Imkana maktabi asoschisi. Mavlono Xojagi Imkanagiy Kesh viloyatida naqshbandiya tariqatining Imkana maktabiga asos solgan. Alloma sa'y-harakatlari bilan naqshbandiya tariqati olis Hindiston hududiga ham etib borgan va Sirhind maktabi yuzaga kelgan. Xojagi Imkanagiy ota tarafi Termiz sayyidlariga, ona tomonidan mashhur shayx Ya'qub Charxiy hazratlariga borib taqaladi. Otasi Mavlono Darvesh Muhammad, asosan, Chag‘oniyon(hozirda Surxon vohasining Denov tumani)ning Vaxshuvor, Hisori Shodmon manzilgohlarida yashagan. Shu sabab u kishining nisbasi — Vaxshuvoriy. Xojagi Imkanagiy dastlabki saboqni otasidan olgan, keyin Buxoro va Samarqand allomalaridan kalom, tafsir va hadis ilmlarini o‘rgangan. O‘sha yillarda yuz bergan notinchliklar sabab, mavlono Kesh viloyatining Imkana qishlog‘iga ko‘chib kelgan va u zotning muborak qabri Imkana qishlog‘idan uch chaqirim uzoqlikdagi Xojaisparoz qishlog‘ida. Xojagi Imkanagiy yashagan davrda Shayboniylar saltanati kutilmaganda tanazzulga yuz tutadi, — deydi tarixchi olim Mo‘min Azizov. — Abdullaxon II vafotidan ikki yil o‘tib, Movarounnahr hukmdorligi joniylar (ashtarxoniylar) qo‘liga o‘tadi. Ushbu sulolaning Buxoro taxtini egallashida Xojagi Imkanagiyning xizmati katta bo‘lgan. Manbalarda yozilishicha, mavlono Ashtarxoniy Boqi Muhammadga Movarounnahr taxtini egallashdan oldin: «Askaring kamligidan andisha qilma! Va bu oyati karimani o‘qigin: «Qanchadan-qancha ozchilik guruhlar Alloh izni bilan ko‘pchilik guruhlar ustidan g‘olib kelmishdur», deydi. Mavlononing bu inoyati va xayrli bashorati bilan sultonning dilida ishonch paydo bo‘ladi va 3-4 minglik qo‘shini bilan dushmanning ellik ming lashkaridan ustun keladi. Ushbu jang Xojagi Imkanagiy nomini xalq orasida yanada mashhur qiladi. Mavlononing padari buzrukvori Darvesh Muhammad davridayoq qishloqda masjid, xonaqoh va maktab faoliyat ko‘rsatayotgandi. O‘z davrida madrasada 400 dan ortiq talaba diniy va dunyoviy ilmlardan bahramand bo‘lgan. Keyinchalik Xojagi Imkanagiy hurmati evaziga ashtarxoniy hukmdorlar tomonidan Imkana qishlog‘ida yirik me'moriy inshootlar majmuasi quriladi. Ikkinchi jahon urushidan oldingi va keyingi yillarda mavjud madrasa va masjidlar buzib tashlanib, faqat xonaqohgina saqlanib qolgan. O‘z davrida majmua tarkibida beshta masjid, 43 hujrasi bo‘lgan madrasa, shuningdek, o‘ziga xos yirik arkli g‘ishtin ko‘prik bo‘lgan, — deydi Sirojiddin Jahonov. — Hozirda majmuadan faqat xonaqoh binosi saqlanib qolgan. Xonaqoh tomiga binoning uch tomonidan maxsus g‘ishtin zinapoyalar orqali chiqiladi. Zinapoya yo‘laklari uchun eshiklar binoning tashqi tomonidan o‘rnatilgan. Xonaqoh ichiga toza havo kirishi va yorug‘lik tushib turishi uchun katta-kichik maxsus tuynuk(deraza)lar qo‘yilgan. Ularga ganchdan yasalgan panjaralar o‘rnatilgan. Xonaqohning janub tomonida er yuzasidan 13-14 metr balandlikdagi g‘ishtin ko‘prik izlari saqlangan. Ko‘prik ostidan o‘tadigan ikkinchi – qarama-qarshi yo‘ldan ot-aravali va piyoda yo‘lovchilar qatnab turgan. Ushbu ko‘prik ajdodlarimiz aql-zakovati bilan o‘ziga xos murakkab va go‘zal arxitektura usulida bunyod etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |