Jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish:
qonun hujjatlariga muvofiq jinoyatlar to‘g‘risidagi ariza, xabar va
boshqa ma’lumotlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish yoki ko‘rib chiqish yuzasidan xizmat vazifasi yuklatilgan shaxsning bunday ma’lumotlarni qabul qilishni rad etishi;
yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirmasligi;
yoxud ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarning jinoyatlar
to‘g‘risida ekanligini bilgani holda ularni bekitish;
o‘zida saqlash;
qabul qilishni rad etish;
belgilangan tartibda ro‘yxatga olmaslik;
ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarda ifodalangan tayyorgarlik
ko‘rilayotgan, sodir etilgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlarga qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishiga har qanday usulda to‘siq yaratishda ifodalanadi.
Shu jumladan, latent jinoyatlar miqdoriga ko‘ra quyidagi 3 guruhga bo‘linadi: 1) latentligi yuqori jinoyatlar (masalan, haqorat qilish, valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish); 2) latentligi o‘rta jinoyatlar (masalan, jinoiy ravishda homila tushirish (abort)); 3) latentligi past jinoyatlar (masalan, bosqinchilik, odam o‘ldirish).
Yuqorida sanab o‘tilgan latent jinoyatlarni aniqlash jinoyatchilikka qarshi kurash borasida yetakchi ahamiyatga ega vazifalardan biri hisoblanadi. Latent jinoyatchilikni aniqlash va uning darajasini kamaytirish fuqarolar huquqiy ongining o‘sishi, jamiyatda huquqiy madaniyatning mustahkamlanishiga va jinoiy jazodan ko‘zlangan maqsadga erishishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap. Bu maqsadga erishish uchun latent jinoyatchilikni aniqlashda quyidagi usullardan foydalanish mumkin:
kuzatuvlar olib borish;
hujjatlarni tahlil qilish;
qilmishlarni tahlil qilish;
so‘rovlar o‘tkazish;
mutaxassislar bahosi;
tergov, tezkor-qidiruv usullari;
jamoatchilik fikrini o‘rganish va hokazo.
Agarda latent jinoyatchiliklar aniqlanmasa, unga nisbatan kurash olib borilmasa va o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, bu quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin:
– jinoyatchilikning haqiqiy holati, darajasi, tarkibiy tuzilishi, dinamikasi, jamiyat, davlat va fuqarolarga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararning miqdori va xususiyati haqida noto‘g‘ri tasavvur beradi;
– jinoyatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratuvchi barcha holatlarni aniqlash, jinoyat uchun jazoning muqarrarligi prinsipini ro‘yobga chiqarish qiyinlashadi, jinoyatchilarda va aholining boshqa qatlamlarida jazosizlik tuyg‘usi shakllanadi va jazolanmay qolishiga ishonchi yuzaga keladi;
– davlat va jamiyatning turli mintaqalarda va butun davlat miqyosida jinoyatchilikni bashorat qilish imkoniyati cheklanadi, bu esa jinoyatchilikning oldini olish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi2.
Shu tufayli hozirgi kunda latent jinoyatchilikni o‘rganish, uning hajmini aniqlash usullarini ishlab chiqish, uning miqdorini kamaytirish uchun chora-tadbirlarni ishlab chiqish, jinoyatchilikning bu qismi jamiyatda bo‘lishini taqozo qiladigan holatlarni aniqlash va ularni bartaraf qilish kriminologlar va HMQO xodimlarining oldida turgan birlamchi vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Yuqoridagi muammoli vaziyatga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Ch. Harbiy xizmat o‘tashga ketgan davrda uning onasi va singlisiga nisbatan otasi tomonidan zo‘ravonlik qilinishi, har xil so‘zlar bilan haqoratlab, to‘polon qilishi va jismoniy zo‘rlik ishlagan holda ularni xorlashi holatlari yuz bergan. Biroq dastlabki zo‘ravonliklar va harakatlar ona va singil tomonidan yashirilib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi (mahalla)ga yoxud biror bir HMQOga xabar berilmaydi. Buni faqatgina o‘z xatlari orqali harbiy xizmatdagi o‘g‘li Ch.ga ma’lum qiladi xolos. Bu esa latent jinoyatchilik hisoblanib, miqdoriga ko‘ra latentligi yuqori bo‘lgan jinoyatlar sirasiga kiradi, chunki bu toifadagi latentlikni aniqlash darajasi juda past hisobalanadi, ya’ni bunday jinoyatlarga fuqarolar tomonidan jinoyat emas, balki normal harakat deb qaraladi. Shuningdek, latent jinoyatlar kelib chiqishi sabablariga ko‘ra, mazkur vaziyat subyektiv xususiyatga ega sabablarga asosan rasmiy hisobaga olinmagan jinoyatlar toifasiga kiradi. Bunga izoh sifatida yuqoridagi vaziyatda jabrlanuvchi(ona va qizi)ning o‘ziga nisbatan jinoyat sodir etilganligini aniq bila turib, bu haqida vakolatli davlat organiga arz qilmaganligi – jabrlanuvchining qo‘rqishi, ko‘cha-ko‘yda gap-so‘z bo‘lishdan uyalish hissi, jinoyat sodir etuvchi (eri (otasi))ning xulq-atvori ijobiy tomonga o‘zgarishiga bo‘lga umid, yetkazilgan zararning jiddiy emasligi kabi omillar sabab bo‘lganligini keltirishimiz mumkin.
Mazkur vaziyat bo‘yicha xulosa chiqaradigan bo‘lsak, fuqaro Ch. o‘z otasini kuchli ruhiy hayajonlanish oqibatida o‘ldirgan, Bu jinoyat huquqida affect holat deyiladi va bunday holatda shaxs kuchli ruhiy hayajonlanish holatida bo‘lib, o‘z xatti-harakatlarini boshqara olmaydi va anglamaydi. Agar fuqaro Ch.ning singlisi va ponasiga qilingan dastlabki zo‘ravonliklar va harakatlar yashirilib, latentga aylanmaganda, Ch. jinoyat sodir etmagan bo‘lardi. Boshqa tomondan olib qaraganda, fuqaro Ch.ning onasi va singlisida huquqiy bilimning pastligi jinoyatning latentligiga va natijada Ch.ning jinoyat sodir etishiga zamin yaratgan. Bu holatda oilaviy mojarolardan ularning qo‘shnilari, qarindoshlari, mahalla va profilaktika inspektori xabardor bo‘lishi va holatning shu darajaga yetib kelmasligiga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirishi lozim edi. Biroq ularning beparvoligi va jabrlanuvchilarning holatni yashirishi sabab latent jinoyatchilik vujudga kelgan.
Bugungi kunda latent jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan bir nechta normative-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Jumladan, jinoyatlarni tezkor qidiruvini amalga oshirish, jinoyatlarni fosh etish va latent jinoyatlarni aniqlash va ularni ro‘yxatga olishni tartibga soluvchi huquqiy asos sifatida O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar to‘g‘risida”gi Qonuni ham jinoyatchilikni oldini olish, latent jinoyatchilikka qarshi kurashish va profilaktikasini amalga oshirishga qaratilgan normalardan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |