3.XITOY VA XINDISTON BILAN MUNOSABATLAR
Xitoyda ham o‘sha yillarda iqtisodiyot, madaniyat va savdo rivojlangan; Nankin, Pekin, Suchjou, Sinszyan, Xanchjou, Guanchjou va boshqa shaharlar hunarmand-lik va savdo-sotiq markazlari edi. Shohrux davrida Temuriylar davlatining Xitoy bilan elchilik aloqalari 1409-yildan, Hirotga Xitoy elchilari kelgan paytdan boshlandi. Elchilar Amir Temur vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish uchun tashrif buyurgan edilar. Keyingi yillarda bu aloqalar muntazam davom etdi. Jumladan, Hofizi Abro‘ning tarixiy-geografik («Geografiya») asarida Xitoydan 1409, 1412 va 1417- yillarda Xirotga elchilar kelganligi haqida xabar beriladi. Bu asar 1417- yil voqealari bayoni bilan tugaganligi sababli, Hirotga 1419-yili kelgan Xitoy elchilari haqidagi xabar ushbu tarixchining keyinroq yozgan «Zubdat at-tavorixi Boysung‘uriy» («Boysung‘urga bag‘ishlangan sara tarix») asaridan o‘rin olgan. Keyingi Xitoy elchilari dastlab Samarqandda to‘xtaganligi, so‘ngra Hirotga borib, u yerdan turli viloyatlarga - bir guruhi Sherozga — Ibrohim Sulton huzuriga, yana bir guruhi Xorazm voliysi amir Shoh Malik huzuriga borganligi ma’lum. Bunga javoban Temuriylar davlatidan Xitoyga jami 500 kishidan ortiq elchilar guruhi yuborilgan va unda turli viloyatlardan vakillar bo‘lgan: Hirot guruhi — Shodixoja (Shohrux elchisi), Sulton Ahmad va Xoja G‘iyosiddin Naqqosh (Boysung‘ur elchilari); Sherozdan amir Hasan (Ibrohim Sulton elchisi); Isfahondan Pahlavon Jamol (Rustam elchisi); Samarqandda ularga Kobul va G‘azna hokimi bo‘lmish Suyurg‘atmish elchisi-Arg‘adoq, Xorazm voliysi Shoh Malikning elchisi — Urduvon va Badaxshon shohining elchisi Tojiddin qo‘shildi. Ulug‘bekning elchilari esa Sultonshoh va Muhammad baxshi boshchiligida ikki oy ilgariroq ketgan bo‘lib, ular Xonbaliqda qo‘shildilar va birga qaytdilar. Ibrohim Sulton va Rustam elchilari, aksincha, kechroq yo‘lga chiqib, asosiy elchilar guruhini ular safardan qaytib kelayotgan chog‘da Sukju shahrida uchratganlar. G‘iyosiddin Naqqosh zimmasiga Boysung‘ur tomonidan maxsus topshiriq barcha ko‘rgan-kechirganlarini kundalik tarzida aniq yozib kelish yuklangan edi. Bu vazifa to‘kis ado etilib, G‘iyosiddin Naqqosh yozib qoldirgan safarnoma bizgacha yetib kelgan. Ushbu kundalikda Temuriy elchilarning bosib o‘tgan yo‘li aniq qayd etilgan: Xitoyga borish: Hirot — Balx—Kalif kechuvi—Samarqand — Toshkent Sayram—Ashpara — Mo‘g‘uliston — Kichik Yulduz—Turfon — Qoraxoja —Qumu l — Qorovu l(Szyayyuguan), ya’ni Xitoy chegarasi —Sukju (Szyutszyuan) —Qamju (Chjanye) —Qoramuron (Xuanxe) daryosi—Husnobod (Lanchjou) —Jandinfu (Chjendin) —Xonbaliq (Pekin). Xitoydan qaytish: Xonbaliq—Qoramuron daryosi—Husnobod — Qamju—Sukju—Qorovul — Xo‘tan — Yorkend — Qoshg‘ar — Andigon dovoni. Bu yerda elchilar kichik guruhlarga bo‘linib, bir guruhi Farg‘ona vodiysi orqali Samarqandga, ikkinchisi Badaxshonga, uchinchisi—Qorategin—Hisori Shodmon —Termiz—Balx orqali Hirotga yo‘l olgan. Elchilarning yo‘liga nazar solsak, XV asrda O‘rta Osiyo bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo-elchilik yo‘li qadimgi Buyuk Ipak yo‘li bilan mos tushganligini ko‘ramiz. Bunda Yettisuv, Farg‘ona va Qorategin yo‘nalishlari asosiy tarmoqlar edi. Hirot va Samarqand esa, ana shu yo‘nalishdagi bosh shaharlar bo‘lgan. G‘iyosiddin Naqqoshning «Kundaligi» fanda Hofizi Abro‘ning «Zubdat at-tavorix» asarida qayd etilgan shaklda mavjud va hozir o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan13. Elchilik aloqalaridan, avvalo, davlatlararo savdo-sotiqni rivojlantirish ko‘zda tutilgan, bu haqda Temuriy hukmdorlar va Xitoy podshohi yozishmalarida ham qayd etilgan. Ular yo‘llagan maktublar Hofizi Abro‘ va Abdurazzoq Samarqandiy asarlarida saqlanib qolgan. Jumladan, Xitoy imperatori o‘z elchilari orqali yuborgan maktubda (1413) shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Biz sadoqat zohir bo‘lsin uchun tabriknoma, kimxob kiyim va targ‘ular bilan elchi jo‘natdik. Bundan keyin ham odamlarni yuborib turamiz, toki ular bordi-keldi qilsinlar va yo‘llar kesilib qolmasin; ular o‘z istaklaricha tijorat va kasb qilsinlar»14. Bunday istak Temuriy hukmdor Shohrux tomonidan ham ma’qullangan. Uning Xitoy imperatoriga yo‘llagan maktubida, jumladan, quyidagilar yozilgan: «(Hitoy) tarafdan va davlat arboblaridan kutilgan umid va orzu shuki, ular mazkur ishlarda bizga hamkorlik ko‘rsatib, elchilar yuborib tursalar, sayyoh va savdogarlar uchun yo‘llarni ochiq tutsalar, toki do‘stlik, birlik va yakdillik vositalari quvvat topsa». Xitoyda imperator Chju-di hukmdorligi yillarida (1402 — 1424) savdo-elchilik aloqalariga xalal beruvchi ko‘pgina to‘siqlar, jumladan, turli soliq va bojlar bekor qilingan edi. Bu, o‘z navbatida, ichki va tashqi savdoga ijobiy ta’sir etdi. Xitoyning g‘arbiy mamlakatlar bilan savdo aloqalarida uning g‘arbiy yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan Sukju (Szyutszyuan) va Qamju (Chjanye) shaharlari asosiy o‘rin tutgan. Oldi-sotdi ishlari mazkur shaharlarda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ajnabiy savdogarlar poytaxt Xonbaliqqa onda-sonda borolganlar. Savdogar va elchilarni kuzatib borgan xizmatkorlarga ko‘p hollarda, Qamju shahridan nariga ruxsat berilmagan. Jumladan, temuriy elchilar ham o‘z xizmatkorlari va ot-ulovlarini aynan Qamju shahrida qoldirganlar. Xonbaliqqacha va u yerdan qaytishlarida ham ularni imperator tomonidan tayinlangan maxsus odamlar boshlab yurgan. Bundan tashqari, G‘iyosiddin Naqqoshning yozishicha, Xitoy mamlakatiga kirish va chiqishning o‘ziga xos rasmiyatchiliklari bo‘lgan. Chunonchi, Xitoy chegarasida (Qorovul) Xitoy yeriga qadam qo‘ygan har bir kishining ismi va tashqi qiyofasi maxsus daftarda qayd etilgan va u qaytib chiqayotganida ana shu daftar ma’lumotlari asosida tekshirilgan. Xitoy hukumati boshqa davlatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirishda iqtisodiy va siyosiy manfaatlarni ham ko‘zda tutgan. Bu holat temuriy elchilarning Xitoy imperatori bilan suhbatida ko‘zga yaqqol tashlandi. Xitoy podshohi Temuriylar davlatining iqtisodiy va siyosiy ahvoli bilan qiziqib savollar bergan. G‘iyosiddin Naqqosh o‘z kundaligida bu haqda shunday yozadi: «(Xitoy) podshohi ular (elchilar)dan Shohrux hazratlarining hol-ahvollaridan so‘radi va undan keyin: «Qora Yusuf (Shohrux huzuriga) elchi yuboradimi va (Hirotga) mol keltiradilarmi?»—debso‘radi, elchilar: «Ha, elchi va mol yuboradi»,— dedilar... Podshoh yana: «Men Qora Yusufga elchi yubormoqchiman, chunki u yerda otlar yaxshi ekan, yo‘llar xavf-xatarsizmi? — deb so‘radi. Elchilar: «Agar Sulton Shohruxdan hukm bo‘lsa, yo‘l bexavotirdir», — dedilar. U: «Buni men tushunaman»,— dedi» 15. Shuni ta’kidlash kerakki, Xitoy solnomalarida Xitoy podshosi huzuriga boshqa mamlakatlardan kelgan elchilarni o‘sha joy hukmdorining tobeligi va ular keltirgan sovg‘a-salomlarni esa to‘lov deb qayd etganlar. Temuriy elchilarning Xitoyga tashrifi yana bir muhim voqea bilan ham bog‘liq edi. Aniqrog‘i, o‘sha paytda Pekinda katta qurilish ishlari nihoyasiga yetib, bu shahar Xitoyning poytaxti, deb e’lon qilingan. Temuriy elchilar ana shu katta tantanaga taklif etilgan bo‘lishi ham mumkin. Amir Temur saltanatida ham, undan so‘ng Shohrux hukmdorligi chog‘ida ham Markaziy Osiyo bilan Xitoy o‘rtasida savdo-elchilik munosabatlarining rivoji, avvalo Mo‘g‘ulistondagi siyosiy ahvol bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. Mo‘g‘ulistonda feodallar o‘rtasidagi nizolar ko‘pincha karvonlarning muntazam qatnoviga to‘sqinlik qilardi. G‘iyosiddin Naqqosh bu haqda, jumladan, shunday yozadi: «(elchilar) Mo‘g‘ul yurtiga qadam qo‘ydilar... Shu paytda, Vaysxon Shermuhammad o‘g‘longa qasd qilib, uni qatl etmoqchi bo‘lganligi va shu sababdan, Qulmuhammad va yana ba’zi bir mo‘g‘ul amirlari Vaysxondan yuz o‘girganlari, ularni qo‘llab butun ulus oyoqqa turganligi haqida xabar yetdi... Sakkizinchi jumod oxirda (1420- yil 20- iyun) Vaysxonning elchisi bo‘lmish Dojini Muhammadbekning o‘g‘illari talaganliklari haqida xabar keldi. (Temuriylar) elchilari bundan va himaga tushib, biz shoshilimiz kerak, toki tezroq Xitoy chegarasiga yetib olaylik, dedilar 16. Xorijiy elchilarni izzat-ikrom bilan qabul qilish an’anasi Amir Temurdan keyin uning avlodlari saltanatida ham saqlanib qolgan. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy Hirot shahrida 1413-yili Xitoy elchilarining kutib olinishi haqida, jumladan, shunday yozadi: «Shu orada Xitoy viloyatidan, u mamlakatlarning Chinu Mochin podshohi Doy-Ming xon tarafidan elchilar yetib keldi. (Xoqoni sa’id Shohrux tomonidan) «shahar bozorlariga ziynat berilsin, har bir san’at egasi o‘z hunarini to‘la zohir qilib do‘konini bezatsin», degan humoyun farmon sodir bo‘ldi»17. Xulosa qilib aytganda, Sohibqiron Amir Temur saltanatida XIV asrning oxirgi o‘n yilligidan boshlab va Shohrux hukmdorligi davrida (XV asrning birinchi yarmida) Xitoy bilan muntazam savdo-elchilik munosabatlari mavjud bo‘lgan. Karvonlar qatnab turgan savdo yo‘llari esa qadimgi Buyuk Ipak yo‘li tarmoqlari bilan mos tushadi. Bu xalqaro savdo yo‘li nafaqat Movarounnahr bilan Xitoy oralig‘ida, balki g‘arbga ham davom etib, janubiy yo‘nalish orqali to O‘rta dengiz va Misrgacha yetib borgan. Savdo karvonlarining ana shu keyingi yo‘nalishdagi qatnovi Amir Temurning yetti yillik (1399—1404) g‘arbiy yurishidan so‘ng yo‘lga qo‘yilgan. Temuriylar davlatining savdo-elchilik aloqalari, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Hindiston bilan ham rivoj topdi. Chunonchi, 1442 -yil Shohrux Hirotdan Janubiy Hindistonning Vijayanagar davlatiga Abdurazzoq Samarqandiy (1413 -1482) boshchiligida elchilar yubordi. Abdurazzoq Samarqandiy bu muhim vazifani muvaffaqiyatli ado etib, 1444-yili Hirotga qaytib kelgan. Uning safari Eron orqali o‘tib, so‘ngra Fors qo‘ltig‘idan dengiz yo‘li bilan davom etgan va qaytishda ham shu yo‘nalish bilan yurgan. U o‘z safarini kundalik tarzida yozib qoldirgan va bu safarnoma hozirgi vaqtda Temuriylar davlati diplomatiyasi tarixi bo‘yicha muhim manbadir. U o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan18. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinadiki, davlatlararo savdo-elchilik munosabatlarini rivojlantirishga intilish Amir Temur va uning avlodlari saltanatida xalqaro munosabatlar siyosatida asosiy o‘rinni egallagan. Buyuk Ipak yo‘li orqali savdo yo‘llari tizimining ayni shu davrda yuzaga kelganligini alohida ta’kidlamoq joiz. Hozirgi vaqtda mavjud yozishmalar va «G‘iyosiddin Naqqoshning Xitoy safarnomasi» (1419 — 1422), «Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safarnomasi» (1442 — 1444) o‘sha davrning qimmatli yozma manbalari hisoblanadi. Bu yozma manbalar Amir Temur va uning avlodlari saltanatining Xitoy va Hindiston bilan diplomatik munosabatlari keng miqyosda olib borilganligining dalilidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |