Zaynab Sulton Poshsha xazirasi
Zaynab Sulton Poshsha xazirasiga Xoja Sa’d xazirasiga boriladigan katta darvoza orqali kiriladi. Xazira 17-arsning oxirlarida tiklangan. Kiraverish yo‘lagidan to ichma-ich chillaxonagacha bo‘lgan joylarda ham qabrlar mavjud. Qabrlar orasidan o‘tib, avval chillaxona, keyin tilovatxona, undan so‘ng esa xaziraga kiriladi.
Saqoxona
Saqoxona sedara shaklida qurilgan ko‘shk bo‘lib, unda qishin-yozin ichimlik suvi turgan. Ziyoratchilar, qori va shu yerlik aholi ichishi uchun xumlarda suv bo‘lgan. Meshkoblar har kuni xumlarni to‘ldirib turganlar va mana ishlari uchun haq olganlar.
Jonkeldibiy va uning ota-bobolari daxmasi
Poshshooyim maqbarasidan o‘ng tomonda yana ikkita peshtoqli daxma mavjud bo‘lib, u xojalar avlodiga mansub emas. Bular Jonkeldibiy va uning otabobolarining daxmasidir. Jonkeldibiy 18-asrda Buxoroda hukmronlik qilgan manhitlar sulolasining vakilidir. Ular Jo‘ybor xojalariga hurmatlari, e’tibor va sadoqatlari betimsol ekanligi tufayli shu yerdan joy sotib olib, daxma qurganlar. Uning chap tomonadagi xazira 16 asr oxiri -17 asr boshlarida qurilgan bo‘lib, u jo‘ybor xojalaridan biri bo‘lgan Mirzo Muhammad Bilgunga tegishlidir.
Mozori Daroz yo‘lagi
Abu Bakr Sa’d, Xoja Islom Jo‘yboriy va Tojiddin Hasan dafn etilgan xaziraga olib boradigan uzun yo‘lak bo‘lib, unga peshtoqli darvozadan kiriladi. Xoja Sa’d Kalon xazirasiga kiradigan peshtoqli darvozaning ro‘parasida joylashgan. Mozori daroz yo‘lagi oxirining chap tomonida 18-asrda qurilgan qorixona-chillaxona mavjud. Yo‘lak nihoyasidagi xazira “Buyuklar xazirasi” deb ham ataladi. U 16 asrning ikkinchi yarmida qurilgan.
Garmoba (qadimiy tahoratxona)
18-asrda qurilgan ushbu o‘ziga xos tahoratxona majmuaning janubiy-g‘arb tomonida joylashgan. Usti gumbazli bo‘lgan bu tahoratxona (hammom vazifasini ham bajargan) o‘z davrining eng mukammal binokorlik yutuqlaridan foydalangan holda qurilgan.
Sobiq Sho‘ro davrida Buxoro shahrining Chor Bakr majmuasi yarim vayronaga aylandi. Masjid, madrasa, xonaqoh va hujralar xarob qilindi. Hovuzlar, chashma-quduqlar ko‘mib tashlanib, bu muqaddas joyni ziyorat qilish tamoman ta’qiqlandi. Masjidda namoz o‘qish man’ etildi. Yurtimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, milliy madaniyat va diniy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Istiqlolimizning dastlabki kunlaridan boshlab, hurmatli Yurtboshimizning sa’yharakatlari bilan o‘lkamizdagi barcha tarixiy yodgorliklar qayta tiklana boshlangani singari, Chor Bakr ziyoratgohida ham obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Hoji Rajab bobo To‘xtaev (1945-2010) boshchiligidagi yuzlab mahalliy namozxonlarning talablariga binoan, majmua tarkibidagi “Chahor Bakr” masjidida musulmonlar yana ibodatlarini ado eta boshladilar. Hoji Rajab To‘xtaev mustaqillikning dastlabki yillaridan to 1998 yilgacha “Chahor Bakr”masjidi imom xatibi bo‘lib xizmat qildilar.Tarixiy majmua 1999-2000 yilda viloyat hokimi S.Q. Husenov rahnamoligida, Buxoro tumani hokimi N.I. Po‘latov va boshqa rahbarlar, shuningdek, tadbirkorlar, saxovatli insonlar, qo‘li gul ustalar tomonidan ta’mirlandi.
2001 yilda viloyat va tuman hokimligining qaroriga asosan Chor Bakr tarixiy me’moriy majmuasi direksiyasi tashkil qilindi. To‘xtaev Rajab uning direktori etib tayinlandilar.“Chahor Bakr”jome’ masjidi 1998 yil 10 avgustda qayta ro‘yxatga olinib, u yerda domla hoji Zayniddin Shodiev 1998-2015 yillar mobaynida imom xatib bo‘lib xizmat qildilar. Hozirgi kunda domla Azizxo‘ja hoji Inoyatov “Chahor Bakr” jome’ masjidi imom xatibi lavozimida faoliyat yurityaptilar va u kishining sa’y-harakatlari bilan majmuada ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 2017 yil 31 dekabr’ kuni majmuaning kiraverish darvozasidan o‘ng tomonda 16 asr Buxoro me’moriy maktabi usuliga asoslangan zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan Tahoratxona foydalanishga topshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |