33.Laboratoriya ishi.
Mavzu: O’simliklarni bargsiz va bargli qalamchalar orqali ko’paytirish.
Kerakli o’quv materiallari:
O’tkir pichoq, belkurak, terak, tol, anor va shunga o’xshash vegetativ ko’payuvchi o’simliklar qalamchalari.
Darsning maqsadi:
Vegetativ yo’l bilan ko’payuvchi o’simliklardan qalamchalar olib ko’paytirish.
Ishning bajarilishi:
Tol, terak, atirgul, siren, tok, limon, krishovnik, qoraqat (smorodina) va boshqa xil o’simliklar ushbu usulda ko’paytiriladi. Qalamchalar erta bahor yoki kuz boshida o’tqaziladi. Har bir qalamchalarni uzunligi 25-40 sm uzunlikda yuqorigi va pastgi uchlarini o’tkir pichoq bilan qiya qilib kesiladi. Kesish vaqtida qalamchalarning yuqorigi va pastgi uchlariga yaqin qismida bittadan kurtak bo’lishi shart (7-rasm).
7-rasm. Bargsiz qalamcha.
Qalamchalar o’tqaziladigan yerning tuprog’i chuqur va sifatli qilib yumshatiladi. Qalamchaning uchki tomoni yer betiga qoldirilib, boshqa qismi tuproq bilan ko’miladi va uning aylanasidagi tuproq ehtiyotlik bilan bosib zichlanadi.
Bargli qalamchalardan ko’paytirish.
Kerakli o’quv materiallari:
O’tkir pichoq, parnik yoki nam qum to’ldirilgan tuvaklar, siren, floks, limon va shunga o’xshash o’simliklar, chirindili tuproq.
Darsning maqsadi:
Vegetativ yo’l bilan ko’payuvchi ayrim o’simliklarni bargli qalamchalari bilan ko’paytirish usulini o’rganish.
Ishning bajarilishi:
YUqorida nomlari ko’rsatilgan o’simliklardan biri tanlab olinib, 1-2 ta barg va bitta kurtak qoldirib qalamcha tayyorlanadi. Bargli qalamchalarni 15-20 sm qilib tayyorlasa bo’ladi.
Qalamchadagi barglar orqali transpirasiya jarayonini kamaytirish uchun shu barglarni yarmi kesib tashlanadi.
Bargli qalamcha ildiz olguncha parnikda yoki usti shisha qalpoqcha bilan yopilgan tuvaklarda parvarish qilinadi. Buning uchun tuvakka qum to’ldirib, yetarli darajada namiqtiriladi, so’ngra unga qalamcha o’tqazilib, ustiga shisha idish to’nkarib qo’yiladi.
SHisha qalpoqcha devorlarida paydo bo’lgan suv tomchilari quritib turiladi, chunki suv tomchisi orqali o’tadigan quyosh nurlari qalamcha bargini kuydirib yuborishi mumkin.
Bargli qalamcha ildiz olgandan so’ng u tashqi muhit sharoitiga o’rgatiladi. Buning uchun tuvak ustidagi shisha qalpoqcha vaqti-vaqti bilan olinib, qalamcha ochiq havoga (o’rgatiladi) tutiladi. Qalamchalarni doimiy joyga o’tqazishdan oldin chirindi, tuproq va qum aralashmasi bilan tuvak to’ldiriladi va o’simlik o’tqaziladi. Qalamchalarni issiq quyosh nuri ta’siridan himoya qilish maqsadida tuvaklar soya joyda saqlanadi. Qalamchalar parnikda o’stirilganda ham yuqorida aytib o’tilgan tadbirlar qo’llaniladi. Qalamcha ildiz olib tutib ketgandan so’ng doimiy joyga ko’chirib o’tqaziladi. Qalamcha asosan bahor boshida ko’chirib o’tqazilsa yaxshi tutib ketadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |