Eronda turkiy-mo‘g‘ul qabilalari hukmronligi qachon boshlandi va qancha davom etdi? Ma’lumki, mamlakatning Eron nomi birinchi bor afsonaviy Sosoniylar sulolasi davrida ishlatilgan. Sulola asoschisi Ardasher I o‘zini “shahan shohi Eron” nomi bilan ataydi. Shundan keyin sosoniylar sulolasi shohlari ham o‘zlarini “shohi Eron” deb atay boshlaydi.
Sosoniylar sulolasi hukmronligiga Arab xalifaligi tomonidan barham berilgach Eron nomi ham keng muomaladan chiqadi (turli viloyatlar o‘z nomi bilan, umumiy hudud Fors nomi bilan ataladi). Xalifalikdan so‘ng Fors hududlarini qisqa vaqt Safforiylar sulolasi boshqaradi. Keyinchalik Eron mayda davlatlarga bo‘linib ketadi.
1037-yili Eron tarixida turkiylar davri boshlanadi. Dastlab Saljuqiylar, so‘ng Xorazmshohlar hukmronligi ostida bo‘lgan Fors 1221-yildan mo‘g‘ullar nazorati ostiga o‘tadi. Mo‘g‘ullarning Elxoniylar davlati qulagach, Eronda boshlangan o‘zaro kurashlarni sohibqiron Amir Temur to‘xtatadi va butun Fors ustidan nazorat o‘rnatadi.
Amir Temur vafot etganidan so‘ng ham Eron biroz vaqt Temuriylar qo‘li ostida bo‘ladi. Qora va oqquyunli turkmanlarning G‘arbiy Erondagi qisqa hukmronligidan keyin sahnaga Eronning hozirgi chegara va davlatchilik ustunlarini o‘rnatishda asosiy rol o‘ynagan kuch — Safaviylar kirib keladi. Eron Ozarbayjonining(janubiy Ozarbayjon) Ardabil shahrida tug‘ilgan turkiyzabon yosh Ismoil I Safaviy o‘n yil ichida Eronning katta qismini egallaydi va Safaviylar davlatiga asos soladi. Ismoil I Safaviy asos solgan davlat o‘z davrida “davlati qizilbosh” (islomning shia oqimiga mansub bo‘lgan safaviylar qizil salla o‘rab yurgan) yoki “qizilboshlar podshohligi” nomi bilan ataladi.
Safaviylarni Fors taxtidan turkmanlarning afshor qabilasi yetakchisi Nodirshoh yiqitadi. Afg‘on qabilalari poytaxt Isfahonni egallab, mamlakatni talon-toroj qilayotgan vaziyatda Nodirshoh ozodlik kurashini boshlaydi va bir necha yillik urushlar natijasida Eronni ulkan davlatga aylantiradi. Nodirshoh davrida Xiva va Buxoro xonliklari ham uning davlati tarkibiga qo‘shib olinadi.
Nodirshoh o‘limidan so‘ng uning avlodlari taxtda ko‘p o‘tirmadi. Endilikda Eron oliy hokimiyatini kurdlarning zend qabilasi egallab oladi. Biroq qirq to‘rt yillik kurdlar hukmronligiga turkiylarning qojarlar sulolasi xotima beradi. Qudratli va shafqatsiz hukmdor Og‘a Muhammadxon 1781-yili zendlarni mag‘lub etib, Fors taxtini yana turkiylarga qaytaradi.