Kitob tumanidagi Ziyoratgohlar
Hazrati Bashir ziyoratgohi. Kitob Qashqadaryo vohasining tog’li tumanlaridan biri bo’lib, markazi Kitob shahri. Qadim va boy tarixga ega bo’lgan Kitob tumanida 6 ta yirik ziyoratgoh, 235 ta madaniy obida bor. Shuningdek, «Hazrati Bashir» ziyoratgohi ham Kitob tumanidagi yirik ziyoratgohlardan biridir. Hazrati Bashir qishlog’i Kitob shahridan 30.5 kilometr uzoqlikda, shimoliy sharqda Xabash va Kul tog’lari oralig’idan oqib o’tuvchi Qashqadaryoning sohilida joylashgan. Qishloqning atrofidan va ichidan ajoyib, zilol suvli buloqlar qaynab chiqib turadi. Qishloq o’rtasida Hazrati Bashirning qabrlari qo’yilgan tepalik Niyoztepa nomi bilan yuritiladi. Tepalik ostida uncha katta bo’lmagan bir tekislik bo’lib, bu tekislikni zilol buloq va ulkan chinorlar, yong’oq daraxtlari, pista, bodomlar va har xil daraxtlar bezab, ajoyib manzara kashf etib turadi. Qishloqning iqlimi juda salqin bo’lib, odamga rohat bag’ishlaydi. Hazrati Bashir qishlog’ining aholisi 300 dan ortiq dehqonchilik va chorvachilik xo’jaligi bilan shug’ullanadi.Odamlari mehmondo’st, samimiy, rostgo’y, halol insonlar. Tabiati Kavkaz tabiatidan qolishmaydi. Mevalari ham serob. Hazrati Bashir dunyoga kelish tarixi Amir Temur zamonasiga borib taqaladi. Sohibqironning Sayyid Baraka va Sayyid Nematulloh ismli aka-uka maslahatchilari bo’lgan. Ular karomatli avliyolar bo’lishgan. Ayonlarning ig’vosi oqibatida aka-uka maslahatchilar saroyni tark etishadi. Ular Samarqanddan chiqib tog’ ustiga kelishganlarida, izlaridan chopar yuborilib, Sohibqiron ularni saroyga qaytishlarini buyurganini aytadi. Sayyid Nematulloh tog’dan pastga tushganligi uchun orqasiga qaytmaydi, choparlar faqat Sayyid Barakani qaytarib olib ketadilar. Sayyid Nematulloh tog’dan oshib, tog’ etagidagi bir qishloqqa kirib keladi. Bu qishloqda u Xoja Hasan ota degan kishiga dush keladi. Sayyid Nematulloh Xoja Hasan otaning uyida ma’lum muddat mehmon bo’lib qoladi va mezbonlarning farzandi yo’qligini bilib, ularni duo qiladi. Allohning karomati bilan oradan ma’lum fursat o’tib Xoja Hasan ota xonadonida o’g’il farzand dunyoga keladi. Unga Sayyid Ahmad deb nom qo’yishadi. Bu tahminan 1379-yillarga to’g’ri keladi. U tug’ilgan qishloq Qoplatun deb atalgan. Onasi ancha keksayib qolganligi uchun Sayyid Ahmad ona sutidan bahramand bo’lolmaydi. Uning Hazrati Bashir deb atalishining asl ma’nosi,ya’ni Beshir- sutsiz degan ma’noni anglatadi. Bu nomi xalq orasida Bashir nomi bilan narqalib ketdi. Hazrati Bashir ota-onasining qo’lida taxminan 4-5 yoshlariga qadar yashagan va keyinchalik o’zi mustaqil ravishda G’ori Hakim degan joyda 18-20 yoshlariga qadar umrguzarolik qilgan. 20-25 yoshlarda Hazrati Bashir qishloqdan 10 km yuqorida, Qizilqoya degan joyda istiqomat qila boshlaydi. Qizilqoyada bir g’or bo’lib, uning shiftidan suv tomib turadi. Bu suvdan shu atrofdagi parrandayu hayvonlar o’z chanqog’ini qondirgan. Qoyaning ustida esa bir tup anor bo’lib, odamlarning aytishicha, bu anor hozir ham hosil qilarkan. Bu qoya atrofidagi joyda mayda toshlar ichida shifobaxsh anzur piyozi ham ko’karadi. Rivoyat qilishlaricha, Hazrati Bashir o’zi yashab turgan joydan qo’lidagi archadan qilingan hassani otadi va hassa shu yerdagi bir tepalikka qadalib qoladi. Vaqt o’tib hassa qadalgan joyidan ko’kara boshlaydi. Bu archa hozir ham ko’m-ko’k bo’lib yashnab turibdi. Hazrati Bashir 96 yoshlarida olamdan o’tadi. Uning qabri archa ko’kargan tepalikda bo’lib, hozirda bu joy Hazrati Bashir maqbarasi deb nomlanadi. U kishining qoldirgan meroslari va tariqatlari islom olamida katta qimmatga hamda o’z o’rniga ega bo’lib qolgan. Ushbu ziyoratgoh mustaqillikdan keyin qurilishlar qilinib, obod maskanga aylantirildi. Bu me’moriy yodgorlik katta xonaqoh va maqbaradan iborat bo’lib, Bashir ota qabri ustidagi sag’ana saqlangan. Sag’ana 2 pog’onali asos ustiga o’rnatilgan, o’yma naqshlar bilan bezatilgan. XVIII asrda uning ustiga sinchli, devorlari loy suvoqli, 4 ta yog’och ustunga o’rnatilgan shifti yassi toqili masjid qurilgan. Bu yerga har yili minglab kishilar kelib, Hazrati Bashirning Niyoztepadagi qabrlarini ziyorat qilishadi.
Hazrati Sulton Said Axmad Bashir (1368 – 1464). «Xazrati Bashir tarixi» kitobida Amir Temur Ko‘rogoniyning piri Said Barakaning ukalari Said Ne’matulloxning karomatlari, duolari tufayli olamga keladi, deyiladi. Hazrati Bashirning otalari Xo‘ja Xasan 90 yoshda, onalari Bibi Maloxat 80 yoshda bo‘lishlariga qaramay, farzandlari bo‘lmagan, deb ko‘rsatiladi. Bola tug‘ilgach ota – onasi unga Said Axmad deb nom qo‘yishadi. Onalari Bibi Malokatdan sut kelmagach, yosh Said Axmad sutsiz voyaga yetadi. Said Ahmaddan keyin onalari yana Said Ali va Xoji Axmad ismli ikki nafar farzand ko‘radi. Xazrati Bashir saloxiyat egasi bo‘lib yetishgach, u kishining ta’riflarini eshitib, bir tomoni Misr, bir tomoni Mo‘g‘ulistongacha bo‘lgan musulmon olamining turli burchaklaridan ko‘pgina kishilar kelib, Hazrati Sulton Said Axmad Bashir otaga shogird tushadilar. «Miri Haqiqat» laqabiga sazovor bo‘lgan Said Axmad Bashir ota O‘rta Osiyoda «Naqshbandiya» ta’limoti tarqalgan bir zamonda ko‘proq Xo‘ja Ahmad Yassaviy tariqatiga ixlos qo‘ygan bo‘ladilar. Hazrati Bashir Hazrati Muxammad Sallollohu alayxu vasallamning hijratlaridan keyin 768-yildan so’ng olamdan o‘tadilar va Bashir qishlog‘idagi Niyoztepada dafn etiladilar. U kishining qoldirgan meroslari va tariqatlari islom olamida katta qimmatga hamda o‘z o‘rniga ega bo‘lib qoldi. Ushbu ziyoratgoh mustakilliqdan keyin qurilishlar qilinib, obod maskanga aylantirildi. Bu yerga har yili minglab kishilar kelib, Hazrati Bashirning Niyoztepadagi qabrlarini ziyorat kilishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |