Magistrlik dissertatsiyasining tahlil obyekti- iqtisodiyot, iqtisodiy tizimlar, asosiy o’rganish predmeti esa, ulardagi miqdoriy bog’lanishlardir. Boshqa iqtisodiy fanlarga qaraganda, ushbu kompleks iqtisodiyotni har xil ekonometrik usullar va modellar asosida tahlil qiladi.
Quyidagi asosiy ekonometrik usullar orqali tahlil amalga oshirildi:
1. Matematik statistika usullari. U o`z navbatida quyidagi usullarga bo'linadi:
a) dispersion tahlil;
b) korrelyatsion tahlil;
v) regression tahlil;
g) omilli (omiliy) tahlil;
d) indekslar nazariyasi.
2 Makroekonometrik usullar:
a) iqtisodiy о si sh nazariyasi;
b) tarmoqlararo balanslar;
v) ishlab chiqarish funktsiyalari nazariyasi;
g) talab va taklif tahlili;
3. Optimal dasturlash:
a) chiziqli dasturlash;
b) kasr-chiziqli dasturlash;
v) butun sonli dasturlash;
g) dinamik dasturlash;
d) stoxastik dasturlash;
e) o'yinlar nazariyasi va boshqalar.
4. Bozor iqtisodiyotiga taalluqli usullar:
a) erkin raqobat modellari;
b) firmalarga taalluqli modellar.
Modellashtirish jarayonining asosiy bosqichlari turli sohalarda, shu jumladan, iqtisodiyotda ham o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’ladi. Iqtisodiy-matematik modellashtirish bitta siklining bosqichlari ketma-ketligi va mazmunini tahlil qilish quyidagi vazifalarni o`z ichiga oladi:
Iqtisodiy muammoning qo’yilishi va uni sifat jihatdan tahlil qilish. Bu bosqich modellashtiriladigan ob’ektning eng muhim xususiyatlari va xossalarini ajratib, ularni ikkinchi darajalilaridan abstraktsiyalashni; ob’ektning tuzilmasi va uning elementlarini bog`lovchi asosiy bog`lanishlarni o’rganishni; obyektning holati va rivojlanishini tushuntiruvchi (hech bo’lmaganda dastlabki) gipotezalarni shakllantirishni o’z ichiga oladi.
Matematik modelni qurish. Bu bosqich iqtisodiy muammoni formallashtirish, uni tayinli matematik bog`lanishlar va munosabatlar (funktsiyalar, tenglamalar, tengsizliklar va h.k.) ko’rinishida ifodalash bosqichidir. Odatda avval matematik modelning asosiy qurilmasi (turi) aniqlanadi, so’ngra bu qurilmaning tarkibiy qismlari (o’zgaruvchilar va parametrlarning konkret ro’yxati, bog`lanishlar shakli) aniqlashtiriladi.
Modelni matematik tahlil qilish. Bu bosqichning maqsadi modelning umumiy xossalarini aniqlashdan iborat. Bu erda tadqiqotning sof matematik usullari qo’llaniladi. Modelning analitik tadqiqotida echimning mavjudligi, yagonaligi, echimga qaysi o’zgaruvchilar (noma’lumlar) kirishi mumkinligi, ular orasidagi munosabatlar, bu o’zgaruvchilar qaysi doirada va qanday dastlabki shartlarga bog`liq ravishda o’zgarishi, ularning o’zgarishining yo’nalishlari va shu kabi masalalar oydinlashtiriladi. Modelning analitik tadqiqoti empirik (sonli) tadqiqotiga nisbatan shunisi bilan afzalki, bunda olinayotgan xulosalar model tashqi va ichki parametrlarining har xil tayinli qiymatlarida o’z kuchini saqlaydi. Shunga qaramay, murakkab iqtisodiy ob’ektlarning modellari juda katta qiyinchilik bilan analitik tadqiqotlarga keltiriladi. Analitik usullar bilan modelning umumiy xossalarini aniqlashning ilojisi bo’lmaydigan hamda modelni soddalashtirish maqsadga muvofiq bo’lmagan natijalarga olib keladigan hollarda tadqiqotning sonli usullariga o’tiladi.
Dastlabki ma’lumotlarni tayyorlash. Modellashtirish axborot tizimiga qat’iy talablar qo’yadi. Shu bilan birga axborot olishning haqiqiy imkoniyatlari amalda qo’llash uchun mo’ljallangan modellarning tanlanishini chegaralab qo’yadi. Bunda nafaqat (aniq muddatlarda) axborot tayyorlashning amaldagi imkoniyati, balki tegishli axborot massivlarini tayyorlashning sarf-xarajatlari ham e’tiborga olinadi. Bu sarf-xarajatlar qo’shimcha axborotdan foydalanish samarasidan oshishi kerak emas.
Sonli yechish. Bu bosqich masalani sonli yechish uchun algoritmlarni ishlab chiqish, EHMlarda dasturlar tuzish va bevosita hisoblashlar o’tkazishni o’z ichiga oladi. Bu bosqichdagi qiyinchiliklar, birinchi navbatda, iqtisodiy masalalarning katta hajmi, juda katta axborot massivlarini qayta ishlash zaruriyatidan kelib chiqadi. Sonli usullar bilan o’tkaziladigan tadqiqot analitik tadqiqot natijalarini jiddiy to’ldirishi mumkin, ko’pgina modellar uchun esa u amalga oshiriladigan birdan-bir tadqiqot bo’ladi. Sonli usullar bilan echish mumkin bo’lgan iqtisodiy masalalar sinfi analitik tadqiqot qilish mumkin bo’lgan masalalar sinfidan ancha kengroq. Sonli natijalar tahlili va ularning tatbiqi. Tsiklning bu yakunlovchi bosqichida modellashtirish natijalarining to’g`riligi va to’laligi, ularning amalda qo’llanish darajasi haqida muammo ko’tariladi. Tekshirishning matematik usullari modellarning noto’g`ri tuzilishini aniqlashi va shu bilan to’g’ri bo’lishi mumkin bo’lgan modellar sinfini toraytiradi. Model vositasida olinadigan nazariy xulosalar va sonli natijalarning formal bo’lmagan tahlili, ularni mavjud bilimlar va haqiqatdagi faktlar bilan solishtirish iqtisodiy masala qo’yilishining, qurilgan matematik modelning, uni axborot bilan va matematik ta’minlashning kamchiliklarini payqashga imkon beradi.
Ekonometrik modellarni tahlil qilish bir qancha bosqichlardan tashkil topadi. Ular dissertatsiya ishida alohida ko'rib chiqilgan:
Birinchi bosqich. Iqtisodiy jarayon har tomonlama nazariy, sifat jihatdan tahlil qilinadi va uning parametrlari, ichki va tashqi informatsion aloqalar, ishlab chiqarish resurslari, rejalashtirish davri kabi ko'rsatkichlar aniqlanadi.
Ikkinchi bosqich. Bu bosqichda izlanayotgan noma'lum o'zgaruvchilar qaysi, qanday maqsadni ko'zda tutadi, natija nimalarga olib keladi kabi savollar aniqlangan bo'lishi kerak.
Uchinchi bosqich. Modellashtirilayotgan jarayonning iqtisodiy-matematik modeli tenglamalari va tengsizliklar tizimi shaklida ifodalanadi.
To’rtinchi bosqich. Tuzilgan iqtisodiy-matematik modelning miqdoriy yechimini aniqlaydigan usul tanlanadi.
Beshinchi bosqich. Masalani yechish uchun kerakli bo'lgan barcha iqtisodiy ma’lumotlar to'planadi.
Oltinchi bosqich. Olingan ma'lumotlar statistik tahlil qilinib, EHMda tanlangan usul va dasturdan foydalanib, qo'yilgan masala yechiladi.
Yettinchi bosqich. Olingan natijalar iqtisodiy tahlil qilinadi va optimal variant tanlanadi.
Yuqorida sanab o'tilgan bosqichlar bir-biri bilan chambarchas bog'liq va biri ikkinchisini to'ldirib, yagona maqsadni amalga oshirish uchun xizmat qiladi.
Shuni eslatib o’tish kerakki, masalani kompyuterda yechish uchun standart dastur bo'lmaganligi sababli, uni ma'lum algoritmlar asosida tuzish rejalashtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |