Soliq imtiyozlarining iqtisodiy mohiyati, ahamiyati, ularni qo’llash tamoyillari, soliq imtiyozlarining korxonalar moliyaviy-xo’jalik faoliyati samaradorligini oshirishdagi ahamiyati doirasida olib borilgan tahlillar natijasida quyidagi xulosalarga kelindi:
Soliqlarning rag’batlantirish funktsiyasidan samarali foydalanish mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo’nalishlari bo’lib, soliq siyosatini yanada erkinlashtirishning asosiy bo’g’inlaridan biri hisoblanadi;
Tahlillarning ko’rsatishicha, soliqlardan berilgan imtiyozlar qiymati o’sgani sayin, ulardan foydalanuvchilar soni ham shunga muvofiq tarzda oshib bormoqda yoki aksincha. Shuningdek, imtiyozni berilishidagi ayrim nomukammalliklar ularning samarali ishlashiga salbiy ta’sir o’tkazmoqda;
Qilingan tahlillardan kelib chiqadigan bo’lsak, ijtimoiy xarakterdagi imtiyozlar mamlakatimizda salmoqli miqdorga ega. Shuni hisobga oladigan bo’lsak, bu turdagi imtiyozlardan voz kechish budjet daromadlarini o’sishiga olib kelmaydi. Iqtisodiyotni rivojlantirish xarakteridagi imtiyozlarni berish natijasida, istiqbolda budjet daromadlarining oshishi mumkinligini hisobga olish maqsadga muvofiq;
Mamlakatimizda soliq imtiyozlari sonining ko’pligi iqtisodiyotning o’tish davriga xos bo’lgan umumiy holat sifatida qaralishi bilan bir qatorda, bozor munosabatlarini yanada erkinlashtirilishi sharoitida individual va kam ahamiyatga ega bo’lgan imtiyozlar sonini tobora kamaytirib borish talab etiladi;
Soliq imtiyozlarining berilishi davlat budjeti daromadlarining ma’lum qismidan voz kechishi orqali amalga oshmoqda. Shu bilan birga, bu imtiyozlarning tizimda samarali ishlashini ta’minlash uchun parallel ravishda qilinishi lozim bo’lgan chora-tadbirlar ham mavjudki, ular soliq, pul-kredit va davlatning iqtisodiy boshqaruv siyosati bilan muvofiqlashtirilishi zarur;
Imtiyozlarning rag’batlantiruvchanlik ta’siri birinchi navbatda, mamlakatda ilmiy-texnik taraqqiyotni jadallashtirishga va uni ishlab chiqarishga joriy etishga, jahon bozorida raqobatbardosh hamda keng xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo’naltirilishi lozim.
Soliqlarning rag’batlantirish funktsiyasini kuchaytirishga qaratilgan quyidagi ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi:
Soliq imtiyozlari va ularning bozor munosabatlarini erkinlashtirish sharoitida to’liq amal qilishi uchun bozor iqtisodiyoti mexanizmi asoslari to’g’ri yo’lga qo’yilgan bo’lishi lozim. Birinchi navbatda korxonalarning iqtisodiy samara olish imkoniyatlarini kuchaytirish lozim. Aynan mana shu maqsadda ularga imtiyozlar bilan ta’sir ko’rsatibgina qolmay, balki soliq yukini pasaytirish, soliq bazasini tartibga solish kabi tadbirlarni parallel yo’nalishda olib borish lozim. Soliq imtiyozlarining berilishi tartibi birinchi navbatda mamlakatdagi mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi kerak. Ya’ni, yangi texnologiyani joriy etish, rekonstruktsiyalash, yangi qurilish, ishlab chiqarishni kengaytirish va texnik qayta qurollanishga qaratilgan imtiyozlar ustivor ahamiyat kasb etishi darkor.
Amaldagi soliq tizimida, xususan foyda va qo’shilgan qiymat soliqlarida keng tartibda soliq imtiyozlari ishlab chiqilgan. Lekin, ana shu imtiyozlardan foydalanish darajasining pastligi uning samarasiz ishlashiga olib kelmoqda. Bunday holatning oldini olishga korxonalar va ilmiy markazlar (shuningdek, oliy o’quv yurtlari) o’rtasidagi ishlab chiqarishga yangi texnologiya turlarini yaratuvchanlik borasida ikki tomonlama aloqalarning o’rnatilishi va bunday aloqalarni mustahkamlanishini ta’minlaydigan soliq imtiyozlarining berilishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, imtiyozni berishda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tadbiq etilishi bosh mezon sifatida qaralishi zarur.
Foyda solig’idan beriladigan imtiyozlar tizimida budjet tashkilotlariga beriladigan imtiyozlarning salmog’i sezilarli nisbat kasb etadi. Misol uchun, foyda solig’i to’lashdan budjet muassasalari tarkibiga kiradigan jazoni o’tash muassasalari ozod qilingan. Bu tashkilotlarning xarajatlarini O’zbekiston Respublikasining budjeti daromadlar va xarajatlar tasniflanishining tegishli moddalari asosida davlat budjetidan moliyalashtirilishini hisobga oladigan bo’lsak, bu muassasalarni foyda solig’idan ozod etilishi fikrimizcha o’z ma’nosiga ega emas.
Ishimizda mamlakatimizda foyda solig’i stavkalarining yildan yilga pasayishi tendentsiyasini korxonalarga berilayotgan ma’lum imtiyoz sifatida qaralgan. Lekin, bu imtiyozning berilishi barobarida kutilgan natijaga erishilmayapti. Xususan budjetga tushadigan soliq tushumining kamayib borayotganligi kuzatilmoqda. Stavkaning pasayishi natijasida korxona ixtiyorida qoladigan summani investitsiya jarayoniga jalb etish holatlari sust darajada amalga oshmoqda va kutilgan natijani bermayapti deyish mumkin. Buning eng asosiy sabablaridan biri ko’pgina korxonalarda foyda normasining kamligi va shunga muvofiq ravishda foyda miqdorining kamligidir. Bundan tashqari, hozirgi davrda budjet daromadlarini kamaytirish hisobiga korxonalar ixtiyorida qoladigan daromadlar to’liq investitsiyalarga sarflanadi deyish biroz noto’g’ri bo’lar edi. Chunki iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida daromadlarning bir qismi iste’molni qondirishga, xususan mehnatga haq to’lash xarajatlarini oshirish, korxonaning qarzlarini to’lash va boshqa tadbirlarga sarflanishi ehtimoldan xoli emas. Shuningdek, soliq imtiyozlarining berilishi budjet ijrosining istiqbollari bilan belgilanishi lozim.
Soliq imtiyozlarining amalda to’liq ishlashi va korxonalarning moliyaviyxo’jalik faoliyatiga ta’siri kuchli bo’lishi uchun ma’lum maqsadni ko’zlab berilgan imtiyozning korxona to’laydigan barcha soliq to’lovlari (yoki asosiy soliq to’lovlari)dan berilishiga erishish lozim. Shuningdek, foyda solig’iga qayta qo’shiluvchi xarajatlar tarkibidagi o’zgarishlarning ham amalga oshirilishi korxonalarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Xususan, foyda solig’i bazasiga amortizatsiya summasining tezlashtirilgan qismini qo’shmaslik va tezlashtirilgan amortizatsiyani qo’llashda inflyatsiya indeksini hisobga olish va uni korxonalar amaliyotiga joriy etilishi lozim deb hisoblaymiz. Bu taklifimizning amaliyotga joriy etilishi:
korxonalarning asosiy vositalarini modernizatsiyalashni rag’batlantiradi;
istiqbolda investitsiyalar uchun mablag’larning yig’ilishini ta’minlaydi.
6. Korxonalar zimmasidagi soliq yukini yanada kamaytirishda qo’shilgan qiymat solig’i bo’yicha berilgan imtiyozlarning ta’siri katta deyish mumkin. Shuningdek, ayrim soliq to’lovchi guruhlarning bu soliqdan ozod qilinishi quyidagi salbiy natijalarga olib kelishi mumkin ekanligini e’tirof etish lozim:
soliq to’lovchi xom-ashyo, materiallar va yarim fabrikatlarni sotib olayotganda (20 foizli) QQS bilan birgalikda sotib oladi. To’lovchining bu soliq turidan ozod etilganligi natijasida mahsulot qiymati tarkibidagi qqs uning tannarxiga olib boriladi va korxonaning ishlab chiqarish xarajatlari ko’payadi hamda foyda normasi kamayadi;
QQSdan ozod bo’lgan soliq to’lovchi o’z mahsulotini QQS to’lovchi bo’lgan korxonaga sotadi va natijada korxona QQSni hisobga olish huquqidan mahrum bo’ladi hamda soliqni hisoblash zanjiri uziladi;
QQS bo’yicha berilgan imtiyozlardan budjet zarar ko’rmaydi, lekin imtiyoz qiymati boshqa korxonalar zimmasidagi soliq yukini oshishiga olib keladi.
Bu soliq turi buyicha soliqqa tortishning takomillashuvi butun soliq tizimining samaraliroq ishlashiga asos bo’lib xizmat qilishi mumkin.
Bizningcha, bu ikki yo’nalishda amalga oshishi lozim:
QQS stavkasini asta-sekinlik bilan pasaytirish orqali;
QQS bazasi tarkibini tartibga solish orqali, ya’ni uning bazasidan aktsiz va bojxona bojini chiqarib tashlash bilan.