LIBOS — MILLAT MADANIYATINING KO‘ZGUSI
Kiyinish madaniyati orqali biz o‘z ma’naviyatimizni aks ettiramiz. Egnimizdagi libos faqat yoshimiz va ijtimoiy maqomimizga mos bo‘libgina qolmay, milliyligimizga xos qadriyatlarni ham namoyon etishi lozim. Xalqimizga yot g‘oyalar ta’siri kuchaygan bugungi kunda “ommaviy kiyinish madaniyati” ayollar va qizlar o‘rtasida alohida ahamiyatga egadir.
O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tashabbusiga binoan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Maxalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, “Yosh dizaynerlar” kengashi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Nafosat” festivali o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yilning 11-13 fevral kunlari festivalning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Madaniy tadbirlarning dastlabki kunida Navoiy shahridagi “Yoshlar markazida” mahalliy dizayner va hunarmandlar tomonidan yaratilgan milliy liboslar ko‘rgazmasining ochilishi hamda “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillar davomida xotin-qizlarning mavqeini oshirish, ularning jamiyat faoliyatidagi ishtirokini ta’minlash masalalari davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
— Ayollar, ayniqsa, yosh qizlarimiz o‘rtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos kiyimlar andozasini targ‘ib qilish davr talabiga aylanmoqda, — deydi Oliy Majlis Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova. — Ushbu festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsadimiz — milliy qadriyatlarimiz hamohangligida zamonaviy moda yo‘nalishlarini yaratish hamda vijdon va e’tiqod erkinligiga amal qilgan holda xalqimizga mos kiyinish madaniyatini targ‘ib qilish va o‘zbek moda yo‘nalishini shakllantirishdan iboratdir.
Kunning ikkinchi yarmida mutaxassislar, Navoiy davlat pedagogika instituti talabalari, viloyat ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi o‘quvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Ishtirokchilar bugungi kundagi kiyinish madaniyatining ahamiyati haqida so‘z yuritib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida fikr almashishdi va zamonaviy o‘zbek ayoli qiyofasi bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirishdi.
Festival doirasida mahalliy dizaynerlar, hunarmandlar, talabalarning hamda “Nafosat-2020” tanlovi Buxoro viloyati g‘olibi — “Ovatsiya modalar teatri” dizayneri Irina Sharipova tomonidan “Zamonaviy o‘zbekistonlik ayollar va yoshlar” mavzusida modalar namoyishi tashkil etildi.
— Tanlovda uchinchi bor ishtirok etmoqdaman, — deydi NDPI “Dizayn” yo‘nalishi talabasi Navro‘za Xolmo‘minova. — Men taqdim etgan libos milliy uslubda tikilgan bo‘lib, qadim an’analarizga mos ravishda detallar bilan boyitilgan. O‘ylaymanki, ushbu libos tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinadi.
Ko‘rgazmaning taqdirlash m arosimida Oliy Majlis Senati byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev so‘zga chiqib, festival ishtirokchilarini tabrikladi hamda ijtimoiy hayotda ayolarning o‘rni ortib borgani sari ularning kiyinish va tashqi ko‘rinishiga ham e’tibor qaratilayotgani, ular o‘rtasida milliy va zamonaviy ruhda, mentalitemizga mos liboslar andozasini targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. “Made in Uzbekistan” shiori ostida namoyish etilgan videorolik esa yurtimizda faoliyat yuritayotgan ilg‘or ishlab chiqarish to‘qimachilik korxonalari faoliyati haqida bo‘ldi. Milliy liboslar ko‘rgazmasida faol ishtirok etgan dizayner va hunarmandlarga tashkilotchilarning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
— Bizning asosiy yo‘nalishimiz milliy liboslar tikishdan iborat, — deydi viloyat xunarmandlar uyushmasi a’zosi Mavjuda Jalolova. — Zamonaviy dizayn asosida ayollarimiz va yosh qizaloqlarimizga atlas, adras matolaridan liboslarlar tayyorlaymiz. Ushbu festivalda ilk bor ishtirok etishimga qaramasdan, tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandim.
Festivalning ikkinchi kunida Nurota tumanida ham qator tadbirlar o‘tkazildi. Tuman markazidagi “Hunarmandlar maskani”da milliy kiyinish madaniyatini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan modalar namoyishi, liboslar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi Bundan tashqari, mehmonlar va ishtirokchilar tumandagi ustoz-shogird an’anasi asosida yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan hunarmandlar faoliyatidan yaqindan tanishdilar. “Zamonaviy o‘zbek ayolining qiyofasi”, “O‘zbek milliy modasi” kabi mavzularida yosh dizaynerlar uchun mahorat darsi, mutaxassislar va yoshlar ishtirokida so‘rovnomalar, seminar-trening va davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari “Eshon Sudur” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan hunarmand-kashtachi S.Fayziyevaning xonadoniga tashrif buyurib, oilaviy tadbirkorlik, milliy kiyinish madaniyatini targ‘ib etuvchi liboslar va shogirdlarining ish faoliyatini o‘rgandilar.
Xatirchi tumanida esa festivalning yakunlovchi qismi o‘tkazildi. “Yoshlar modasi: an’analar va zamonaviy yo‘nalishlar” nomli davra suhbati va “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzusidagi seminar-trening ishtirokchilar va mahalliy aholida katta qiziqish uyg‘otdi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki “Nafosat” festivali milliy uslubda tikilgan liboslarni targ‘ib etish, o‘zligimiz, urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizga mos kiyimlar bichimlarini tiklash va zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirgan holda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarning kiyinish uslubini ishlab chiqish imkoniyati bilan ahamiyatlidir.
K iyinish madaniyatini kim qanday tushunadi? Zap zamonlar boʻldi-da! Bundan yigirma yillar avval “kiyimingiz yirtilib yoki soʻkilib ketibdi” deyishsa, uyalib oʻzimizni panaga olardik, sharmanda boʻlishdan choʻchir edik. Yillar oʻtib, yuz berayotgan oʻzgarishlar odamlarimizning kiyim borasidagi qarashlarini ham keskin oʻzgartirib yubordi. Bugungi yoshlar ataylab yirtiq kiyimlarni kiyishni, shu kiyimlarda nikoh va kechki bazmlarga borishni istashmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |