KELGUSI DAVR XARAJATLARI HISOBI
Kelgusi davr xarajatlariga quyidagilar kiradi:
gazeta va jurnallarga yillik obuna xarajatlari;
mulklarni yillik sug‘urta qilish xarajatlari;
kelgusi davrlar uchun oldindan to‘langan ijara haqi summalari va boshqa shu turdagi xarajatlar.
Kelgusi davr xarajatlarini hisobga olish uchun quyidagi schyotlardan foydalanish ko‘zda tutilgan:
3110-«Oldindan to‘langan ijara haqi». 3120-«Oldindan to‘langan xizmat haqi». 3190-«Boshqa bo‘nak xarajatlari».
Bu schyotlar aktiv bo‘lib, ularning debetida hisobot davrida qilingan va mahsulot tannarxiga kelgusi hisobot davrlarida qo‘shiladigan xarajatlar aks ettiriladi. Schyotlarning kreditida esa ushbu xarajatlarning hisobdan chiqarilishi aks ettiriladi.
3110-«Oldindan to‘langan ijara haqi» schyotida hisobot davrida kelgusi hisobot davrlariga tegishli to‘langan ijara haqlari hisobga olinadi. 3120-«Oldindan to‘langan xizmat haqi» schyotida hisobot davrida kelgusi hisobot davriga taalluqli bo‘lgan to‘langan xizmat haqlari hisobga
olinadi.
3190-«Boshqa bo‘nak xarajatlari» schyotida yuqoridagi schyotlarda hisobga olinmaydigan boshqa turdagi kelgusi davr xarajatlari hisobga olinadi.
ISHLAB CHIQARISH XARAJATLARI HISOBI VA MAHSULOT TANNARXINI KALKULYATSIYA QILISH
USULLARI
Ishlab chiqarish xarajatlari hisobi va mahsulot tannarxini kalkulyatsiya qilish usuli deb u yoki bu mahsulot birligining tannarxini aniqlashda qo‘llaniladigan usullar tizimiga aytiladi.
Kalkulyatsiya usulini qo‘llash quyidagi asosiy omillar bilan aniqlanadi.
Ishlab chiqarish turi va murakkabligi.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulot nomenklaturasi, xarakteri.
Tugallanmagan ishlab chiqarish hajmi.
Ishlab chiqarish jarayonining uzun-qisqaligi.
Ishlab chiqarish hisobining oxirgi bosqichi bu xarajatlarni mah- sulotning ayrim turlari bo‘yicha dasturlashtirish va mahsulot birligi tannarxini aniqlashdir. Kalkulyatsiya qilish 4 usuldan iborat bo‘lib, oddiy, bo‘limli, buyurtmali va normativ deb yuritiladi.
Oddiy usul, oddiy ishlab chiqarishda, ya’ni ko‘mir, neft, gaz qazib chiqarishda, issiqlik va elektr quvvati ishlab chiqarishda, dehqonchilik, chorvachilik tarmoqlarida qo‘llaniladi. Bu usulda bitta mahsulotning o‘rtacha tannarxi hisobot oyidagi xarajatlar summasini xarajat moddalari bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulot soniga taqsimlash yo‘li bilan aniq- lanadi.
Bo‘limli usul – metallurgiya, to‘qimachilik, yengil sanoat, kimyo va boshqa sanoat korxonalarida qo‘llaniladi. Bu korxonalarda ishlab chiqarish bo‘limlar yoki bosqichlardan tashkil topgan bo‘ladi. Masalan, to‘qimachilik sanoati, ip yigiruv, to‘quv va bo‘yash bo‘limlaridan tashkil topgan. Bo‘limli usulda tayyor mahsulotning tannarxi oxirgi bo‘limda aniqlanadi. Bo‘limli usulning muhim xususiyatlaridan biri shuki, unda har bir sexdagi ishlab chiqarish xarajatlari ishlab chiqarishning har bir bo‘limli bosqichi bo‘yicha alohida hisobga olinib, bu xarajatlar hisobi mahsulotning ayrim turlari yoki guruhlari kalkulyatsiya moddalari bo‘yicha yuritiladi.
Buyurtmali usulning mohiyati shundan iboratki, bunda hamma asosiy xarajatlar kalkulyatsiya moddalari bo‘yicha har bir ishlab chiqarish
buyurtmasi bo‘yicha alohida hisob qilinadi. Kalkulyatsiya qilishning bu usulida xarajatlar hisobi va kalkulyatsiyalash obyekti ayrim ishlab chiqarish buyurtmalari hisoblanadi. Buyurtmaning haqiqiy tannarxi buyurtma tayyor bo‘lgandan so‘ng aniqlanadi.
Normativ usuli – asosan ishlab chiqarishning ommaviy va yirik tarmog‘i bo‘lgan mashinasozlik hamda metallni qayta ishlash kor- xonalarida qo‘llaniladi. Kalkulyatsiyalashning boshqa usullari kabi bu usulda ham korxonada omborlar ishini to‘g‘ri tashkil qilish, ularni zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash, moddiy boyliklarni ishlab chiqarishga sarflash bo‘yicha dastlabki hujjatlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida tuzish ustidan nazorat qilish, hisob ishlarini bajarishda hisoblash mashinalaridan keng foydalanish muhim ahamiyatga egadir.
Mahsulotning haqiqiy tannarxi normativ tannarxga me’yordan chetga chiqish va me’yordagi o‘zgarishni qo‘shish yoki ayirish yo‘li bilan aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |