II BOB. XVII ASR FRANSUZ ROMAN
2.1. Madam de Lafayet ijodi
Klassitsizm poetikasida har xil adabiy janrlarning solishtirma og‘irligi nihoyat darajada turlicha edi. Proza sohasida klassitsizm tarafdorlari tavsifiy va didaktik (ta’lim-tarbiyaviy, pand-nasihatli) janrlarga ishtiyoq namoyon qildilar, ushbu janlarda ular tashqi voqea-hodisalarda tо‘xtalmasdan imkon boricha umumlashtirilgan, tipiklashtirilgan obrazlar bilan ish kо‘rishlari mumkin bо‘lgan. Shunday yо‘l tutishlar klassitsizm tarafdorlarning romanga nisbatan beparvo qarashlarni, romanni nazar-pisand qilmasliklarni keltirib chiqargan, uning ustiga ular romanni talablarga tо‘la javob beraolmaydigan, ijobiy xislatlari yetarli bо‘lmagan past janr deb hisoblanganlar. Klassitsizm ruhida yaratilgan yagona roman madam de Lafayet qalamiga mansub Malika de Klev asari aslini olganda, hikoya elementlari yetarli darajada ishlab chiqilmagan, biroq shunga qaramasdan, mohirona yozilgan psixologik etyuddir.
Darhaqiqat, tom manodagi hikoyaviy uslub klassitsizmga xos emas edi. Biroq XVII asrning 70-yillarida, yani yuqorida nomi zikr etilgan janrlar gullab yashnagan davrda, hikoya uslubining ajoyib namunasi, aytish mumkinki, klassitsizm davrining yagona haqiqiy Malika de Klyov (La Princesse de Clèves, 1678) romani paydo bо‘ldi. Bu unchalik katta bо‘lmagan asar de Skyuderi qalamiga mansub barokko uslubida yaratilgan bejamador va tamtaroqli “Astreya”, “Kira”, Kleliya” kabi romanlar fonida yaqqol ajralib turardi. Shubhasiz, ushbu hajman yirik romanlarga nisbatan “Malika de Klyov” romani nafaqat qisqa va lо‘ndaligi, balki о‘zining mazmuni, obrazlarning psixologik jihatdan chuqur talqini va real vaziyatlarning mohirona tasvirlanishi bilan ustun chiqdi. Bu esa mazkur asarning barokko uslubining pastoral uslubiga qaraganda afzalligini, о‘ziga xos tarzda yaratilganligi namoyon qildi, desak mubolag‘a bо‘lmaydi. Ta’kidlash kerakki, “Malika de Klyov” – fransuz adabiyotida birinchi sof psixologik roman hisoblanadi, negaki u shu choqqacha jonsiz Galateya va hayotdan uzoq Seladonlarga tо‘lib toshgan fransuz nasrini qisman bо‘lsada jonlantirdi, unga yangicha ruh bag‘ishladi. Serhasham va g‘alati bо‘lib kо‘ringan badiiy tо‘qimalar asrida “Malika de Klyov” romani, Floberning “Madam Bovari”, Balzak va Stendal asarlari ruhiga hamohang tarzda, insoniy his-tuyg‘ular, kechinmalar, g‘am-tashvishlarning haqiqatga о‘xshashligini namoyon kildi.
“Malika de Klyov” romani muallifi – Mari-Madlen de Lafayet (Marie-Madeleine de La Fayette, 1634-1693), yoshligida markiza Rambulye tuzgan salonining doimiy mijoziga aylandi, chunki bu salondan fransuz aristokratiya jamiyatiga nafaqat xushmuomala, odob-nazokat, nozik va nafis did, balki qaltis ishqiy sarguzashtlarga boy mavzudagi romanlar ham tarqatilardi. Madam de Lafayetning ilk badiiy asari Zaida (Zaïde, 1670) romani о‘zining strukturasi va uslubi bо‘yicha ushbu janrga mansub edi. Dengiz qaroqchilari, kemalar halokatga uchrashi, har xil hiyla nayranglar, sohibjamol malikalarni о‘g‘irlab ketishlar, tutqunlikdan qutulishlar, uzoq kutilgan uchrashuvlar, ajoyibu g‘aroyib mamlakatlar, noma’lu va notanish voha va sahrolar – barokko romani poetikasiga tо‘liq javob beruvchi “Zaida” romanining mavzusi shulardan iborat. Darvoqe, barokko romani poetikasi о‘z nazariy negizini fransuz munaqqidi Gyustav Gyue (Gustave Huet) ning “Romanlar paydo bо‘lishi haqida” (De l’origine des romans, 1670) nomli asarida topgan edi: “Romanlarning maqsad muddaosi shundaki, ezgu ish, himmat va saxovat, yaxshi xislatu fazilatlar har doim taqdirlanishi, odobsizlik, har xil turdagi illat va nuqsonlar esa qoralanishi lozim”. Lekin о‘zining ushbu birinchi romaniga Mari-Madlen de Lafayet bir qadar yangi, о‘ziga xos xususiyatlarni kiritishga muvaffaq bо‘lganini ta’kidlash lozim. Adibaning asosiy diqqat-e’tiborini voqea-hodisalarning tashqi rang-barangligi emas, balki personajlar harakatlarining psixologik jihatdan asoslanganligi о‘ziga jalb qiladi.
Agar “Zaida”da ushbu, sо‘zsiz, islohotchilik yо‘li endigina kо‘ringan bо‘lsa, “Malika de Klyov” romanida esa ushbu tutilgan yо‘l tо‘g‘riligini isbotladi, deyish mumkinki, tugallangan holda, mukammal tarzda namoyon bо‘ldi.
Ushbu romanning yaratilishi Mari-Madlen de Lafayet gersog Laroshfuko bilan tanishganligi davriga borib taqaladi; mashhur fransuz faylasufi shu paytga kelib о‘zining “Maksimalari”ni tugatish arafasida edi va ushbu tanishuv gersogga yangi kuch va ruh bag‘ishladi. Mari-Madlen de Lafayet va Laroshfuko о‘rtasida paydo bо‘lgan dо‘stlik rishtalari vaqt о‘tib mustahkam va sadoqatli ishqiy munosabatga aylanib, ikki yozuvchi ijodiga samarali ta’sir qildi. Mari-Madlen de Lafayet о‘zining xotiranomalarida ikror bо‘lishicha: “Laroshfuko mening aql-idrokimni boyitdi, men esa uning yuragini qaytadan vujudga keltirdim”. Bu vaqtga kelib Laroshfuko ellik yoshga yaqinlashib qolgan, de Lafayet о‘ttizdan oshgan edi. Darvoqe, hayotda kо‘pni kо‘rgan ushbu odamlarning о‘rtasidagi xushbahra, serzavq, о‘zaro ishonchli yaqinlik ularning о‘ziga xos ijodiy hamkorligida namoyon bо‘ldi.
“Malika de Klyov” romani nashrga topshirgan Mari-Madlen de Lafayet ehtiyotkorona, har ehtimolga qarshi о‘z kotibi, yozuvchi Segre (Segrais) dan romanning titul4 varag‘iga aynan uning nomini qо‘yish uchun oldindan roziligini olib qо‘ygan edi. E’tiborli tomoni shundaki, de Lafayet oldingi asarlarni nashr qilayotganda huddi shunday yо‘l tutgan edi; keyinchalik bu Segrega “Malika de Klyov” romani muallifligiga da’vogar bо‘lishga zamin yaratdi.
Roman syujeti quyidagilardan iborat. Aslzodalar nasabidan bо‘lgan mademuazel de Shartr, о‘zi yoqtirmagan va sevmagan shahzoda de Klyovga nikohlab qо‘yilgan zahoti, yosh va kelishgan saroy ayoni Nemurni uchratadi. Ular о‘rtasida ehtirosli otashin muhabbat tug‘iladi. Mademuazel de Shartr Nemurni jondan ortiq sevganligiga, kuchli his-tuyg‘u girdobiga tushib qolganligiga, yuragida borgan sari lovullab yona boshlayotgan muhabbatni ancha vaqtgacha sezmay yuradi. Ushbu his-tuyg‘ular, ehtiroslar uni butunligicha chulg‘ab olganidan sо‘nggina u tushib qolgan vaziyatning fojiaviyligini tushuna boshlaydi. Nomiga dog‘ tushirmagan, olijanob va vijdonli ayol о‘z eriga vafodorligini saqlab qolishga harchand erishmasin, yuragini, dilini, es-xushini, fikru xayolini о‘rab olgan tuyg‘ularga qanchalik bardosh bermasin, muhabbatni yenga olishga kuch topa olmasdan eridan uni qishloqqa olib ketishni iltimos qiladi. Biroq bu unga zarracha yordam bermaydi, qayg‘u-tashvish, azob-uqubatlardan qutqazmaydi, uning ahvolini yengillatolmaydi. О‘shanda u bor gapni, ya’ni Nemurga bо‘lgan muhabbatiga ikror bо‘ladi va shu ondayoq о‘z eriga sodiq qolishiga ont ichadi. Eshitganidan qattiq larzaga kelgan, о‘z qulog‘iga ishonmagan markiz de Klyov betob bо‘lib qoladi va kо‘p о‘tmay hayotdan kо‘z yumadi. Endi qо‘l-oyog‘ini mahkam bog‘lab turgan kishanlar yechildi, muhabbatini bug‘ib turgan iskanjalar olib tashlandi, biroq erki о‘z qо‘lida bо‘lgan malika de Klyov, bundan buyon seviqli yori bilan birga bо‘lish huquqiga qaramasdan, о‘z baxtidan voz kechadi va ayollar monastiriga bekinadi.
Malika de Klyov monastirda hayotdan yashirinishi, yaqinlaridan yuz о‘girishi, tarki dunyochiligining ikki sababi bor. Birinchidan, sofdil va pok ayol aynan u deb bevaqt va befarzand shamdek sо‘nib ketgan eriga vafodor qolishga majbur deb hisoblaydi, bu qaror ibrat va nasihat ruhdagi romanning ma’no-mazmuniga butunlay mos keladi. Ikkinchidan, sevikli yori bо‘lmish Nemurning subutligiga, muhabbatda sodiq qolishligiga ishonchsizlik uni yangi nikohga ahdu paymon qilishga tо‘xtatib turadi.
“Men umrbod Sizning baxtingiz bо‘la olmayman, unga kuchim yetmaydi, - uzil-kesil ikror bо‘ladi u Nemurga. Hozirda menga maftun bо‘lganingizdek boshqa bir sohibjamol va royish ayolga xushtorlik qilayotgangiz payti ham kelishi mumkin... U holda menga yurak azobi, jabr-jafodan qiynalishdan, rashq о‘tidan qо‘yishdan boshqa hech narsa qolmasdi; men hattoki nolishga, hasrat tо‘kishga jur’at eta olarmidim bilmayman. Sevikli yordan о‘pkalash mumkin, lekin о‘z erining kо‘ngli soviganda unga ta’na-malomat toshlarini otish mumkinmi?” Malika de Klyov Nemurni tashlab ketishi va monastirda о‘zini tiriklayin dafn qilishi sabablari aynan shunda. Nemur boshida ruhan eziladi, sevgilisini qо‘msaydi, qiynaladi, lekin kо‘p о‘tmay yuragiga taskin topadi va mahbubasini unutadi.
Romanda jilovlab bо‘lmas his-tuyg‘u, jо‘shqin ehtiros, otashin muhabbat tufayli fojiali holatga, nochor ahvolga tushib qolgan, zirqiratuvchi og‘riq keltiradigan bu vaziyatni his etuvchi va oxiri undan g‘olibona chiqib ketuvchi yosh ayolning ruhiy holati chuqur tahlil etiladi va haqqoniy turzda tasvirlanadi. Tashqi kо‘rinishdan vafosizlik, xiyonatga tо‘la vaziyat murakkab psixologik mojaroga aylanadi, unda bosh qahramon hisoblanmish malika de Klyov zodagonlarga xos bо‘lgan ma’naviy–axloqiy tamoyillar, odob-axloq (aniqrog‘i, axloqsizlik, buzuqlik) chegaralaridan ustun chiqadi va о‘zida noqobil, garchi sirtdan juda ham yoqimtoy va kо‘rkam qiyofali odam bо‘lgan sevikli yor bahridan о‘tishga kuch topa oladi. Agar Nemur muhabbatida beburd zodagonlarga xos bо‘lgan xushtorlik, kо‘ngilxushlik, yengiltabiatlik, yuzakilikni bemalol kо‘rish mumkin bо‘lsa, malika de Klyov muhabbatida dunyoqarashlaridagi ziddiyatlarning berk kо‘chaga tushib qolganligini his etuvchi, shunga qaramasdan, erksizlikdan qutulgan, izmi о‘z qо‘lida bо‘lgan hur fikrli ayolning chin muhabbati, haqiqiy ehtiroslari yorqin ranglarda tasvirlangan. Malika de Klyov namoyon qilgan noroziligi, hukmronlik surgan vaziyatga qarshi chiqishi oxir oqibat obyektiv ravishda XVII asr fransuz aristokratiya jamiyatida tarixan shakllanib kelgan psixologiyaning bir yoklamaligiga, torligiga qarshilik kо‘rsatishga aylanadi.
Roman bosh qahramoni – malika de Klyov ehtiros va ishtiyoqni jilovlay olishi, uning kechinmalari, his-tuyg‘ularining nozik tahlili hamda ehtiros va aql-idrok о‘rtasidagi tо‘qnashuvni tasvirlash uslubi, de Lafayet romanini Kornel va Rasin tragediyalariga ya’ni, bir tomondan, Kornelning “Poliyevkt” (Poleucte, 1642), boshqasidan esa Rasinning “Andromaxa” (Andromaque, 1667) pyesalariga bо‘lgan nasriy variantidek yaqinlashtiradi.
Tashqi kо‘rinishdan “Malika de Klyov” tarixiy romanga о‘xshab ketadi. Asosiy personajlar harakatlanayotgan muhit – bu XVI asr о‘rtalaridagi fransuz qirollik saroyi, undagi hayot, hukmronlik suruvchi ijtimoiy-siyosiy vaziyat. Biroq romanda kundalik hayot, urf-odat va qat’iy о‘rnatilgan rasm-rusumlarda tarixiy yoki arxeologik aniqlikni, aynan о‘xshashliklni axtarish vaqt zoye ketgani demakdir. Yanada aniqroq qilib aytganda, qirol Henrix II va qirol Lyudovik XIV davrida saroy hayotining о‘xshashligi, bir xilligiga qaramasdan, XVII asr ikkinchi yarmidagi zodagonlar hayotining bir qator xususiyatlari, о‘ziga xos yashash tarzi, qolaversa xislatu fazilatlar XVI asrga о‘tkazilganligini aniqlash qiyin emas. Muhim jihati shundaki, de Lafayet diqqat markazida konkret tarixiy hayotni tiklash emas, balki inson tabiati, fe’l-atvori, ijobiy va salbiy sifatlarning muayyan hayotiy sharoitlarda rivojlanishini, ta’bir joiz bо‘lsa, har xil ta’sirlar ostida о‘zgarishi, boshqa qiyofaga kirishini tiklash afzalroq bо‘lgan.
Tarixiy-psixologik romanning yirik namoyandalaridan biri Stendal tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri “Malika de Klyov”ni tarixiy roman janri asoschisi, mashhur ingliz adibi Valter Skott romanlariga qarama-qarshi qо‘yganligi bejiz emas albatta. Stendal fikricha: “Bu ikki nom ikkita bir-biriga mutlaq qarama-qarshi roman turini anglatadi. Qahramon liboslarini, ular joylashgan manzarani, chehralarini, qiyofalarini yoki ularning qalblarini egallab olgan his-tuyg‘ularni, hayajonga soluvchi ehtiroslarini tasvirlash – qaysi biri muhimroq?” Va Stendal, hech ikkilanmasdan, ustunlikni ikkinchi, ya’ni “Malika de Klyov” yaratilgan ajoyib о‘ziga xos uslubga beradi.
Madam de Lafayetning psixologik realizmi uning qat’iy klassik uslubiga hamohang tushadi, desak yanglishmagan bо‘lamiz. Negaki о‘z qahramonlarining ruhiy holatini, ma’naviy qiyofasini puxta ishlab chiqib, adiba qisqa va umumlashtirilgan obraz sifatida gavdalantirish bilan cheklanadi, ongli ravishda obyektiv voqelikni tasvirlashdan bosh tortadi. Insoniy ehtiroslarning bir qadar mavhumlashtirilishi, yani odam, voqea, hodisalarning muhim tomonlarini aniqlash uchun ularning juziy tomonlarini xayolan bir chekkaga qо‘yib turib qarash va shu tarzda fikr yuritish, shuningdek umumiy belgilardan oqilona, aql-idrokka tayangan holda foydalanish Mari-Madlen de Lafayet romanini klassitsizm tamoyillariga asoslangan izchil poetika talablariga tо‘liq javob beruvchi saviyaga kо‘taradi. Agar badiiy adabiyotning shu kabi shakli klassitsizm nazariyasida oldindan nazarga olinmagan bо‘lsa (Bualoning “She’riy san’at”i “Malika de Klyov”dan tо‘rt yil oldin paydo bо‘ldi), de Lafayet romanida u unga tо‘liq javob beradi.
Nima bо‘lganda ham, “Malika de Klyov” butunligicha Uyg‘onish davri realizmi zamirida oldindan tayyorlandi. Va bu fikr asoslidir. Akademik A.N.Veselovskiy ushbu romanni tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri Bokachchoning “Fyametta” darajasigacha kо‘tardi. U: “Bokachcho zamondoshlari ham “Fyametta”ni diqqat bilan о‘qishardi, biroq undan psixologiya saboqlarini emas, balki dabdabali, lekin ravon nutq, hushohang va maftunkor jumla tarovati, dilraboligidan teran mushohada, mulohaza qilishadi... Jо‘sh urgan jonli oqim uzoq vaqtga kum ichra yо‘qolib ketadi-da va boshqa joyda: m-me de La Fayettening “Malika de Klyov” romanida buloq otib, о‘zgacha yangraydi”, deb yozgan5.
Shunday qilib, madam de Lafayetning “Malika de Klyov” romani XVII asr fransuz adabiyoti va Renessans adabiyoti an’analari о‘rtasida uzviy bog‘liklik mavjudligini yana bir karra tasdiqlaydi. U tadqiqotchilar tarafidan kо‘pincha e’tiborga olinmaydigan fransuz adabiyoti tarixida ikki buyuk davrlar izchil bog‘likligini, adabiy an’analar meros bо‘lib qolishini yaqqol namoyon qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |