162-модда. Ходим вафот этган кунга қадар олинмаган иш ҳақини бериш Ходим вафот этган кунга қадар олинмаган иш ҳақи унинг оила аъзоларига, шунингдек меҳнатга қобилиятсизлиги туфайли вафот этган шахснинг қарамоғида бўлган шахсларга берилади.
163-модда. Иш ҳақини тўлаш жойи Ходимларга иш ҳақи, одатда, улар ишлаётган жойда тўланади.
164-модда. Меҳнат ҳақидан ушлаб қолиш Умумий қоидага кўра, ходимнинг ёзма розилиги билан, бундай розилик бўлмаган тақдирда эса, — суднинг қарорига асосан меҳнат ҳақидан ушлаб қолиниши мумкин. Қуйидаги ҳолларда ходимнинг розилигидан қатъи назар, меҳнат ҳақидан ушлаб қолинади:
1) Ўзбекистон Республикасида белгиланган солиқлар ва бошқа мажбурий тўловларни ундириш учун;
2) суднинг қарорлари ва бошқа ижро ҳужжатларини ижро этиш учун;
3) иш ҳақи ҳисобига берилган авансни ушлаб қолиш учун, хўжалик эҳтиёжларига, хизмат сафарларига ёки бошқа жойдаги ишга ўтганлиги муносабати билан берилган бўлиб, сарф қилинмай қолган ва ўз вақтида қайтарилмаган авансни ушлаб қолиш учун ҳамда ҳисоб-китобдаги хатолар натижасида ортиқча тўланган суммани қайтариб олиш учун. Бундай ҳолларда иш берувчи авансни қайтариш ёки қарзни тўлаш учун белгиланган муддат тамом бўлган кундан ёхуд ҳақ тўлаш нотўғри ҳисоблаб чиқарилган кундан бошлаб бир ойдан кечиктирмасдан аванс ёки қарзни ушлаб қолиш ҳақида фармойиш беришга ҳақлидир. Агар бу муддат ўтиб кетган бўлса ёки ходим хўжалик эҳтиёжларига, хизмат сафарларига ёхуд бошқа жойдаги ишга ўтганлиги муносабати билан берилган аванснинг ушлаб қолинишини асоссиз ёки миқдорини нотўғри деб ҳисобласа, у ҳолда қарз суд тартибида ундирилади;
4) ҳисобидан ходим таътил олиб бўлган иш йили тугамасдан туриб меҳнат шартномаси бекор қилинганда, — таътилнинг ишланмаган даврга тегишли кунлари учун. Ана шу кунлар учун ҳақ меҳнат шартномаси ушбу Кодекс 89-моддасининг тўртинчи қисмида, 100-моддаси иккинчи қисмининг 1 ва 2-бандлари, 106-моддасининг 1 ва 2-бандларида кўрсатилган асосларга кўра, шунингдек ўқишга кирганлиги ёки пенсияга чиққанлиги муносабати билан бекор қилинганда ушлаб қолинмайди;
5) ходим томонидан иш берувчига етказилган зарарни қоплаш учун, агар етказилган зарарнинг миқдори ходимнинг ўртача ойлик иш ҳақидан ортиқ бўлмаса;
6) ушбу Кодекснинг 181-моддаси биринчи қисмининг 2-бандида назарда тутилган жаримани ундириш учун.
Иш ҳақини ҳар гал тўлаш вақтида ушлаб қолинадиган ҳақнинг умумий миқдори ходимга тегишли бўлган меҳнат ҳақининг эллик фоизидан ортиб кетмаслиги лозим. Ушбу модданинг учинчи қисмида белгиланган чеклов алимент мажбуриятлари бўйича қарздорликни ахлоқ тузатиш ишлари тарзидаги жазо тайинланган ходимнинг иш ҳақидан ушлаб қолишга нисбатан татбиқ этилмайди. Бундай ҳолларда жазо ва алимент мажбуриятлари бўйича қарздорлик учун ушлаб қолинадиган ҳақнинг миқдори етмиш фоиздан ортиб кетмаслиги лозим. (164-модда Ўзбекистон Республикасининг 2018 йил 9 январдаги ЎРҚ-459-сонли Қонунига асосан тўртинчи қисм билан тўлдирилган — Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 10.01.2018 й., 03/18/459/0536-сон) Rivojlangan mamlakatlarda ish haqini tashkil etish (ish haqi miqdori, mehnat miqdori va sifati bilan unga toʻlanadigan haq miqdori oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼminlash, mehnatni meʼyorlash, tarif tizimi va boshqalar) va tartibga solishda davlat muhim rol oʻynaydi. Ularda tarixan ish haqini tashkil etish va tartibga solishning markazlashgan davlat tizimi va markazlashmagan tizimi qaror topgan. Ish haqini tartibga solishning markazlashmagan tizimi xususiy mulk egalari yoki jamoa mulkdorlar hamda kasaba uyushmalari, aksiyadorlik jamiyatlari, kooperativlar va boshqalar tomonidan amalga oshiriladi. Ish haqini tartibga solishning davlat tizimi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha korxonalar va tashkilotlar uchun umumiy va majburiydir. Ish haqini davlat tomonidan tartibga solish va tashkil etishning muhim unsuri tarif tizimi hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida mamlakat boʻyicha hukumat belgilagan, asosan ishchi va xizmatchilar ish haqini tashkil qilishda foydalanishi uchun tavsiya etiladigan yagona tarif tizimi (setkasi) amal qiladi, korxona (tashkilotlar)lar yagona tarif setkasi asosida oʻz tarif setkasini ishlab chiqish va razryadlar sonini belgilash huquqiga ega. Oʻzbekistonda dastlab 1993-yil 1-yanvardan 28 ish haqi razryadlariga boʻlingan va 0—28 razryadlar oʻrtasida tarif koeffitsiyentlari farqi 14,28 boʻlgan yagona tarif stavkalari joriy qilindi. 1996-yil 1-sentabrda esa ish haqi razryadlari 22 ta va 0—22 ish haqi razryadlari oʻrtasida tarif koeffitsiyentlari farqi 5,998 boʻlgan yangi yagona tarif setkasi qabul qilindi. Yagona tarif stavkasi xodimlarning barcha kasb-malaka guruhlari boʻyicha tarif stavkalari va maoshlari nisbatini belgilashda mehnat tafovutlariga baho berishga yagona yondoshuvni taʼminlaydi. Ish haqini tartibga solishning davlat tizimi 3 asosiy yoʻnalishda amalga oshiriladi: 1) davlat tomonidan ish haqi minimumi (eng kam ish haqi miqdori) belgilanadi. Inflyatsiya jarayonida eng kam ish haqini indeksatsiyalash hukumatning maxsus qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi; 2) korxonalarda ishlovchi xodimlarning barcha toifalari uchun oʻrtacha ish haqining ortib borishi maʼlum darajada cheklanadi. Davlat bu usuldan tanglik holatlarida inflyatsiya surʼatlarini pasaytirishda foydalanadi; 3) ish haqining oʻrtacha ortib borishiga qarab ortib boruvchi soliq stavkalari belgilanadi. Bu eng yuqori ish haqi darajasining oʻsishiga taʼsir koʻrsatish va uni iqtisodiy usullar bilan cheklash imkonini beradi. Yollanma xodimlar ish haqini davlat yoʻli bilan tartibga solish aholining eng kam taʼminlangan qatlamlari — yoshlar, malakasiz xodimlar, mehnat qobiliyati cheklanganlar va boshqalarni ijtimoiy himoya qilishda, inflyatsiya, real ish haqining pasayishini cheklashda muhim ahamiyatga ega.
Ish haqining asosiy vazifasi ishlab chiqarishning bevosita qatnashchisi boʻlgan xodim hamda uning oila aʼzolarining hayot va mehnat faoliyati sharoitlarini taʼminlashidan iborat. Qiymatning mehnat nazariyasi ish kuchini alohida, oʻziga xos tovar deb hisoblaydi. Shu sababli, bu nazariya ish haqini tovar boʻlgan ish kuchi qiymatining oʻzgargan shakli, yaʼni uning puldagi ifodasi deb hisoblaydi va uni ish kuchini takror ishlab chiqarishi uchun zarur boʻlgan tirikchilik vositalari qiymati tarzida taʼriflaydi. Ish haqiga ish kuchi qiymatining puldagi ifodasi sifatida qarash aniq mehnat bozorida ish haqi darajasiga talab va taklif omillarining taʼsirini hisobga olmaydi. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar mehnat bozorida real ish haqining oʻrtacha darajasi yashash uchun zarur tirikchilik vositalari minimumiga qaraganda ancha yuqori darajada turadi. Odatda, mehnat bozorida ish kuchiga muvozanatli narx shakllanadi. Bu narx ish haqi yoki ish haqi stavkasi deb ataladi. Mehnat birligining bozor narxi ish haqi miqdori (stavkasi) boʻlib, lavozim okladi tarzida yoki shartnomaga muvofiq belgilab qoʻyiladi, lekin mamlakatda qonun bilan belgilangan eng kam ish haqi darajasidan oz boʻlishi mumkin emas. Shuningdek, ish haqi miqdori muayyan vaqt birligi (soat, kun, hafta, oy) ichida bajariladigan va muayyan kasb-malaka xususiyatlariga ega boʻlgan mehnatga toʻlanadigan haq darajasini belgilaydi. Ish haqi miqdori yollanma xodimlarning turmush darajasini ifodalovchi koʻrsatkichdir. Nominal va real ish haqi koʻrsatkichlari mavjud. Nominal ish haqi yollanma xodimning oʻz mehnati evaziga olgan pul daromadalari. Real ish haqi xodimning olgan ish haqiga qancha va qanday isteʼmol buyumlari sotib olishi va madaniy-maishiy xizmatlardan foydalanish mumkinligini koʻrsatadi. Boshqacha aytganda real ish haqi — bu nominal ish haqining „xarid etish“ qobiliyati. Real ish haqi boshqa sharoitlar bir xil boʻlganda, nominal ish haqiga toʻgʻri mutanosibdir va isteʼmol buyumlari va xizmatlar narxining darajasiga teskari mutanosibdir. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida mehnatning miqdori va sifatiga qarab mehnatga haq toʻlashning, asosan, vaqtbay va ishbay tizimlari qoʻllaniladi. Vaqtbay ish haqi shaklida xodim oladigan ish haqi miqdori ishlagan vaqt bilan bogʻliq boʻladi, yaʼni ish haqi miqdori mehnat unumdorligi va intensivlik darajasiga bogʻliq emas. Ishbay ish haqi xodimning maʼlum vaqt mobaynida tayyorlangan mahsuloti miqdori bilan oʻlchanadi. Ishbay ish haqining koʻrinishlaridan biri — akkord ish haqi. Bunda jamoa yoki ayrim xodimga ish hajmi oldindan belgilab beriladi, umumiy haq summasi kelishib olinadi. Ish butunlay yakunlanganidan keyin ish haqi oxirigacha toʻlanadi. Ish haqining bunday shaklidan koʻpincha qurilishda foydalaniladi. Bulardan tashqari aksar mamlakatlarda ish haqidan tashqari mehnatda erishgan yutuqlari uchun mukofotlash ham mavjud. Bular vaqtbay mukofot, ishbay mukofot tizimlari hamda korxonada olingan foyda hisobidan ajratiladigan moddiy ragʻbatlantirish fondidan mukofotlash tizimidir.