon ad-din al-Marg’inoniy (v. 1197 y.) kabi ma’lum va mashhur
faqihlarning nomlarini keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |