Kitob va kitobxonlik – inson ma’naviyati ko‘zgusi
Olimlar, ziyolilar, mamlakat va millat kelajagi uchun chuqur qayg‘urganlarni yaqin-yaqingacha bir narsa qiynab kelardi: nega yoshlarimiz, umuman, fuqarolarimiz o‘rtasida kitobxonlik madaniyati pasayib ketdi, nima uchun yerdan ko‘kka ko‘taradigan, bizni barkamollik sari yetaklaydigan, insonlar qalbiga yorug‘lik va iliqlik kiritadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlik, vayronkorlik bilan bunyodkorlikning farqini ongli ravishda anglatishga yordam beradigan, insoniyat tomonidan yaratilgan eng noyob kashfiyot – kitobning qadri tushib ketmoqda? Ne sababdan ayrimlar kitob o‘qiganlarni zamondan orqada qolayotganlar qatoriga qo‘shib qo‘ymoqda?
Darhaqiqat, bu savollar barchamizni qiynar edi. Men shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2016 yil 19 oktabrda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s'yezdidagi saylovoldi ma'ruzasida bildirilgan ayrim fikrlari xususida to‘htalmoqchi edim. Ma'ruzada bugungi kunda axborot – kommunikatsiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emasligiga e'tibor berilgan.
“Ayni paytda, - deydi Shavkat Miromonovich, - axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e'tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb etadi”. (“XXI asr”, 2016, 20 oktabr)
Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, ushbu fikrlar mamlakatimizdagi barcha ziyolilar, millat kelajagi, uning ma'naviy barkamolligi uchun tashvishda bo‘lganlarning yurak-yuragidagi gap bo‘ldi. Kitob barchamizga charog‘on yo‘lni ko‘rsatishini, ma'naviy olamimizni shakllantirishini, kelajakdagi yagona yagona to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam berishini bilsakda, uni o‘qimasak, kitobning insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot ekanligini tushunsakda, ammo uni “kult” darajasiga ko‘tarmasak-bu holda bizning kitob to‘g‘risidagi tasavvurlarimiz xato bo‘lmaydimi?
Ana shu fikrlar bilan oshno bo‘lib turganimizda, kechagina muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” (2017 yil 12 yanvar)gi farmoyishi e'lon qilindi. Mazkur farmoyish kitob, kitobxonlik madaniyatining jamiyat ma'naviy hayotidagi o‘rni va rolini yana bir yangi bosqichga ko‘targanligi bilan izohlanadi. Ta'kidlanishicha, bugungi kunda matbuot, noshirlik va axborot sohasida tegishli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilingan. 1677 ta matbaa korxonalari, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta hududiy birlik axborot-kutubxona markazi, tuman va shahar markazlaridagi ta'lim mussasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazlari tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdota'minot” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Farmoyishning ibratli jihati shundan iboratki, unda kitob mahsulotlari nashr etish, tarqatish, kitob mutolaasi, kitobxonlik madaniyatining bugungi kundagi holati, mavjud kamchilik, xatolar ro‘y-rost ochib berilgan. Ayniqsa, badiiy, ma'rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta'lim muassasalarini ta'minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmagani, ta'lim va madaniyat muassasalari uchun kitob xarid qilishga mablag‘lar yetarli darajada mavjud bo‘lgan manbalar hisobidan jalb etilmayotgani, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ta'lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotlarini o‘tkazish, mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, ommaviy-axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlar yuksak talablar darajasida emasligiga alohida e'tibor berilgan.
Mamlakatimiz rahbarining kitob, kitobxonlik madaniyatini yaxshilash to‘g‘risida kuyunib gapirayotganliklarining chuqur falsafasi bor. Birinchidan, yuqorida qayd etilgani kabi, kitob insonni yerdan ko‘kka ko‘taruvchi, uning ma'naviy quvvatini oshiruvchi buyuk kuch hisoblanadi. Ikkinchidan, kitob insoniyatning tarixiy xotirasi, barchamizni o‘z ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy zaminimizni mustahkamlovchi, kelajakni yorqin ko‘rsatib borishga qodir mash'ala hisoblanadi.
Shuning uchun ham bizning yurtimizda ilm olish, kitob yozish, ijod qilish har doim ham millatning mavjudligi va u nimaga qodir ekanligini ko‘rsatuvchi muqaddas tushunchalar hisoblanadi. Arastu hakimdan Abu Ali Ibn Sinoga, Aflotundan-Abu Rayhon Beruniygacha, Jaloliddin Rumiydan- Alisher Navoiygacha, Sohibqiron Amir Temurdan-Muhammadsharif Gulxaniygacha yuzlab, minglab mutafakkirlarning shakllanishi, dunyoga tanilishi, zamonlar oshsada ahamiyati yo‘qolmaydigan tadqiqotu kashfiyotlari faqat va faqat kitob orqali yuz berdi. Ularning bugungi avlod tomonidan chuqur o‘rganilishi, ular ilmiy-ma'rifiy bisotiga bot-bot murojaat qilishning sababi ham mutafakkirlarimiz tomonidan yaratilgan kitoblar tufaylidir.
Sharqda axloq-odob borasida buyuk asarlar yaratgan Muhammad Jabalrudiyning kitob haqidagi quyidagi firklariga bir quloq tutaylik: “Ey aziz! Kishi uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yo‘qdir. Kitob fasohat, balog‘atda, latofatda tengi yo‘q, munofiqlikdan holi hamrohdir. Yolg‘izlikda va g‘amli ayyomlarda munis ulfatdir. Unda na nifoq boru, na gina. U shunday hamdamki, so‘zlarida yolg‘on va xato bo‘lmaydi. Suhbatidan esa kishiga malollik yetmaydi. U o‘z do‘stining dilini og‘ritmaydi. Yuragini esa siqmaydi. U shunday rafiqdirki, kishi orqasidan g‘iybat qilib yurmaydi. Uning suhbatidan senga shunday fayzli foydalar yetadiki, bunday foydani odamlardan topa olmaysan. Aksincha, aksar odamlar suhbatidan kishiga zarar yetadi. Kitobdek do‘st ichida barcha ilmu hilm mujassamdirki, u kishilarni o‘tmishdan va kelajakdan ogoh qilib turadi. Shuning uchun ham “Kitob aql qal'asidir”, deganlar”. (Mashriqzamin-hikmat bo‘stoni. -Toshkent, 1997. 39-bet)
Haqiqatdan ham, kitob barchamizni ezgulikka undaydigan, oldimizda turgan barcha muammolarni hal etishga yordam beradigan kuchdir. Shuning uchun ham yurtimizda kitob bilan oshno bo‘lgan, kitobni suygan, kitob yozgan, kitobni muqaddas bilib, qorachig‘idek asraganlarni ziyoli deb ataganlar. Ziyoli-Nur tarqatuvchi, u o‘zining xatti-harakatlari, faoliyati bilan jamiyatni nurlantiruvchi, ma'naviy-ijtimoiy barqarorlikni ta'minlovchilar hisoblangan.
Bunga uzoq va yaqin tariximizdan misollar ko‘p. Masalan, ma'rifatparvar vatandoshimiz Ishoqxon Ibrat o‘z uyida kattagina, boy kutubxona tashkil qiladi va uni “Kutubxonai Ishoqiya”, deb ataydi. Ibrat arxividagi kitoblar ro‘yhati shuni tasdiqlaydiki, kutubxonada ta'lim-tarbiya va o‘qitishga oid o‘zbek, rus, turk, tatar, fors-tojik tillarida ko‘plab kitoblar bo‘lgan. Bu kutubxonadan nafaqat o‘zi, shuningdek, qishloq aholisi ham unumli foydalangan. Ishoqxon Ibrat o‘z maktabi o‘qituvchilarini kutubxonada saqlanuvchi kitoblar bilan ta'minlagan. Kutubxonaning maktab o‘qituvchilariga bag‘ishlangan qismida Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, “Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim”, “Turkiy guliston yohud axloq”, Rustambek Yusufbek hoji o‘g‘lining “Rahbari hisob” kabi ko‘plab darslik, o‘quv qo‘llanmalari saqlangan. Ibrat kutubxonasi doimiy ravishda kattalashib borgan. U kutubxona a'zolarining kitob olish va o‘qib bo‘lgach, uni topshirish daftarlarini ham tashkil qilgan, a'zolarning, ayniqsa, yoshlarning kitob o‘qishlarini Ishoqxonning o‘zi nazorat qilib borgan. (Ibrat. Ajziy. So‘fizoda.-Toshkent, 1999.-38 bet)
Ishoqxon Ibrat kabi ziyoli, ma'rifatparvar yurtimizda juda ko‘plab yetishib chiqishgan. Ularning barchasi o‘z kutubxonalariga ega bo‘lishgan. Bunday shaxsiy ziyo maskanlaridan oddiy xalq juda unumli foydalanishgan. Shu o‘rinda mazkur Prezident farmoyishidagi bir holatga e'tibor berish lozim. Bu-hududlarda yozuvchi, shoirlar ishtirokida kitob bayrami va yarmarkalarini tashkil etish, aholi o‘rtasida badiiy jihatdan yuksak milliy va jahon mumtoz adabiyotlari namunalarini targ‘ib qilish, kitobxonlar, bosma va elektron kitob ishlab chiqaruvchilar, kitob sotuvchilar hamda kitobxonachi va targ‘ibotchilar orasida turli tanlovlar o‘tkazish masalasidir.
Darhaqiqat, bu o‘ta zarur masala. O‘z shaxsiy kuzatuvlarim natijasida shuni aytishim mukinki, bugungi kunda oilaviy kutubxonasi bor yuzlab, minglab vatandoshlarimiz mavjud. Ularning kutubxonalarida shunday noyob, nodir kitoblar borki, ular juda kamyob va yagona nushada. Biz,”Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovini o‘tkazish orqali o‘sha nodir asarlar nafaqat mazkur oilaning, shuningdek, butun jamiyatning ma'naviy mulkiga aylanishini, ulardan qo‘ni-qo‘shnilar, soha mutaxassislari samarali foydalanishlarini istardik. Oilaviy kutubxona faqatgina uyning bezagi, uy egasining “ziyoliligi”ni bildiruvchi belgi bo‘lishini istamas edik. Shu ma'noda, oilaviy kutubxona tanlovida u yoki bu kitobning chiroyliligi, sahifalarning buklanmaganligiga emas, aksincha, uning qay darajada ko‘p o‘qilganligini anglatuvchi ko‘rsatkichlariga e'tibor berish lozimligini ko‘rgimiz keladi.
Endi bugungi kitoblar, ayniqsa badiiy asarlar xususida ayrim fikrlarni bayon etsak: ma'lumki, kitob umuman, badiiy asar kishilarning dunyoqarashi, ijtimoiy-siyosiy salohiyatini ma'naviy barkamolligini ta'minlashi lozim. Bunday asarlar, darhaqiqat, yaratilmoqda, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ularni o‘qishdan charchamayapti. Ammo, buguni asarlarning barchasiga ham shunday baho qo‘yish mumkin emas. Ayrim asarlar yaxshi niyatda yaratilayotgan bo‘lsada, ammo ular “teskari samara” bermoqda. Turli salbiy ko‘rinishlar, zo‘ravonlik, ur-yiqit, odamlarda “olomon fikrlash” darajasini ko‘tarishga urinish, fahsh, illatlarni targ‘ib etish kabi holatlar ba'zi asarlarda avj olayotganing guvohi bo‘lmoqdamiz.
Mutafakkir-allomalarimiz johillikning birinchi belgisi-go‘zallikni ko‘rmaslikdir, deydilar. Haqiqatdan ham shunday. Atrofimizda shuncha yangiliklar, yangilanishlar, islohatlar sodir bo‘lmoqda, odamlarimiz tafakkur tarzi o‘zgarmoqda. Ana shu ijobiy holatlarni badiiy jihatdan pishiq asarlar orqali xalqimizga, ayniqsa yoshlarimizga yetkazish juda to‘g‘ri bo‘lar edi.
Madaniyat, san'at, ayniqsa badiiy adabiyotda zamonamiz qahramonini topish, uning obrazini yaratish, nazarimizda, o‘ta dolzarb masalalardan biridir. Prezident farmoyishida ko‘rsatilgan eng muhim masalalardan biri ham shunda. Ayrimlar zamonamiz qahramonini “ko‘rmaydilar”. Ammo, shu narsani alohida ta'kidlash lozimki, bunday qahramonlar biz bilan birga, oramizda, ular har kuni jasorat ko‘rsatmoqdalar. Ayb – biz ularni ko‘rmaganligimizda. Angren-Pop temir yo‘lida Farhodning jasoratini takrorlagan, chegarani mustahkamlashda mardlik ko‘rsatgan, yangi texnologiyalar asosida fermerlik harakatining unumdorligini oshirayotgan, turli jahon arenalarida mamlakat bayrog‘ini baland ko‘tarayotganlar-bular zamonamiz qahramonlari emasmi?
Xalqimiz aynan ana shunday kitoblarni kutmoqda. Ayrim vatandoshlarimiz “hozirgi yoshlarga jiddiy badiiy asarlarni tavsiya etgan bilan, ular bunday kitoblarni o‘qimaydilar, chunki zamon o‘zgardi”, deyishmoqda. To‘g‘ri, zamon o‘zgardi. Ammo bizning o‘zbekligimiz o‘zgargani yo‘q. Shunday paytda, yoshlarimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ular ma'naviy ehtiyojini shakillantirish uchun nimanidir tavsiya etishni ba'zan unutayotganga o‘xshaymiz. Yoshlar ma'naviy ehtiyojini shakillantirish uchun ularga ma'noli asarlar tavsiya etishimiz lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev o‘z farmoyishida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish lozimligiga alohida urg‘u bergan. Ho‘sh, kitobxonlik madaniyati deganda nimani tushunamiz? Bular, fikrimizga quyidagilardan iborat: o‘zining kasbiy-mutaxassislik hamda badiiy-ma'naviy barkamolligini oshirish uchun kitobni tanlay olish va o‘zi uchun zarurini o‘qish; kitob ustida ishlash malakasini obdon o‘rganib olish va unga chuqur amal qila bilish; kitobni mustaqil o‘qiy bilish; o‘qigan kitobning asosiy mazmunini talqin qila bilish, uning fusunkor olamiga kira bilish; o‘qiganlaridan hayotiy xulosalar chiqarish; kitobning kerakli, zarur joylarini yon daftarchaga ko‘chirib olish, notanish bo‘lgan so‘zlarni esda saqlab qolishga intilish; muntazam ravishda o‘qish ko‘nikmasiga ega bo‘lish; kitob bilan muomalada eng qadrdon do‘stingga munosabatda bo‘lganday e'tibor bilan qarash; kitobni yaroqsiz holiga keltirmaslik uchun undan to‘g‘ri foydalana bilish; kitobni shoshilmasdan, o‘ylab, diqqat-eʼtibor bilan o‘qish malakasiga ega bo‘lish, kutubxona kartotekalari bilan ishlay bilishni o‘rganish; o‘qigan kitobni do‘stlar bilan o‘rtoqlashish, yaxshi kitobni ularga tavsiya qilib, uni boshqalar ham o‘qib chiqishiga erishish; har bir yaxshi kitobni ilm qal'asining kaliti deb bilib, uning boqiy umrini ta'minlash.
Nazarimizda, mazkur farmoyish O‘zbekiston ijtimoiy-madaniy muhitini yanada barqarorlashtirishga, yoshlarimizda kitobxonlik darajasini oshirishga, pirovard natijada xalqimiz turmush tarzini yanada farovon qilishga xizmat qiladi. Shu o‘rinda yoshlarimizning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida ularning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish davrida “O‘zbek tili va adabiyoti” fanidan insho yozish bo‘yicha qo‘shimcha sinovni tashkil etish maqsadga muvofiq deb bilamiz. Gap shundaki, har yili kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni 550-600 ming atrofidagi yigit-qizlar bitirib, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishga harakat qilishadi. Yozilishi tavsiya etilayotgan insho esa ularning badiiy asar o‘qishga bo‘lgan mas'uliyatini, so‘zsiz oshiradi.
Ayni paytda, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish uchun farmoyishda belgilangan sotsiologik so‘rovnomani o‘ta mas'uliyat bilan tashkil etish lozim. Bunday so‘rovnoma bir tomondan, yoshlarning kitobxonlik madaniyati darajasini aniqlasa, boshqa tomondan, jamiyat talab etayotgan muammolarni aniqlash, mavzular tanlashga imkon beradi. shuningdek, mutaxassislar, soha xodimlari “Yoshlarga tavsiya etilayotgan 100 ta asar” ro‘yxatini tuzish, unda milliy va jahon adabiyotining nodir durdona asarlarini o‘qishni tavsiya etish ham muayyan ahamiyatga ega bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Kitob o‘qish barchamizning ma'naviy olamimizni boyitadi, so‘zlashuv madaniyatimizni oshiradi. Ayrim hollarda muqaddas o‘zbek tilimizdagi ayrim vatandoshlarimiz “xizmati” tufayli dag‘allashib, kambag‘allashib borayotganligining oldini olish uchun ham kitob o‘qish lozim. Vaholanki, bizning o‘zbek tilimiz dunyodagi eng boy tillar qatoriga kiradi. A.S.Pushkin butun ijodi davomida jami 21197 ta so‘z qo‘llagan bo‘lsa, Shekspir asarlari tilida jami 20 mingdan ortiq so‘z qo‘llanilgan. Ispan olimlari Servantesning ijodida 18 ming so‘z qo‘llanilgani haqida ma'lumot berganlar. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy asarlarida qo‘llanilgan so‘zlar soni esa 26000dan ortiq ekan. (Qodirov P. Til va el.-Toshkent, 2010-127 bet). Ana shuncha milliy boyligimizni avaylab-asrash uchun ham kitob o‘qish lozim. Darhaqiqat, kitobxonlik madaniyatini oshirish davr talabi.
II.BOB. OILAVIY KITOBXONLIK MADANIYATIGA ERISHISH – DAVR TALABI
2.1.Oilada ma’naviy sifatni shakllantirish usullari va farzand tarbiyasida ota-ona ibrati, namunasi.
Oila mafkuraviy tarbiyaning eng muxim ijtimoiy omillaridan biridir. Oila -jamiyat negizi bo‘lib, ko‘p asrlik mustahkam ma'naviy tayanchlarga ega. Milliy mafkuramizga xos bo‘lgan ilk tushunchalar, avvalo, oila muhitida singadi. Bu jarayon bobolar o‘giti, o'ta ibrati, ona mehri orqali amalga oshadi.
Oiladagi sog‘lom muxit - sog‘lom mafkurani shakllantirish manbaidir. Jamiyatda har bir oilaning mustaxkamligi, farovonligini, o‘zaro hurmat va ahillikni ta'minlash - milliy mafkurada ko‘zda tutilgan maqsadlarni amalga oshirishda tayanch bo‘ladi.
Oila muhitida tashkil etilayotgan tarbiyaviy faoliyatning milliy tarbiya g‘oyalariga asoslanishi shubxasizdir. Milliy tarbiya deganda ham milliy, xam zamonaviy talablarga mos an'ana va tajribalar vositasida amalga oshirilayotgan tarbiya jarayoni tushuniladi.
Oilada oilaviy tarbiya jarayonida tarbiya asoslaridan o‘rinli foydalanish, ota - onalarning farzandlar tarbiyasida etnopsixologik va pedagogik g‘oyalarga tayanishlari o‘sib kelayotgan avlodda milliy o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarga sodiqlik hissini tarbiyalashda muhim omil xisoblanadi.
Oilada oilaviy tarbiya jarayonida ota - onalarning samarali metodik yondoshuv asosida ish ko‘rishlari farzandlarda" milliy mentalitetga xos sifatlarni tarbiyalash, milliy tarbiya asoslarini avloddan - avlodga uzatish imkonini beradi.
Ma'naviy — axloqiy qadriyatlar shaxslararo munosabatlarda xam ustunlik kasb etishi darkor.Mamlakatimizda ko‘p qirrali isloxotlar amalga oshayotgan bir paytda mahalla jamiyat uchun ishonchli tarbiyaviy tayanch va ta'sirchan kuch bo‘lib xizmat qilishi lozim. Buning uchun yaqin istiqbolda "Oila - maktabgacha ta'lim muassasalari - umumiy o‘rta ta'lim maktablari - oliy [ta’lim muassasalari - ilmiy - tadqiqot institutlari" shaklidagi ilmiy-ma'rifiy tizimni vujudga keltirish yo‘lidan borish kerak.
Hozirgi davr yoshlarimiz dunyoqarashini milliy istiqlol ruxida shakllantirishni qat'iy talab qilmoqda. Milliy pedagogikamiz asoschilaridan biri Abdulla Avloniy yozganidek,“Tarbiya bizlar uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir". Oilalarda milliy mafkurani ongimizga singdiruvchi amaliy tarbiyani yo‘lga qo‘yish jamiyatimizda sog’lom muhitni saqlashda ulkan axamiyatta ega ekanligini anglashimiz darkor”.
Yurtiga, vataniga muhabbat, insonparvarlik tuyg’ulari xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy xususiyatdir. Shu bois milliy fazilatlarni asrab, avaylash va yanada takomillashtirish, yoshlarni mustaqil O‘zbekistonning munosib o‘g‘il -qizlari etib tarbiyalash masalasi oilavii tarbiya sohasidagi amaliy ishlarning asosiy yo‘nalishini tashkil etishi zarur. Kattalarni hurmat qilish, oila va farzandlar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, ochiq ko‘ngillilik, millatidan qat'iy nazar odamlarga xayrixoxlik bilan munosabatda bo‘lish, o‘zgalar kulfatiga xamdard bo‘lish va o‘zaro yordam tuyg‘usi kishilar o‘rtasidagi munosabatlarning me'yori hisoblanadi. Ular o‘zbek xalqining ming yillar davomida to‘plagan, necha - necha avlodlarning tarbiyaviy tajribasi nsgizida yuzaga kelgan.O’z diyoriga, o‘z Vataniga mehr-muhabbat, mehnatsevarlik, bilimga, ustozlarga, ma'rifatparvarlarga nisbatan alohida xurmat - ehtirom O‘zbekiston fuqarolariga xos fazilatlar sanaladi.
Sharq allomalarining tarbiya nazariyasi va metodlariga oid bebaxo merosi avlodlarning ma'naviy ruxiy ongi va turmush tarzini shakllantirishda muxim o‘rin tutgan bo‘lib, bugungi kunda xam o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Oila tarbiyasi -jamiyat tarbiyasining negizi. Ko‘p millatli O’zbekiston aholisini katta oilaning a'zolari deb tushunish mumkin. Oilada mustahkam tartib, uning a'zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat shakllanmagan bo‘lsa, xar bir a'zo o‘z burchini vijdonan ado etmasa, bir - biriga nisbatan o‘zaro yordam va mehr-oqibat ko‘rsatmasa jamiyat taraqqiyoti ta'minlanmaydi, ijtimoiy, iqtisodiy xamda madaniy rivojlanish ko‘zga tashlanmaydi. Oila huquqiy va ma'naviy - axloqiy asoslar negizida barpo etiladi, demokratik tarbiya negizlariga asos solinadi.
Oilani eng muxim qadriyatlardan biri sifatida e'tirof etish, ota - ona, bolalar, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, xalq, mustaqil davlat, uning asosiy ramzlari, sadoqatli bo‘lish, insonlarga hurmat, ishonch, shaxs xotirasini ulug‘lash, iymonli bo‘lish, erkinlikka intilish - zamonaviy milliy tarbiya mazmunida o‘z ifodasini topgan asosiy g’oyalar bo‘lib, anglangandek ularning ko‘lami keng. Har bir inson o‘zini muayyan xalqning farzandi deya his etganda, mazkur xalqning istiqboli, ozodligi, farovonligi yo‘lida mehnat qilib yashagandagina milliy ma'naviyat shakllanadi.
Milliy fazilatlar o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Ularning inson qiyofasida namoyon bo‘lishi u tomonidan amalga oshirilayotgan xatti - harakatning mazmuni bilan tavsiflanadi.
Bola turmush tarzi, urf-odatlar, an'analar, oila a'zolarining muomala madaniyati, shuningdek, etnik xususiyatlarni aks ettiruvchi liboslari, ro‘zg‘or anjomlari mohiyatini o‘zlashtiradi.Bola ulg‘aya borgach, uning tarbiyasida asosiy o‘rin tutuvchi oila muhiti ijtimoiy muxit bilan uyg‘unlasha boradi.Endilikda uning ongi, dunyoqarashini shakllantirishda oila bilan birga jamoatchilik xam faol ishtirok etadi. Jamoatchilik ishtiroki asosida bola mavjud sub'ektlarning ta'siri yordamida jamiyat tomonidan tan olingan ma'naviy - axloqiy xamda huquqiy me'yorlarning mohiyatini o‘zlashtira boradi. Ijtimoiy faoliyat ko‘lami hamda munosabatlar doirasining kengayishi, unda g’oyaviy-siyosiy, estetik, iqtisodiy, gigiyenik bilimlarni xam to’la o‘zlashtirishga nisbatan hayotiy ehtiyojning qaror topishiga zamin yaratadi.
Bolalar ota - onalariga ikki jixatdan o‘xshaydilar. Ular quyidagilardir:
1. Irsiy o‘xshashlik - o‘g‘il yoki qiz biologik xususiyatlari (gavdasining tuzilishi, ko‘zi, qoshi, bo‘yi, sochi va boshqa jihatlari)ga ko‘ra otasi yoki onasiga xos bo‘lgan xususiyatlarni namoyon etadi. Shunday holatlar bo‘ladiki,
atrofdagi kishilar ayrim bolalarni ilk bor ko‘rganida ularga "Falonchining o‘gli (yoki qizi) emasmisan?" deb savol beradilar.
2. Psixologik, ma'naviy - axloqiy jihatdan o‘xshashlik ota-onaga xos bo‘lgan ruxiy xamda ma'naviy - axloqiy sifatlarping bola qiyofasida aks etishi (masalan, vazminlik yoki xatti - xarakatlarni bajarishdagi yengillik, kamgaplik yoki sergaplik, jur'atlilik yoki jur'atsizlik, mexnatsevarlik yoki dangasalik, farosatlilik yoki farosatsizlik va boshqalar. Pedagogika fani g’oyalaridan yaxshi ma'lumki, bola hayotining asosiy qismi qoida muxitida kechadi. Shu bois u oilaviy munosabatlar jarayonida ota - onasining odatlari, muomala madaniyati, gapirish metodi, ma'naviy - axloqiy yondoshuvlarining moxiyatini chuqur anglaydi va aksariyat holatlarda andoza olgan holda ularni o‘zlashtiradi. Ota-ona sifatida namoyon bo‘luvchi mazkur omillarga doimiy ravishda duch kelish ularning bola xarakteriga xos me'yorlarga aylana boradi. Shunga ko‘ra, 6 yoshli bolani shartli ravishda ota - onasining «qayta rivojlanayotgan» kichik nusxasi deb atash mumkin. Agar bola faol tarzda ota- onasining tarbiyaviy namuna asosida tarbiyalansa, o‘g’il bola - otasining, qiz bola esa onasining xarakteriga xos bo‘lgan ijobiy yoki salbiy sifatlarini o‘zlashtiradi.
O‘g‘il-qizlarning tarbiyasida oila emas, aksincha, ijtimoiy muxit yetakchi o‘rin egallasa, ularda ota - onalariga xos bo‘lgan sifatlarning takrorlanishi ro‘y bermaydi. Balki, tashqi muxitda kimning ta'siri kuchli bo‘lsa, bola ana shu sub'sktga xos sifatlarni o‘zlashtiradi.
Tarbiya tushunchasi «parvarish qilish», «o‘rgatish», «mexribonlik ko‘rsatish», «ko‘z-quloq bo‘lish» hamda «himoya qilish» kabi ma'nolarini anglatadi. Oilaviy tarbiyaning pedagogik jihatdan to‘g’ri tashkil etilishi yosh avlodning har tomonlama yetuk qilib tarbiyalashda muxim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ota-onalarning farzandlariga bo‘lgan ijobiy munosabatini ifodalovchi talablar. Bular-iltimos, ishonch, ma'qullashdir. Ayni o‘rinda ularni ijobiy talablar deya nomlash mumkin.
Ota - onalarning bolalarga bo‘lgan munosabatini yaqqol ifodalovchi hamda farzandlarni muayyan faoliyatga rag’batlantiruvchi munosabatlar mohiyatini yorituvchi talablar.
Bular - maslahat, sha'ma, shartli talab va o‘yin shaklidagi talabdir. Bolalarning u yoki bu axloqiy xislatlariga salbiy munosabat namoyish etuvchi talablar. Bular — ishonchsizlik bildirish va do‘q qilishdir. Ularni salbiy talablar deb atash mumkin. Iltimos metodi oilada bevosita talabning eng ta'sirchan va tez-tez ishlatiladigan shakllaridan biri. U ota - onalar bilan bolalar o‘rtasidagi samimiy munosabatlarga tayanadi va ularning hamkorligiga erishish vositasi hisoblanadi.
Maslaxat berish yana shunisi bilan foydaliki, u bolalarni muayyan vaziyatlarda, ayniqsa, ma'lum qiyinchiliklar yuzaga kelganda ota-onalari bilan maslaxatlashishga o‘rgatadi. Ota - onalar bolalar harakatlarini qadrlar ekanlar, ayni vaziyatda ularda kichik yoshdagi o‘rtoqlariga yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllantirishga aloxida e'tibor berishlari lozim.
2.2.Shaxs kamoloti va kitobxonlik madaniyati
O‘zbekiston Respublikasi birichi Prezidenti Islom Karimov ta'kidlaganlaridek, «Oila haqida gapirar ekanmiz, avvalambor, oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta'minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo‘lib yetishishiga bevosita ta'sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘i ekanini tan olishimiz darkor». Prezidentimiz fikrlarida oilaning, eng avvalo, e'tiqod va sog‘lom dunyoqarash tarbiyasidagi benazir rolini ta'kidlangandir. Shu sababli oila hamda mahalla tizimida bola tarbiyasi bilan bog‘liq barcha tarbiyaviy ishlarning asosida xalq an'analarining, xususan, oilaviy o‘zaro munosabatlarda saqlanib qolgan milliy qadriyatlarning tub mohiyatiga aloqador qonuniyatlarni o‘rganish vazifasi turibdiki, ularning ijtimoiy psixologik shart-sharoitlarini tadqiq etish, qo‘lga kiritilgan natijalarni amaliyotga tatbiq etishni davrning o‘zi taqozo etib turibdi. Bugungi kunda oiladek ta'sirchan ijtimoiy institut orqali bolalarda aynan shunday qadriyatlarga nisbatan e'tiqodni shakllantirish va shu orqali oilaga nisbatan ijobiy ijtimoiy munosabatlarni hosil qilish dolzarb masalalardandir. Chunki oila asrlar mobaynida xalq an'nalari, milliy rasm-rusmlar va odatlarni saqlab hamda namoyon etib kelayotgan noyob makondir.
Aynan mustaqillik yillarida yoshlarni oila va unda saqlanib kelayotgan azaliy qadriyatlar ta'sirida axloqan tarbiyalash muammosi ko‘plab nazariy va empirik izlanishlar predmetiga aylanmoqda. Zero, bunday yondashuv o‘tmish allomalarning falsafiy-g‘oyaviy qarashlari, oila va oilaviy tarbiya masalalariga bag‘ishlangan o‘gitlari; ma'no-mohitiga mosdir. Sharqning buyuk mutafakkirlari sanalmish Ahmad al- Farg‘oniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Abu Nasr al-Forobiy, Abu Bakr Muhammad ibn Al-Abbos Al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi o‘nlab allomalar qarashlarida bola tarbiyasida eng muhim ijtimoiy omil sifatida oila, ota-onaning dunyoqarashi, tarbiya uslublari va bunda jamiyat e'tirof etgan me'yorlarning oila qadriyatlariga- muvofiqligi tamoyili o‘z ifodasini topgan. Chop etilayotgan qator risola va kitoblarda, ilmiy va ommabop maqolalarda ham bu masalaning turli jihatlari yoritilmoqda.
Bolalarda bilimlarni egallashga bo‘lgan intilish, ijtimoiy faoliyatning-shakllanishida ota-onalarning samarali ishtirok etishlari hal qiluvchi omil bo‘lib, bu oila tarbiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishning zarur shartlaridan biri hisoblanadi. Oila tarbiyasida bolalar hayotini to‘g‘ri tashkil etish ularni vaqtdan samarali va unumli foydalanishlarining asosiy garovidir. Bolalarning oiladagi vaqtini o‘yin, mehnat va o‘qish faoliyatlari bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash nihoyatda muhimdir. Oila jismoniy va psixologik jihatdan sog‘lom, ma'naviy barkamol, mehnat, ijtimoiy hamda oilaviy hayotga tayyor shaxsni shakllantirib berishi lozim. Oila tarbiyasining mazmuni bolalarga ijtimoiy tarbiyaning mazkur yo‘nalishlari -jismoniy, axloqiy, aqliy, estetik, mehnat, ekologik, iqtisodiy, huquqiy, siyosiy-g’oyaviy hamda jinsiy ta'lim-tarbiya berish, ularda faoliyat ko‘nikma va malakalarini shakllantirishdan iborat.
Oila muhitida tashkil etiladigan jismoniy tarbiya o‘zida bolani har jihatdan chiniqtirish, ularni tozalik va ozodalikka o‘rgatish, o‘z sogэligi uchun g’amxo‘rlik qilish va mas'uliyatli bo‘lishni ta'minlashga qaratilgan harakatlarning mazmunini ifoda etadi.
Oila tarbiyasida bolalarni aqliy jihatdan tarbiyalash ham muhim o‘rin tutadi. Bu boradagi dastlabki va muhim vazifa ota-ona tomonidan bolaning qiziqish va ehtiyojlarini ko‘ra bilish asosida tasavvur, idrok, tafakkur, xotira hamda diqqatni takomillashtirishga yordam beruvchi mashg’ulotlarga jalb etishdan iborat.
Axloqiy tarbiya oila tarbiyasining o‘zagini tashkil etadi. Uning maqsadi bolalarda eng oliy axloqiy sifatlar, ota-ona hamda oilaning boshqa a'zolari, shuningdek atrofdagilarga nisbatan adolat, mehr-muxabbat kattalarga hurmat, kichiklarga vijdon, or-nomus, gurur, burch, insonparvarlik, mehnatsevarlik, sahovat, to‘g‘riso‘zlik, kamtarlik muruvvat, intizomni ijtimoiy anglash va hokazolarni shakllantirishdan iboratdir.
Oilada estetik tarbiyani to‘g‘ri va samarali tashkil etilishi ayniqsa muhimdir. Bolalar juda yoshligidanoq soxta go‘zalliklar (yarim yalang‘och badan, me'yoridan ortiq qilingan pardoz, urfga kirib borayotgan kosmetik operatsiyalar «mahsuli», o‘ta darajadagi yaltiroq mato yoki taйinchoqlar) go‘zallikning timsoli emasligini anglab yetishlari lozim.
Farzandlarning har tomonlama yetuk bo‘lib voyaga yetishlarida ota-ona, oilaning boshqa a'zolarining dunyoqarashlari, hayotiy yondashuvlari va ma'naviy dunyosi o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Oila qadim - qadimdan muqaddas dargoh deb hisoblanib kelingan. Inson turmushini oilasiz tasavvur etib bo‘lmaydi, chunki u umri mobaynida oila ta'sirini sezib turadi, dastlab ota-onasining oilasida, so‘ng o‘zi qurgan oilasida hayot kechiradi. Har ikki holda ham oila insonning shaxs sifatida qaror topishiga muhim tarbiyaviy ta'sir kursatadi.Insonning shaxs sifatida hayotiy xususiyatlari, so‘zsiz, oilada shakllanadi.Oilada u ona tilida so‘zlashishni o‘rganadi.Millati, xalqi urf-odatlarini, an'analarini, umuminsoniy qadriyatlarni o‘zlashtiradi, dunyoqarashi, mafkurasi shakllanadi. Shu sababli oila jamiyatning ijtimoiy va ma'naviy - axloqiy tayanchi hisoblanadi.
O’tmishda oilada yosh avlodni xayotga tayyorlashda qo‘llangan usul va vositalar, tadbir shakllari, oiladagi o‘ziga xos urf - odat va an'analar, oila boshliqlari sanalmish ota va onalarning tarbiya haqidagi g’oyalari, hayotiy tajribalari milliy xalq tarbiyasida mujassamlangan. Unda yosh avlodni oilaviy hayotga tayyorlash jarayni murakkab, serqirra va uzluksiz bo‘lib, ularning kelgusi oilaviy hayotga to‘laqonli tayyor bo‘lishi uchun eng muhim talablarni, insoniy xislarni shakllantirishi muhim va zarurdir.
Hozirgi davrda oilalarning buzilishi bolalarning ota yoki ona mexridan erta juda bo‘lishining asosiy sabablari ham oila qurish va o‘z tengini tanlashda oqillikning yetishmasligi, xulq-odob hamda oilaviy munosabatlar me'yorlariga rioya etmaslik, oila xo‘jaligini yuritishda uquvsizlik, ma'naviy qashshoqlik va tekinxo‘rlikdir.
Yosh avlodni oilaviy xayotga ikki yo‘nalishda olib boriladi:
1. Ota - onalar tomonidan (oila muxitida).
2. O‘qituvchilar tomonidan (ta'lim muassasalarida).
Bu har ikki yo‘nalishda ham o‘ziga xos yordamchi omillar mavjul bo‘lib. ular mahalla, jamoatchilik, maktabdan tashqari muassasalar va boshqalar hisoblanadi.
O‘z hayot tajribamga asoslanib shuni aytmoqchimanki, bolada eng katta ishonchni oila a'zolari tashkil qilar ekan. Bolaning atrofdagi odamlarga munosabati, oila a'zolari o‘rtasidagi munosabat axloqiy jihatdan qanchalik yuksakligiga bog‘liqdir. Ota - ona mehridan g‘amxo‘rlikdan baxramand bo‘lmagan, oilaning har tomonlama himoyasini his etmagan bola o‘z atrofidagi insonlardan doimo xavotirda, hadiksirab yashaydi, uni aksi bo‘lgan oilada esa, aksincha bolada atrofdagilarga nisbatan hurmatini kuchaytiradi, uning ijtimoiy faoliyaitini oshiradi.
Sharqda azal-azaldan oila tarbiyasiga yuksak baho berib kelingan. O‘zbek oilasidagi tarbiyanyng o‘ziga xosligi va qadr-qimmati shunchaki, bu yerda farzandlar ongiga eng e'tiqodni singdirish jarayonida oilaning kattalari - bobolar, momolar, yaqin qarindosh-urug‘lar ham bevosita ishtirok etadilar. Azaliy turkiy udumga binoan ota-onadan ham ko‘ra bobo- buvilarning tarbiyaviy ta'siri kuchliroq bo‘ladi. Tarixdan ma'lumkn, asosan keksalar oiladagi ma'naviy muhitning boshqaruvchilari bo‘lganlar. Masalan, Saroy Mulk xonim Shohruh Mirzoni, suyukli nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulug‘bek Mirzolar tarbiyasini o‘z bo‘yniga olgan. Asrlar mobaynida shakllangan, avloddan- avlodga bebaho meros sifatida o‘tib kelayotgan oilaviy urf-odat, marosim va bayramlar ham farzandlarni oila muhitida to‘g‘ri tarbiyalashda muhim omil bo‘ladi. Har bir oilaning rioya etilishi lozim bo‘lgan an'analari va rasm- rusmlarining borligi, ularning jamiyat va mahalla an'analari oilap uyg‘unligi ham bolada oilaga nisbatan e'tiqodni tarbiyalashning muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
O`zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab mamlakatda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash borasida islohotlar hayotning barcha sohalari bilan uzviy bog`liq holda amalga oshirilmoqda.
Yоshlarimizning barkamol bo`lib etishishida mahalla, oila jamoat tashkilotlari va ta`lim muassasalari alohida o`rin egallaydi.Kelajak avlod haqida qayg`urish, sog`lom, barkamol insonni voyaga etkazishga intilish halqimizga xos milliy hususiyatlardandir. Darhaqiqat, barkamol avlod dastlab oilada vujudga keladi, oila muhitida yaxshi yoki yomon insonlar bo`lib voyaga etadi.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimov yoshlarni ma`naviy-ahloqiy tarbiyalashda oila, ota-ona hal qiluvchi o`rin turishga e`tibor berib shunday degan edi: “Bola tug`ilgan kunidan boshlab oila muhitida yashaydi. Oilaga xos an`analar, qadriyatlar, urf-odatlar bola zuvalasini shakllantiradi. eng muhimi, farzandlar oilaviy hayot maktabi orqali jamiyat talablarini anglaydi, his etadi. Ota-onaning farzand oldidagi burchlari, o`zlarining oxiratini obod etuvchi qarzlari bor. Ular: yaxshi nom qo`yish, yaxshi muallim qo`lida topshirib, savodini chiqarish, ilmli, kasb-hunarli qilish, boshini ikki va uyli-joyli qilish”.
Oilaviy ma`naviyatni yuksaltirishga shaxs sifatida xar bir oila a`zolarining muayyan ma`naviy dunyoga ega bo`lishi ular o`rtasidagi munosabatlar asosida vujudga keladi. Oilada ota va onaning ma`naviy fazilatlari er-xotinlik munosabatlarining sharqona an`analari insoniylik va axloqiylik darajasini belgilab beradi. Oila ma`naviy olami o`zaro hurmat, qadrlash, hamkorlik, murosasozlik, mehribonlik, rahmdillik, mehr-oqibat, sabr-bardoshlilik, insonsevarlik, olijanoblik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat kabi ma`naviy qadriyatlarni o`zida mujassamlashtirishi muhimdir. Bunday qadriyatlarning oilada e`zozlanishi, bunga amal qilinishi oilada shunday ma`naviy muhitni yaratadi. Bu esa o`sib kelayotgan avlod qalbi va ongi shakllanishida o`ta muhimdir. SHu asosda har bir oila a`zosining iste`dodi va salohiyati to`la ro`yobga chiqishi uchun sharoit yaratiladi. Natijada oila ma`naviyat maskani sifatida shakllanib boradi.
Oila tarbiyasi – bu umuminsoniy jarayonning shunday bosqichidirki, keyinchalik butun umri davomida oladigan ma`rifat va hayot saboqlari uchun asos, zamin poydevor vazifasini o`taydi. Har bir ota-ona o`z burchlarini anglagan holda oilani mustahkamligini ta`minlaydigan hamma xususiyatga to`liq rioya qilishga harakat qilishi, uning vazifa va maqsadlarini tushunishi shart.
Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi nutqida ta`kidlaganidek, “Bugungi kunda yurtimizda tobora keng tarqalib borayotgan. “O`z bolangni o`zing asra” degan da`vat faqat quruq shior bo`lib qolmasdan, har bir ota-ona, har bir fuqaroning qalbiga chuqur kirib borishi amaliy harakatga aylanishi zarur. Buning uchun bu masalani, ya`ni ota-onalarning farzandlar tarbiyasi uchun mas`uliyatini va burchini huquqiy asosda mustahkamlab qo`yish vaqti keldi, deb o`ylayman”.
Haqiqatan ham har bir ota-ona o`z farzandining tarbiyasi uchun javobgar hisoblanadi. Farzandlarimizning tarbiyalashning muhim shartlari oilalarning mustahkam, ma`naviy sog`lom asosda qurilganligi, ayniqsa, ota-onaning o`zi tarbiyalangan bo`lishidir. Ota-onalar farzandining bugungi muallimi hisoblanadi. CHunki farzandga til o`rganish, kitob o`qishga qiziqtirishi aynan oiladan boshlanadi. Hozirgi kunda farzandlarimizning har qanday insoniylikdan yiroqlashtiradigan illatlardan asrash uchun ularni ilm olishga, kitob o`qishga qiziqtira bilish lozim. Farzandni tarbiyasida har bir ota-ona o`z mas`uliyatini har bir daqiqa his qilib yashashi lozim.
Oilada sog`lom muhit mavjud bo`lgandagina, ularda har tomonlama sog`lom, barkamol inson shakllanadi. YOshlar tarbiyasi xususan jismonan baquvvat, aqlan sog`lom, umuminsoniy madaniyat, darajasi yuqori, zamonaviy bilim va kasbga ega bo`lgan kelajak avlodni voyaga etkazishda oila ma`naviyatining tutgan o`rni alohidadir.
Oila tarbiyasi bo`yicha Buyuk mutafakkirlarimiz asarlarida, muqaddas kitoblarimizda o`ziga xos fikr-mulohazalar bildirgani diqqatga sazovordir. Jumladan, islom ta`limotida farzand tarbiyasi haqida quyidagicha ta`kidlanadi: “ Islomda tarbiya ta`limdan ko`ra ustunroq va keng qamrovlidir. CHunki tarbiya bolani uyida, ko`chada, maktabda o`zini tuta bilish odoblarini, aql bilan ish yuritib, jismini, nafsini o`ziga bo`ysundirishdek og`ir ishni yo`lga qo`ydi.
Tarbiyaning asosi oila muhitidir. Bola uyda nimani ko`rsa, shunga tahlid qilib o`sadi. Oilada ota olijanob keng fe`l, bosiq, mulohazali va ozgina siyosatliroq bo`lishi, ona esa mehribon, rahmli, bolalarini behuda qarg`amaydigan va muloyim bo`lmog`i lozim.
Farzandlarimizni sog`lom e`tiqodli, jismonan baquvvat qilib tarbiyalash ham ota-ona zimmasiga yuklangan.
Rasululloh sallallohu alayhi vassalam “Farzandlaringizga suvda suzishni, kamondan otishni, nayza uloqtirishni, otda choptirishni o`rgatinglar” deb farzandlaringizni chaqqon, sog`lom, baquvvat, ziyrak qilib tarbiyalashga ummatni targ`ib qildilar”.(Termiziy va Abu Dovud rivoyatlari). Zeroki sog`lom va baquvvat farzand hamma joyda ham o`z yurtiga naf keltiradi.
Oilada ayniqsa, qiz bola tarbiyasiga e`tibor berish asosiy o`rin egallaydi. Qiz bolani erta turmushga bermaslik, ularni ilm-hunar o`rganishga yo`naltirish ham ota-onaning vazifasi hisoblanadi.
Bu borada davlatimiz tomonidan bir qancha sharoitlar yaratib berilgan va bundan keyin bu masalaga kengroq e`tibor berish borasida bir qancha vazifalar belgilab qo`yildi. Jumladan, Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyiga so`zlagan nutqida “Qizlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iste`dod va qobiliyatini yuzaga chiqarish ular orasida haqiqiy etakchilarni tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirish kerak” deb ta`kidlab o`tdilar. SHunday ekan, qiz bolaga eng qimmatli an`analar halollik, rostgo`ylik, or-nomus, sharm-hayo, mehnatsevarlik kabi insoniy fazilatlar dastlab oila davrasida shakllanadi.
Oilaning har bir a`zosi millatning davomiyligini saqlovchi milliy va umuminsoniy qadriyatlarning rivojini ta`minlovchi, ma`naviy va jismoniy barkamol avlodni dunyoga keltirib tarbiyalovchi muqaddas makon ma`naviyat maskanidir.
Insonning shaxs bo`lib shakllanishida, hayotda o`z o`rnini topish, el-yurt ichida izzat-hurmatga sazovor bo`lishida oila asosiy poydevor hisoblanadi. Oila hayotning abadiyligini davomiyligini ta`minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga kelajak nasllarni qanday inson bo`lib etishishiga bevosita ta`sir ko`rsatadigan tarbiya o`chog`idir.
Bugungi kunda uyushmagan yoshlarni oila muhitida ma`naviy barkamol shaxs qilib tarbiyalash va ular orasidagi mavjud illatlarni bartaraf etishda quyidagi masalalarga e`tibor qaratish foydadan xoli bo`lmaydi:
1.Oila ma`naviyatini yuksaltiruvchi tizimlar faoliyatini yanada yaxshilash
2. Qiz bola tarbiyasi uchun milliy qadriyatlar va an`analarimiz asosida yangi tartiblarni joriy etish
3.Jismoniy madaniyat masalasini oilaviy qadriyatlar darajasiga olib chiqish.
Odatda kitob mutolaasini maʼnaviyatni boyituvchi, bilimni oshirib, fikrlash, dunyoqarashni oʻstiruvchi vosita deb bilamiz. Oʻz navbatida xorijlik olimlarning tadqiqotlaridan maʼlum boʻlishicha, mutolaa inson salomatligi uchun ham foydali mashgʻulot ekan. Keyingi yillarda oʻtkazilgan shunday tadqiqotlar natijalari kitob mutolaasi yordamida bir qator xastaliklarni samarali davolash mumkinligini isbotladi.
Bir guruh shotland olimlari kitob mutolaasi vositasida depressiya – tushkunlik kasalligini davolashga urinib koʻrishdi. Natijalar esa hayratomuz: ushbu kasallikning birmuncha ogʻir turlarini ham tibbiy dori-darmonlarsiz shunchaki, yaxshi, qiziqarli asarlar mutolaasi orqali tuzatish mumkin ekan.
Tajriba jarayonida depressiyadan aziyat chekayotgan 2500 nafar kishi qatnashdi. Olimlar koʻngillilarni ikki guruhga boʻlishdi: birinchi guruhdagilar tushkunlikni yengish uchun antidepressantlardan foydalanishdi. Ikkinchi guruhga esa kitob oʻqish yordamida davolash usuli tavsiya etildi va ular mutolaa bilan muntazam shugʻullana boshlashdi. Roppa-rosa 4 oydan keyin oʻtkazilgan tekshiruvda esa birinchi guruhdan faqat 25 foiz kishi depressiyadan xalos boʻlgani aniqlandi. Ikkinchi guruhda esa bu koʻrsatkich 40 foizni tashkil etdi.
Bir yildan soʻng qayta oʻtkazilgan tekshiruv natijalari shuni koʻrsatdiki, kitob mutolaasi orqali davolanganlar oʻz holatini antidepressant qabul qilganlarga qaraganda yaxshiroq nazorat qila boshlagan. Bu esa kitob mutolaasi depressiyaning turli bosqichlarida ham birday samarali taʼsir koʻrsatishini isbotladi.
Bugun tibbiyot mutaxassislarining koʻpchiligi mutolaaning depressiya, uyqusizlikni davolashda katta nafi borligi, turli vaziyatlarda insonning oʻz hissiyotlarini nazorat qila olishiga yordam berishiga ishonadi. Biblioterapiya mavzusidagi dissertatsiya muallifi shifokor Pyer-Andre Bonne shunday taʼkidlaydi: “Men koʻrigimga kelgan bemorlarga tibbiy dori-darmonlar roʻyxati bilan birga oʻqish tavsiya etilgan kitoblar muqovasi rasmini ham beraman. Keyingi gal kelishganida esa bemorlar bilan bu asarlarni muhokama qilamiz. Shunda maʼlum boʻladiki, ulardan aksariyati kitobdan oʻzining sogʻayishi uchun davo topadi”.
Yuqoridagi kabi tadqiqotlar natijalari olimlarni quyidagi xulosalarga olib keldi:
Kitob oʻqish xotirani yaxshilaydi, miyani rivojlantiradi va aqliy qobiliyatni oʻstiradi. Mutolaa – miya uchun eng yaxshi mashq, u miyaga qabul qilingan axborotning saqlanishini taʼminlaydigan asab tolalarini koʻpaytiradi. Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, aqliy faollikning pasayishi mutolaani sevadiganlarda birmuncha kam kuzatilar ekan.
Mutolaa Alsgeymer kasalligiga chalinish ehtimolini kamaytiradi. Mutolaa jarayonida miya faolligi ortadi, bu esa uning umumiy holatiga ijobiy taʼsir oʻtkazadi. Olimlarning aytishicha, kitob mutolaasi keksalikda ham aqlni faol, tetik saqlab qolishning eng yaxshi yoʻlidir.
Mutolaa stressni kamaytiradi. Boshqa hech narsa odamni kuchli ruhiy zarbalardan yaxshi kitob oʻqigan chogʻdagidek tez xalos eta olmaydi. Tadqiqotlarda isbotlanishicha, hatto sayr qilish yoki musiqa tinglash ham kitob mutolaasi bilan tenglasha olmaydi: bor-yoʻgʻi 6 daqiqalik mutolaa stress darajasini 3/2 foizga kamaytira oladi.
Kitob oʻqishni sevadiganlar uchun yomon kayfiyat va umidsizlik sira qoʻrqinchli emas. Oʻta tushkunlik holati va axborot bosimidan taʼsirlanish esa televizor yoki kompyuter yonida vaqt oʻtkazadiganlarning doimiy hamrohi. Bunday ermakni biror qiziqarli kitob mutolaasi bilan almashtiring, natijani esa tez orada sezasiz.
Mutolaa uyqusizlikni bartaraf etadi. Pasaytirilgan yorugʻlik ostida qilingan mutolaa organizmni boʻshashtirib, uyquga tayyorlaydi.
Kitob oʻqish odamning sportga boʻlgan ragʻbatini oshiradi. “Oʻqiydigan” odamlar sport mashgʻulotlariga ham koʻproq moyil boʻladilar.
Oʻzingizning kun tartibingizga kitob mutolaasini ham albatta kiriting. Yaxshi kitob sizga koʻtarinki kayfiyat baxsh etadi va sizda biror yangi jihatni qidirib, mutolaa qilishga ragʻbat uygʻonadi.
Biblioterapiya, yaʼni kitob yordamida davolash usuli Buyuk Britaniyada joriy etilganiga endigina 10 yildan oshdi. Bugungi kunda terapiyaning bu yoqimli va foydali turi amalda ancha ommalashdi.
Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Obuna boʻyicha kitob” deb nomlangan maxsus dastur joriy qilindi. Unga koʻra, shifokorlar oʻz bemorlariga depressiyadan xalos boʻlish uchun badiiy adabiyotning turli janrlarini oʻqishni tavsiya etishadi. Tavsiya etilgan asarlar orasida ingliz adibasi Lori Lining “Sidr va Rozi” kitobi eng ommalashgan boʻlib, bu asar muallifning Glostershir grafligida kechgan bolaligi haqida hikoya qiladi. Birinchi marta 1959 yilda nashr etilgan kitob vaqt sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan. Faqat Buyuk Britaniyaning oʻzida 6 milliondan ziyod nusxada chop qilingan va koʻpchilikning sevib oʻqiydigan asariga aylangan. Zamonaviy adabiyotdan esa mutaxassislar Lyusi Daymondning “Sohildagi qahvaxona” va Jasper Ffordening “Shaltayning oʻlimi” asarlarini tavsiya etishadi. Avstroangliyalik adib Ernst Gombrixning 1935 yilda yozilgan va oʻsha davrda nemislar tomonidan oʻqish taqiqlangan “Olamning kichikkina tarixi” asari eng yaxshi kitob-antidepressant deb topildi.
Shifokorlar depressiyadan aziyat chekayotganlarga ushbu asarlarni antidepressantlarni qabul qilishdan oldin oʻqib chiqishni tavsiya qilishadi. Kitob mutolaasi kishiga bir zamondan boshqasiga bemalol oʻtishga, har kunlik hayotdan uzilib, yon-atrofda roʻy bergan koʻngilsizliklarni unutishga yordam beradi.
Shu davlatdagi Liverpul universiteti tadqiqotchilari ham bu borada noodatiy tajriba oʻtkazdilar. Ular Shekspir, Vordsvort, Tomas Sternz Eliot va ingliz sheʼriyatining boshqa yorqin yulduzlari ijodini oʻqish inson miyasiga qanday taʼsir koʻrsatishi ustida kuzatuv olib bordilar. Olimlar inson miyasi sheʼrdagi har bir soʻzni qanday tahlil qilishini, har bir jumla tuzilishi, odatiy-noodatiy qurilishlardan qay darajada taʼsirlanishini tadqiq qilishdi. Oddiy matn oʻqilganida uni miya qanday qabul qilishini bilish maqsadida oldin oʻqilgan sheʼr mazmunini nasriy matnga aylantirib, koʻngillilarga taqdim etishdi. Maʼlum boʻlishicha, mumtoz sheʼriyat faqatgina ruhiyatga zavq bermaydi, balki u miyaga xuddi neyrofiziologik mashq kabi taʼsir qiladi, u miyani uygʻotadi, yaʼni sheʼrdagi noodatiy jumlalar, kam qoʻllanadigan soʻzlarni qayta ishlash jarayonida miya doimiy holatidan chiqadi, unda sheʼr mutolaasi davomiyligini taʼminlashga chaqiradigan qoʻshimcha impuls paydo boʻladi.
Olimlarga maʼlum boʻlishicha, sheʼr mutolaasi miyaning oʻng yarimsharini faollashtirgan, bu qism esa avtobio-grafik xotira uchun javob beradi. Yaʼni sheʼr mutolaa qilgan kishi oʻzi yashab oʻtgan hayotini yangi adabiy-estetik taassuroti bilan uygʻunlashtirgan holda qaytadan yodga olgan.
Biroq mazmuni oddiy tilda tushuntirilgan “Otello”, “Qirol Lir” va “Makbet” asarlari miyada hech qanday taʼsir uygʻotmagan. Masalan, “telbavor” degan Shekspirona oʻxshatish (aytaylik, bu sifatlash shamolga nisbatan qoʻllangan)ni “gʻazabkor” soʻzi bilan almashtirishganida miya uni xuddi shu oʻrinda albatta shu soʻz ishlatishi kerakdek tabiiy qabul qilgan, ammo aynan shekspir tashbehi asab tizimini sergak torttirib, ayni kalima ustida bosh qotirishga undagan. Eng qizigʻi, bunday sergaklik holati miyada uzoq davom etgan va yana boshqa soʻzlarga ham diqqat qaratilgani aniqlangan.
Sasseks universiteti olimlari esa stress holatini mutolaa yordamida bartaraf etish ustida ish olib borishgan. Koʻngillilarga dastlab ruhiyatda stress uygʻotadigan matn va mashqlarni bajartirishdi. Shundan soʻng ularga relaksatsiyaning keng tarqalgan bir necha usulini taklif qilishgan va ushbu usulning pulsni va mushaklar tonusini meʼyorlashtirishdagi taʼsirini oʻrganishdi. Maʼlum boʻlishicha, stress darajasini kamaytiradigan eng samarali usul mutolaa ekan – uning taʼsiri 68 foizni koʻrsatdi. Pulsni meʼyorlashtirish va mushaklarni boʻshashtirish uchun sokinlikda 6 daqiqa mazmunli biror asarni mutolaa qilish yetarli boʻldi. Tajriba davomida musiqa tinglash stressni 61 foizga, bir piyola choy yoki qahva ichish 54 foizga, sayr qilish esa 42 foizga kamaytirgan. Videooʻyinlar esa bunday asabiy qoʻzgʻalishni bor-yoʻgʻi 21 foizga yoʻqota oladi, xolos. Chunki oʻyin davomida puls koʻp ham odatiy holga tushmagan.
Tadqiqot muallifi neyrofiziolog Devid Lyuis stressdan xalos boʻlish uchun har qanday janrdagi mazmunli kitobni oʻqish ahamiyatli, deya xulosa qildi. Eng muhimi, kitob muallifining ichki dunyosiga kirib olishga intilishdir.
Nemis ekspertlari esa mutolaani yoshlik eliksiri, deb atashmoqda. Ular yosh ulgʻayganida ham, hatto koʻrish qobiliyati pasaya boshlaganida ham kitob oʻqishdan toʻxtamaslikni tavsiya etishayapti. Muntazam oʻqish odam miyasini rivojlantiradi, chunki bu tadbir miyada yangi sinapslar – asab toʻqimalari va boshqa hujayralarni oʻzaro bogʻlaydigan tolalar hosil boʻlishiga olib keladi. Bu esa butun organizmning faoliyatini yaxshilaydi. Kitobdan olingan taassurotni boshqalar bilan oʻrtoqlashish esa yanada yaxshiroq natija koʻrsatadi.
Xullas, bu kabi tadqiqotlar davom etmoqda. Biz esa qayta-qayta ota-bobolarimiz kitobga bejiz oshno boʻlmaganini oʻzimizga faxr bilan taʼkidlab qoʻyishimiz mumkin. Zero, qadimda uzun qish kechalari davrachiroq yorugʻida, yoz tunlarida oy shuʼlasida davom etgan ommaviy kitobxonlik bobolarimizga cheksiz zavq, koʻtarinkilik baxsh etgani shubhasiz. Bu esa, oʻz navbatida, salomatlik garovi ekanligini Abu Ali Ibn Sino kabi hakimi hoziqlar oʻz asarlarida aniq-ravshan qilib yozib qoldirishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |