Lisoniy paradigma haqida. Paradigma haqidagi ilk tasavvurimizni shakllantirish uchun borliqdagi bir dalilga murojaat qilamiz.
Qo‘limizda bir shoda har xil kalit bor. Qulfni ochish uchun ularni birma-bir qulfga tiqib ko‘ramiz. Natijada bittasi tushadi va qulf ochiladi. Ana shu kalitlar shodasini paradigmaga qiyoslash mumkin. Kitob... berdi gapi bamisoli qulf. Uning teshiklariga kelishiklardan biri tushadi. –ning, -ni, -da qo‘shimchalarini birma- bir qo‘yib ko‘ramiz. Qurilmaga tushum kelishigi shakli –ni tushadi. Umumiy belgisi asosida birlashgan va bir-birini taqozo etadigan, ammo har biri o‘ziga xos belgisi bilan boshqasiga qarama-qarshi turuvchi lisoniy birliklar sistemasi paradigma deyiladi (paradigma grekcha paradeigma – “misol”, “namuna” degan ma’nolarni bildiradi)8. Har qanday lisoniy sistema, bir vaqtning o‘zida, lisoniy paradigma sanaladi. Grammatik
kategoriyalar ham lisoniy paradigma ko‘rinishlaridan biri.
8Paradigma so‘zi – omonim termin. U “yo‘nalish”, “soha” ma’nosida ham ishlatiladi: Lingvokulturologiya – tilshunoslikning yangi paradigmasi kabi.
Paradigmani tashkil etuvchi lisoniy birlik paradigma a’zosi deb yuritiladi. Paradigma kamida ikkita a’zodan iborat, ular, asosan, bir lisoniy sathga mansub bo‘ladi.
Ferdinand de Sossyur lisoniy paradigma tarkibidagi, boshqacha aytganda, lisoniy birliklar orasidagi paradigmatik (assotsiativ, bir- birini eslatib turish, o‘xshashlik) munosabatini lisoniy birlik uchun eng asosiy munosabat sifatida baholagan.
Bir paradigma tarkibiga kiradigan birliklar quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak:
paradigmadagi bitta birlik tilga olinganda, shu paradigmaga kiruvchi boshqa a’zo ham eslаnishi (masalan, bir kelishik shaklining boshqa kelishik shakllarini, bir ma’nodosh birlikning ma’nodoshlik qatoridagi boshqa birlikni eslatishi kabi);
muayyan nutq sharoiti uchun o‘zaro paradigmatik munosabatda turgan birlikdan, ya’ni paradigma a’zolaridan bittasi tanlanishi (masalan, Salim... kitobi birikmasi uchun kelishiklar paradigmasidan qaratqich kelishigining olinishi);
bir paradigmaning a’zolari o‘zaro o‘xshashlik bilan birga, har biri ikkinchisidan qaysidir bir xususiy belgisi bilan farqlanib turishi (masalan, tushum va jo‘nalish kelishiklari “oldingi so‘zni keyingi fe’lga tobelash” vazifasini bajarishda o‘xshash, lekin biri “vositasiz to‘ldiruvchi sifatida tobelash”, ikkinchisi “vositali to‘ldiruvchi yoki hol sifatida tobelash” belgisi bilan farqlanadi);
paradigma a’zolari nutqda bir o‘rin va (mavqeda) kelib, bir- birini ma’lum holatda almashtira olishi, o‘rnini egallashi (masalan, kitob... o‘qish birikmasini hosil qilishda tobe so‘zni bosh, tushum, chiqish kelishiklari shakllantira oladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |