BIRINCHI BOB
FARDNING JANR XUSUSIYATLARI
Fard Sharq mumtoz she`riyati kichik lirik janrlari orasida o`ziga xos xususiyatlarga ega bo`lgan janrdir. Fard, ko`pligi mufrada, arabcha so`z bolib, yakka, yagona, Benazir, ajralgan ma`nolarini bildiradi. Fard istilohiy ma`nosiga ko`ra ikki misradan iborat bo`lgan, ikkala misrasi ham qofiyalangan, ko`pincha badiha (ekspromt) tarzida aytilgan yoki yozilgan mustaqil poetik asar hisoblanuvchi baytdir.
Mumtoz adabiyotda fard faol qo`llanilgan lirik janr hisoblanadi. Klassik va hozirgi adabiyotda, turli lug`atlarda fardga ham lug`aviy jihatdan, ham istilohiy jihatdan ta`riflar berilgan. Shuni ta`kidlash kerakki, bu ta`riflarda fardning shakli tuzilishi asosiy mezon vazifasini o`tagan.
Turli lug`atlarda berilgan ta`riflar fardning lug`aviyma`nosini izohlashda turlicha qarashlarni yuzaga keltirish mumkin. Jumladan, Muhammad G`iyosuddinning “G`iyos-ul-lug`ot” ida fardga shunday ta`rif berilgan: “mufrada”-lug`aviy ma`nosi, yolg`iz. Daftar ahli lug`atida jamlik ma`nosini bildiradi. “Farxangi nizom” da fardga berilgan ta`rif boshqacha manzara kasb etadi. Unda aytilishicha, “fard arabcha so`z bo`lib, ko`p ma`nolidir. Tanho, yagona, boshqa bir ma`nosi munfarid, sherdan olingan ikki misra, qadimgi muhosibot ishlarida foydalanilganto`rtburchak qog`oz bo`lib, unda davlat hisob ishlari va boshqa narsalar yozilgan. Xurosonda to`quvchilar to`qigan matoning bir parchasi ham farada deb yuritilgan. Bu ta`rifda fard so`zining lug`aviy ma`nosi emas, balki terminologik ma`nosi ham o`z ifodasini topgan. Professor X.K. Baranov tuzganarabcha – ruscha lug`atda fard so`zi quyidagicha izohlangan: 1) bir, bitta; 2) yolg`iz; 3) bir shaxs, alohida olingah shaxs. “Farxangi zabona tojik” da esa boshqa lug`atlarga qaraganda fardga to`liqroq ta`rif berilgan. “Fard – 1) tanho, yagona, mujarrad (ar. yalang`och, xoli, tanho, ozod, yolg`iz, uylanmagan, bo`ydoq), behamroh; 2) yagona, benazir, o`xshashi yo`q; 3) bir kishi yoki narsadan ajralgan, ayrilgan; 4) bir kishi, bir shaxs, bir nafar; 5)adabiyotshunoslikda bir bayt, fardbayt, shohbayt, g`azal baytlari ichida mumtoz bo`lgan va mustaqil bayt”.
Fard so`ziga adabiyotshunoslik terminlari lug`atlarida berilgan ta`riflar ko`pincha u yoki bu jihati bilan bir – biridan farq qiladi. Masalan, “Lug`ati istiloxoti adabiyotshunosi” mualliflari fardni “ ikkita alohida misra yoki g`azal, qasidadan iqtibos tarzida keltirgan qofiyasiz ikki misra” deb ta`riflashadi. “Adabiyotshunoslik terminlari lug`ati” mualliflari esa fardni “ lirkani eng kichik janri, yolg`iz bir baytdangina iborat bo`lgan mustaqil she`r” deb talqin qilishadi. “O`zbek klassik janrlari” mualliflari esa fardga istilohiy jihatdan keng to`xtalishgan. Ular fardni “alohida asar bo`lib, mustaqil holda keladi … . Alisher Navoiy fard termini o`rnida “bayt” so`zini ham qo`llaydi.” deyishadi. “Adabiy tur va janrlar” muallifi ham fardga istiloh sifatidata`rif berib, kengroq to`xtalgan. Bu ta`rif turli lug`atlarda fardga berilgan ta`riflarni umumlashmasidir. Tojik adabiyotshunosi P. Musulmonqulov ham fardni kichik lirika janri sifatida talqin etgan.
Fardga faqat lug`atlardagina emas, balki klassik adabiyotshunoslikda ham ta`riflar berilgan bo`lib, bular fard so`ziga istilohiy ta`rif berishda bir – biriga yaqindir. Bu yaqinlik asosiy fard so`zining lug`aviy ma`nosi tashkil qiladi. Shams Qays Roziy bu borada shunday degan: “Musarra` shunday baytki, unda aruz bilan zarb qofiyada va vaznda bir – biriga munofiq keladi”. Shams Qays Roziy ta`rifidan shunday xulosa kelib chiqadiki, musarra` qofiya va vaznda bir – biriga teng bo`lganikki misra ya`ni bir baytdir. Shu o`rinda “G`iyos – ul – lug`ot” da musarra` so`ziga berilgan ta`rifni keltirmoq joizdir. “Musarra` - keltirilgan misra” demakdir. Attoulloh Husayniy esa fardga ta`rif berishda uning qofiyalanish xususiyati nuqtai nazaridan fikr yuritadi. “Tasri` lug`atga ikki qanotli eshik yasamoqdur v amusarra` ikki qanotli eshikdur. Baytning ikki misrasi qofiyada teng bo`lganda shubhasi, baytning iki qanitlig` eshikka o`xshashlig`I to`luq va yetukrak bo`lur, demak, munga asosan mazkur baytni musarra` deb atabdurlar”.
Yana shu adabiyotshunosni quyida fikri bevosita fard haqidadir deb bemalol aytishimiz mumkin. Attoulloh Husayniy musarra`ni ta`riflab shunday deydi: “musarra` andoq baytni derlarkim, aning har ikki misrai qasidalarboshidag`idek qofiyalig` bo`lur. Bir qasida bir necha yerinda musarra` abyot keltirmaklari mumkindir alarming har birin matla`derlar, agarchi haqiqatga matla` birinchi bayt bo`lsa ham”. Bu ta`riflardan ma`lum boladiki, musarra` ikki misradan iborat bo`lgan bir bayt bo`lib, vazn va qofiyada teng kelishi kerak. Musarra` istilohining aynan fardga dahldor deyishimizga sabab, yana shu adabiyotshunosning quyidagi fikri asosidadir: “ Zohirdurkim qasidalar matlai va ruboiylarning birinchi baytinda lozim bo`lgan nima faqat qofiyadagitengliktur va vazndagi tenglikni hech qachon lozim deb bilmaptur”. Demak, musarra` bo`lmog`I uchun har ikka misra ham vaznda, ham qofiyada teng bo`lmog`i kerak. Bu ta`rif o`z – o`zidan fard istilohini izohlamoqda. Chunki farddagi har ikki misra ham qofiyada, ham vaznda teng keladi. Bundan tashqari klassik she`riyatshunoslikda muzdavaj degan istiloh ham mavjud bo`lib, bu istilohni Attoulloh Husayniy shunday ta`riflaydi: “ Muzdavaj andoq she`rni derlarkim, ul musarra` abyotga asoslangan bo`lur. Ajam shuarosi urfan ani tasnaviy derlar. Izdivoj juftlashmoqtur. Har baytning har ikki misrai qofiyada teng bo`lgach, go`yo juftlashgandek bo`lur”. Muzdavaj istilohini fardga nisbatan qo`llagan o`rinlar ham mavjud. Y.E. Bertelsning aniqlashicha, marvlik Abul Fazl as – Sukkariy o`z she`rlarida bir qator qadimgi forsiy maqollar tarjimasini arab adabiyotida umuman qo`llanilmagan she`riy shaklda muzdavajda – har ikki misrasi qofiyalangan sheriy shaklda bergan. Demak, o`rta asr adabiyotshunosligida fard istilohi o`rnida musarra` va muzdavaj istilohlari ma`lum o`rinlarda qo`llanilgan.
Fardga janr sifatida ko`pgina adabiyotshunoslar o`z ta`riflarini berganlar. Masalan, Yan Ripka fardlarning qofiyalanishi a a – a b tarzida bo`lishini aytib, fardlar shoirlar tomonidan yozilgan bir lahzalik tafakkur mahsuli bo`lib, boshqa asarlarda _____ uchundir foydalanilmagan she`rlar ekanligini ta`kidlagan. Tohirul Mavlaniy esa fardlarni boshqa baytlarga aloqasi yo`q bayt sifatida talqin etib, bu baytlarning yolg`izligi ularning terminologik, ya`ni istilohiy nomlanishiga asos bo`lganligini aytadi. “Agar bayt – deydi Tohirul Mavlaniy, - har ikki misrasi qofiyalangan bo`lsa musarra`, qofiyalanmagan bo`lsa fard deb yuritiladi”. Bu o`rinda Tohirul Mavlaniy klassik she`rshunoslikdagi musarra` istilohiga suyanganligi shubhasizdir.
O`zbek adabiyotshunosligida va qardosh xalqlar adabiyotshunosligida fard janr sifatida keng o`rganilmagan bo`lsa – da, lekin adabiyotshunoslar janrlarga umumiy ta`rif berishganda fardga ham qisqa izoh berib o`tishadi. Adabiyotshunos L. Serikova va R. Orzibekovlarning fard haqidagi kuzatishlarini istisno qilganda, bu ta`riflarning barchasi u yoki bu belgilari asosiy mezon vazifasini o`tagan. Masalan, R.Musulmonqulov fardni “bir baytdan iborat bo`lib, goh qofiyali, goh qofiyasiz bo`ladi” deydi. M. Hamroyev esa fardni “har ikki misrasi qofiyalangan tugal fikr bildiruvchi bayt” deb ta`riflaydi. Tojik adabiyotshunoslari S. Davronov va Yu. Boboyevlar “fardni bir bayt yoki bir misradan iborat” deb bilganlar. Bu fardning janriy xususiyatlari – asosiy mezonlaridan biri bo`lgan shakily tuzulishiga ziddir. Chunki yuqorida keltirilgan mumtoz adabiyotshunoslarning fardga bergan ta`riflarida fard yakka, yagona ma`nosini bildirib, bu lug`aviy ma`no fard shakily tuzilishi bir misra deb qaralishi asos bo`lmay, aksincha ikki misra bir baytdan iborat degan qat`iy xulosaga kelingan. Adabiyotshunos U. To`ychiyev fardga bergan ta`rif klassik adabiyotshunoslik ta`riflarining umumlashmasidir. Unda qat`iy qilib fard bir baytdan iborat degan xulosa kelingan. Fardning lug`aviy ma`nosi yolg`izligi, bizningcha, ruboiy va qit`aga nisbatan olingan. Chunki g`azal 5 baytdan boshlanib to 15 – 18 baytgacha bo`lishi mumkin. Ruboiy to`rtlikdan iborat. Shu jihatdan olib qaraganda fard bir bayt – yolg`iz bayt sifatida fard deb nomlangan. Uning shakliy tuzilishi fardning boshqa janriy belgilarini keltirib chiqaradi.
O`zbek adabiyotshunosligida L. Serikova fardlarni Alisher Navoiyning kichik lirik asarlari qatorida umumiy tarzda tadqiq etgan. R. Orzibekov esa o`zbek lirikasining kichik janrlari qatorida fardga ham to`xtalgan.
L. Serikova Alisher Navoiy fardlarining strukturasini tadqiq etar ekan, uning janr xususiyatlariga e`tiborni qaratadi. Xususan, “ularning mustaqilligi fikrning aforistik tugallligi bilan ta`minlangan”, deydi olima. Fardning ikki misrasi o`rtasida mustahkam semantic bog`liqlik adabiyotshunos diqqatini o`ziga tortadi. Ana shu bog`liqlik fardning tuzilishi prinsiplaridan biiri bo`lgan tematik parallelizmga olib kelishini L. Serikova misollar bbilan keng yoritib bergan. Adabiyotshunosning “Navoiy fardlari bu odatda alohida parcha sifatida boshqa lirik janrlar tarkibiga qo`shilmaydigan mustaqil miniatyuralar” degan xulosasini barcha fardlarga tadbiq qilish mumkin.
R. Orzibekov esa “O`zbek kalssik janrining poetikasi va rivojlanish yo`llari” deb nomlangan doktorlik dissertatsiyasida va “ Lirikada kichik janrlar” kitobida fard haqidagi turli qarashlarni bir nuqtaga jamlashga harakat qilgan. Fard va fardnavislar haqida qisqacha bo`lsada, o`ziga xos mulohazalar bayon qilgan. Ma`lum ma`noda fardning janriy belgilari masalalarini yoritgan. Lekin bu o`zbek fardlari haqidagi keng plandagi tadqiqot emas albatta.
Fardning asosiy belgilaridan biri uning bir bayt – ikki misradan iboratliligidir. “Fardlarning qurilishida klassik poeziyada qo`llangan bayt tuzulishining eng harakterli va eng mahsuldor prinsiplari o`z aksini topgan”.
Fardning shakily qurilishi bir bayt – ikki misradan iborat. Bayt esa ikki misrali she`r birligi, g`azalning bir qismi, bir bo`lagi, yana ham aniqrog`i, uzviy qismi hisoblanadi. Uning vazni, qofiyalanishi, mazmuni baytning g`azaldagi o`rniga qarab belgilanadi. Masalan, matla`da har ikki misra, keying baytlarda faqat ikkinchi misra matla`ga qofiyalanadi. Vazn masalasi ham xuddi shunday. Matla` qaysi vaznda bo`lsa, keying baytlar hamshu vaznda bo`ladi. Mazmun masalasi esa birmuncha murakkabroq jarayonga egadir. Baytdagi mazmun evolutsiyasi bevosita g`azaldagi mazmun taraqqiyoti bilan chambarchas bog`liq. Chunki dastlabki g`azallarda bir g`azal doirasida bir necha mavzu bo`lgan. G`azalning xuddi ana shu jihati baytdagi fikr tugalligini keltirib chiqargan. Mahmud Kayonush Hofizning bir baytni alohida she`r deb biladi. Mahmud Kayonush yozadi: “ Uning har bir bayti bir she`r. Agar she`rdan bir baytni ajratib olsak, g`azal g`azalligicha qolib, ajratib olingan bayt ham alohida she`r bo`laveradi. Va beqiyos mazmun beruvchi she`rga aylanadi. Yoki shu adabiyotshunosning kuzatishicha, Soib Tabriziy har bir g`azaldan va boshqa she`rlardaneng yaxshi, go`zal baytlarni ajratib olib devon tuzgan ekan. Yuqoridagi mushohadalarga tojik adabiyotshunosi M. Usmonovning quyidagi xulosasini qo`shimcha qilsak, baytning mazmun doirasidagi o`rta asrlar nazmi nazariyasining mohiyati kelib chiqadi. “Bir baytda fikrning tugamasligi, - deb yozadi M. Usmonov, - she`rdagi tartib qoidani buzilishi sababidir”. Bunga adabiyotshunos A. Hakimovning quyidagi fikri ham to`g`ri keladi. “Odatda masnaviyda baytning xar bir misrasi teng huquqli bo`lib, bir – biriga ma`noviy yoki sintaktik jihatdan bog`liqlik sezmaydi.”
Bayt mazmuni haqidagi yuqoridagi fikrlarga fardning mazmun mundarijasini solishtirsak, ma`lum bo`ladiki, fard ham baytning yuqoridagi harakterli belgilarini o`zida mujassam etadi. Ya`ni unda ham misralar mustaqilligi, fikr tugalligi kabi baytning belgilari mavjud. Lekin g`azalning keying mazmun va mavzu evolyutsiyasi bu o`xshashlikka putur yetkazadi. Chunki g`azalda endi mavzu baytma – bayt rivojlantirilib, “mustaqil ma`noli baytlar orasida ochiq mantiqiy bog`liqlik borligi his qilinadi”. Bu o`z – o`zidan baytdagi mustaqil ma`noga ma`lum darajada ta`sir ko`rsatadi. Va endi Hofizning g`azalidanajratilib olingan baytdek emas, aksincha baytning alohida she`rlik mavqeini yo`qotishiga olib keladi. Ana shu jihatdan fard o`z mazmuni, g`oyasi, badiiyati bilan g`azal baytidan tubdan farq qiladi. Shundan bo`lsa kerak, Sh. Rahmonov bir baytni mustaqil asar deb bilish mumkin emas degan xulosaga kelgan. Fard esa shakliy tuzilish jihatidan bayt singari ikki misra bo`lsa ham mustaqil asar sifatida lirik janr sanaladi.
Fardga berilgan ta`riflarning barchasi asosida “shakl va mazmun bir – biridan ajralmaydigan kategoriyalar ekanligi” yotadi. L. Serikova va R.Orzibekovlarning fardga oid qarashlari ana shu jihatdan olib qaralganda to`g`ridir.
Fardlar o`z tarkibiga ko`ra baytning aynan o`zidir. Fardlarning qofiyalanishi g`azal matla`lari, qasida baytlari, masnaviy baytlari kabi a a tartibida bo`ladi. Ba`zan a b tartibida qofiyalangan fardlar ham uchrab turadi. Bu istisno tariqasidagi fardlar bo`lib, ular ko`pchilikni tashkil etmaydi. Qofiya fard kompozitsion tuzulishiga asosiy rol o`ynovchi omillardan biri sanaladi. Chunki qofiya fardda misralar mustaqilligini ta`minlovchi vazifani o`taydi. Masalan:
Voqif ermas yor, jon bersam buzug` koshonada,
Shah ne ogah, xasta Majnun o`lsa bir vayronada
Keltirilgan misoldagi qofiyalangan so`zlar “koshona” va “vayrona” har bir misradagi ma`no mustaqilligini ko`rsatadi. Misralar ichki mantiqiy ma`no birligi bilan o`zaro bog`langan. Har ikki misra ham qofiyalangan so`zlar tufayli alohida olinganda ham mustaqil ma`no bildiradi. Klassik mufradot mualliflari fardlarini hamisha qofiyali bo`lishiga harakat qilganlar. Qofiyali fard muallif mahoratidan darak beribgina qolmay, aksincha, fardning muvaffaqiyatli chiqishini ham ta`minlangan. Lekin ayrim mualliflar qofiyasiz fardlar ham yozishgan. Masalan, Mavlono Lutfiyning 32 ta fardidan 30 tasi qofiyasiz. Zahiriddin Muhammad Bobur fardlari orasida qofiyasiz fard umuman yo`q. bu faktik tekshirish shuni ko`rsatadiki, fardning qofiyalanish hodisasi uning taraqqiyot yo`li bilan bog`liq.
Qofiyasiz fardlarning mazmun mundarijasi qanday bo`lishi mumkin? Lutfiy fardlaridan birini ko`rib chiqaylik.
Men shikasta agar joduliqni balsam edi,
O`zumni noma qilib xidmatingg` borg`ay edim.
Bu fard qofiyasiz bo`lib, birinchi misra bilan ikkinchi misrani mazmunning ichki mantiqiy bog`lanishigina emas, balki gapning sintaktik qurilishi ham bog`lab turibdi. Birinchi misrada fe`lning shart mayli qo`shimchasi (-sa) va shart bog`lovchi “agar” ikkinchi misraning yuzaga kelishini taqozo etyapti. Bu o`rinda L. Serikovaning quyidagi fikri o`z tasdig`ini topgan. Ularda qofiya yo`qligi evaziga, misralar o`rtasidagi sintaktik va semantik aloqalar kuchaytirilgan. Lekin ba`zan bu fikrga teskari bo`lgan manzarani uchratish mumkin. Masalan:
Ushshoq ila ul g`amza, ko`z uchi bila so`zlar
Oshiq kishilar yosini men qoshida ko`rdim
Bu fardda oshiqning hasrati haqida so`z brogan bo`lib, unda aytilishicha, ma`shuqa oshiqlari bilan g`amzali ko`z qirida so`zlashadi, ya`ni g`amzali boqadi. Birinchi misrada fikr tugal darajaga yetgan. Ikkinchi misra ham tugal mazmunga egaga o`xshab ko`rinadi. Sharqshunos I.S.Braginskiyning bayt arxitektonikasiga oid kuzatishini yuqoridagiga o`xshash fardlarda ham qo`llash mumkin. “deyarli hamma baytlar uchun ikkita nisbatan mustaqil misraga aniq kompozitsion bo`linish xos bo`lsada, bu ikki qism baytning butunligida o`z tugalligini topadi… Har bir misra bu bir sintaktik butunlik. Ammo birinchi va ikkinchi misradagi o`zaro bog`liqlik birinchisini ikkinchisiga zamin tayyorlashida unga sharoit yaratishida ekspozitsiya bo`lib xizmat qilishida aniq ifodalaniladi. Yuqoridagi fardda ham xuddi shunday holat vujudga kelgan.
Farddagi ixchamlik va lo`ndalik uning shakliy tuzulishi va mazmuni bilan aloqador. B. Soatovning maqol janri tabiatiga doir quyidagi kuzatishini fardga nisbatan ham tadbiq qilish mumkin. “Shakliy ixchamlik, barqarorlik, ko`p ma`nolilik, xalqning real borliq haqidagi xulosalarini ifodalash, nasihatomuzlik, muayyan hodisa haqidagi xukmning qat`iyligi kabilar maqolning doimiy belgisi hisoblanadi.” Ixchamlik va lo`ndalik fardning asosiy belgilaridan biri bo`lishiga sabab uning shakliy qurulishidir. Chunki fardning ikki misra bo`lishi ifodaning, ya`ni ijodkor tasvirga tortgan she`riy manzaraning qisqa, aniq bo`lishini talab qiladi. Buning uchunoz so`z bilan ko`p fikr berishga harakat qilinadi. Agar she`riy ifoda lo`ndalik bilan bayon qilinmasa, fardning mazmun mundarijasiga putur yetadi. Masalan:
Er kishiga zebu ziynat – hikmatu donishdurur
Yaxshi kiymak birla xotinlarga oroyishdurur
Yuqoridagi fardda qisqalik va lo`ndalik taqqoslash tufayli yuzaga kelgan. Fardlardagi qisqalik oo`z o`rnida ifodada jonlilikni ta`minlaydi. Muallif oldiga ulkan talab qo`yadi. Chunki “ikki satr she`rda berilgan fikrni ming xil qilib aytsa bo`ladi, lekin bu ming xil variantning hech qaysisi shu ikki satrdagiday ham soda, ham qisqa, ham ta`sirli bo`lmaydi”.
Fardlarning aforizmlar darajasiga ko`tarilishi esa ularning keng xalq orasida tarqalishiga olib keladi. Bu jihatdan ular maqollarga yaqinlashadi. Lekin maqollardan aforizmga aylangan fardlarning farqi shundaki, fardlarda hamma vaqt muallif aniq bo`lib, ukarda ma`lum ma`noda, mualliflik pozitsiyasi ham sezilib turadi.
Fardlarda ifodalangan mavzu va mazmun salmog`iga qarab hamma fardlar ham aforistik xarakter kasb etavermaydi. Fardlarning aforizmga aylanishi uchun ulardagi fikr ibratli, g`oya umumbashariy ahamiyatga molik bo`lishi kerak. Chunki har qanday fikr ibratli bo`la olmaydi va har qanday fikr ibratli bo`la olmaydi va har qanday fikr maqol bo`la olamaydi, maqolga aylanuvchi fikr xalqning ko`p yillik ijtimoiy hayotiy tajribasida sinalgan bo`lishi lozim. Maqolda ifodalangan fikr umuminsoniy xarakter kasb etishi, ixcham, mukammal, badiiy jihatdan kristall shaklga ega bo`lishi kerak. Bu mulohaza maqolga nisbatan aytilgan bo`lsa-da, biz maqol va fard orasidagi o`xshashliklarni hisobga olgan holda uni fardga nisbatan ham qo`llash mumkin degan xulosaga keldik. Zero, fardda ham ixchamlik, lo`ndalik, siqiqlik xususiyatlari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |