Venchur - kichik biznesning bir turi. Uning mohiyati ilmiy- muhandislik ishlari, yangi texnika, texnologiya, tovar namunalarini yaratish, ishlab chiqarishni boshqarish, tijorat ishini tashkil etish usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, yirik firmalar va davlat ijara shartnomasi buyurtmalarini bajarishdan iborat. Bu ishlar bilan “Venchur korxonalar“ shug‘ullanadi. Ular tarkibida tijoratda vositachi bo‘lgan korxonalar ham bo‘ladi. Venchur korxonalar texnikaning yangi yo‘nalishlarida ish ko‘rib, fan-texnika taraqqiyotiga katta hissa qo‘shadilar. Ular venchur moliyalashtirishda ham faol qatnashadilar va moliyaviy mablag‘ to‘plab, uni ishga soladilar.
Injiniring (injinerlik - maslahat xizmatlari) - tijoratchilik qoidalariga asoslangan injinirlik - maslahat xizmatlari; ishlab chiqarishni ta’minlash, mahsulot sotishni uyushtirish, ishlab chiqarish obyektlarini qurib, ishga tushirish yuzasidan maslahat berish. Bu ish bilan injiniring firmalari shug‘ullanadi, ular mustaqil firma sifatida bir vaqtning o‘zida bir necha mijozlarga xizmat qiladi. Eksport injiniring firmalari boshqa mamlakatlarga xizmat ko‘rsatadi. Ular chet eldagi ilmiy g‘oyalar va texnik ishlanmalar bozorida litsenziya sotadi, texnik yangiliklarni xorijda joriy etadi. Injiniring kompaniyalari daromadi ko‘rsatilgan injiniring xizmatiga bog‘liq bo‘ladi. Xalqaro injiniring xizmati ishning texnik-tashkiliy va tijorat tomonlari ko‘rsatilgan kontrakt shaklida rasmiylashtiriladi, mohiyati bilan muyyan xizmatlarga buyurtmaning bir ko‘rinishidir. Injiniring xizmatlari bozori - xalqaro bozorning bir turi, injiniring xizmatlarining davlatlararo oldi-sotdi qilinishidir.
Tenderlar - bozorda yoki xalqaro bozorda mashina va uskunalarni xarid etish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, injiniring xizmati ko‘rsatish uchun konkurs asosida buyurtma berish. Xaridor yoki buyurtmachi eng avval konkurs e’lon qilib hammani o‘z shartlari bilan tanishtiradi. Shunga asosan konkursda ishtirok etuvchi firmalar, konsorsiumlar yoki korxonalar o‘z takliflarini - tenderlarini xaridor, buyurtmachiga yuboradi. Tenderni injiniring firmalari hujjatlashtiradi.
Fan-texnika taraqqiyotining muhim an’anaviy yo‘nalishlaridan biri ishlab chiqarishni elektrlashtirishdir. Elektrlashtirish deganda elektr energiyasini yetarli darajada ishlab chiqarish, uni kerakli joylarga uzatish va undan keng foydalanish jarayoni tushuniladi. Uning moddiy asosini “Elektroenergetika“ tarmog‘i tashkil etadi. U elektr energiyasi ishlab chiqaradigan jihozlarni (elektrostansiyalarni), iste’molchilarga uni yetkazib beruvchi jihozlarni (podstansiyalarni) va elektr uzatkichlarni o‘z ichiga oladi.
Elektr energiyasi turli stansiyalarda ishlab chiqariladi:
suv bilan ishlaydigan elektr stansiyalar (GESlar);
issiqlik elektrostansiyalari (GRESlar);
atom elektrostansiyalari;
quyosh elektrostansiyalari;
shamol va boshqa elektrostansiyalar.
Ekspertlarning dalolat berishlaricha, kelgusi yuz yillikning o‘rtalarida sayyoramizda energiya ishlab chiqarish hozirgi darajadan o‘n baravar ortadi. Bunday o‘sishni qayta tiklanmaydigan organik yoqilg‘i yordamida ta’minlash mumkin emas. Shu sababli energetika muammosi eng jiddiy jahonshumul muammolardan biriga aylanmoqda.
Hozirgi vaqtda jahon energetikasi asosan organik yoqilg‘idan foydalanishga asoslanadi. Umuman energetika balansida neft va gazning ulushi taxminan 50 foizni, ko‘mir 35 foizni tashkil etadi va atigi 15 foizi atom elektrostansiyalari, gidroenergetika va boshqa manbalar ulushiga to‘g‘ri keladi. Biroq insonning energetika iste’moli shu qadar tez sur’atda o‘smoqdaki, organik yoqilg‘i kabi an’anaviy energetika resurslarining zahiralari navbatdagi yuz yillikdayoq yetarli bo‘lmay qoladi. Shu sababli insoniyat oldida yangi energiya manbalarini egallashdek dolzarb vazifa turibdi. Hozirgi paytda quyosh, atom (og‘ir elementlarning bo‘linishi) va yadro energetikasi (engil yadrolarni termoyadroviy sintez qilish) ana shunday manbalar hisoblanadi.
Yer sathiga yetib keladigan quyosh energiyasining umumiy miqdori insoniyat ehtiyojlarini qondirish uchun batamom yetarlidir. Buning yana bir afzalligi, ancha arzonga tushadi.
Olimlarning hisoblariga qaraganda, XXI asrning o‘rtalariga borib, butun dunyoda jon boshiga elektr iste’mol qilish 3-4 baravar ortadi. Buni qanday ta’minlash mumkin? Organik yoqilg‘ini ishlab chiqarishni kamaytirish kerakmi yoki yo‘qmi? Albatta, bu savolga javob topish kerak bo‘ladi. Bu muammoni hal etish olimlar va mutaxassislar oldiga katta vazifalar qo‘yadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |