Shamollatishning aralash (kombinatsiyalangan) sxemalari Yer yuzidagi shamol tezligi 2 ÷ 5 m/s bo‘lganda karyerdagi havo harakati shamol energiyasi va termik kuchlarning birgalikda karyer atmosferasiga ta’sir etishi natijasida shakllanadi.
Chuqur karyerlarda ko‘pincha shamol va termik kuchlar kombinatsiyasi yordamida karyerni shamollatish sxemasidan foydalaniladi. Tajribalar ko‘rsatishicha, yer yuzidagi shamol oqimi kuchli bo‘lganda ham uning chuqurlik bo‘yicha ta’siri 150–200 metrdan oshmaydi. Ushbu chuqurlikdan pastdagi havo harakati shakllanishiga shamol oqimi energiyasi qariyb ta’sir ko‘rsatmaydi.
Karyerning chuqur gorizontlarida havo harakati esa termik kuchlar ta’sirida shakllanadi. Karyerning chuqur gorizontlarida havo harakati konvektiv yoki inversion bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri – konvektir havo harakatida karyer havosining yuqori qismi shamol energiyasi ta’sirida, pastki qismi esa konvektiv-termik kuchlar ta’sirida shamollatiladi (7.10- rasm). Bunda zararli moddalar konvektiv oqimlar bilan yuqoriga ko‘tarilib, havoning to‘g‘ri oqimli energiyasi ta’sir etadigan zonaga kirib keladi hamda bu oqim zararli moddalarni karyerdan tashqariga chiqarib yuboradi.
Agar karyerning bortlaridan biri sovuq, ikkinchisi esa qandaydir sabablarga ko‘ra (masalan, bortdagi foydali qazilmaning yonishi) isigan bo‘lsa, havo harakati konvektiv-inversion sxemalar kombinatsiyasi ta’sirida harakatlanishi mumkin (7.11- rasm).
Amaliyotda shamol va termik kuchlarning birgalikdagi ta’siri karyerni tabiiy shamollatishda ko‘proq uchraydi. Bunday hollarda karyerda havo harakatining shamol sxemasi (to‘g‘ri oqimli yoki resirkulatsion) shakllanadi. Bunda karyer havosi harakatlanishining vertikal yo‘nalishda kuchayishi (harorat real gradiyentning adiabatik gradiyentidan ko‘p bo‘lishi) yoki pasayishi (harorat real gradiyentning adiabatik gradiyentidan kam bo‘lishi) mumkin.
Bir onda karyer atmosferasiga ajralib chiqadigan (katta miqdordagi PM portlatilganda) zararli moddalarni karyerdan chiqarib
tashlash uchun karyerni uzoq vaqt mobaynida shamollatishda zararli moddalarning dastlabki konsentratsiyasi bir xil bo‘lgan sharoitda adiabatik va real atmosfera o‘rtasida quyidagi nisbat mavjud bo‘ladi:
Kp = n · Ka ,
bunda Kp – real atmosfera sharoitida karyerni shamollatuvchi erkin oqim (struya)ning turbulent diffuziyasi koeffitsiyenti; Ka – bu ham adiabatik atmosfera uchun; n – karyerdagi havo harorati manfiy gradiyentini hisobga olish koeffitsiyenti (har bir sharoit uchun hisoblab aniqlanadi). Havoning real adiabatik gradiyenti juda yuqori bo‘lganda (Gr > 1°C 100 m) koeffitsiyent n > 1 va QP > Qa, ya’ni karyerni shamollatishga amalda sarflanadigan havo miqdori (Qp) hisoblangan havo sarfi miqdoridan (Qa) ko‘p bo‘ladi. Real gradiyent adiabatik gradiyentdan kichik bo‘lganda (Gr < 1°C 100 m) n < 1 va Qp < Qa, ya’ni amalda karyerni shamollatishga sarflanadigan havo miqdori hisoblangan havo miqdoridan kam bo‘ladi. Manfiy harorat gradiyenti katta bo‘lgan karyerlar uchun n = 2,5 ÷ 3 bo‘lishi mumkin.
Real atmosfera noturg‘un (Gr > 1 °C 100 m) bo‘lganda Kp > Ka bo‘ladi, ya’ni zararli moddalarni karyerdan chiqarib tashlash jarayoni intensiv bo‘ladi.
Aksincha, atmosferaning turg‘un holatida (Gr < 1 °C 100 m) Kp < Ka bo‘ladi. Bunda zararli moddalarni karyerdan chiqarib tashlash jarayoni intensivligi kichik bo‘ladi.
Shunday qilib, shamol energiyasi va termik kuchlarning birgalikdagi ta’siri ostida zararli moddalarni karyerdan chiqarib tashlash karyerda vertikal harorat gradiyenti kamayishi tufayli qiyinlashadi.
Yuqorida aytilganlarning yakuni sifatida quyidagi xulosaga kelish mumkin: karyer atmosferasi turg‘unligining oshishi (ya’ni uning harorat gradiyenti kamayishi) natijasida karyerni shamollatish karyerga kirib keladigan havoning kamayishida ham, zararli moddalarni karyerdan chiqarib tashlash sharoiti yomonlashganda ham qiyinlashadi.