Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy
yo‘nalishlari
Reja:
2.1. Bozor iqtisodiyotining asoslari, xususiyatlari va bugungi qiyofasi
2.2. Bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillari va investitsiya – qurilish
faoliyatida ularni hisobga olish
2.3. Qurilish iqtisodiyotini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari
2.1. Bozor iqtisodiyotining asoslari, xususiyatlari va bugungi qiyofasi
Ma’lumki, iqtisodiyot bozor munosabatlari sharoitida faoliyat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki kunlardan boshlab
iqtisodiyotni rejali tizimdan bozor munosabatlari asosiga o‘tkazish masalasi
ko‘tarilib, uni hal qilishga kirishildi. Avvalgi nashrlarda, turli tadqiqotlarda bozor va
bozor iqtisodiyoti anarxiyani, inqirozlar va ishsizlikni keltirib chiqaruvchi tizim deb
ko‘rsatilar, bozorning biznes, tadbirkorlik, raqobat va shu kabi kategoriyalariga esa
kapitalizmga xos illatlar deb qaralardi.
Bugungi kunda chop etilayotgan tadqiqotlardan esa biz bozorning ishlab
chiqaruvchi(sotuvchi) bilan iste’molchi(haridor) uchrashadigan joy ekanligini,
bozor iqtisodiyotining esa rivojlanib borayotgan tizim ekanligini, unda iste’mol
tovarlarining mo‘l-ko‘l bo‘lishini, ularning avvalgi paytlardagidek, faqat davlat
tomonidan emas, balki zarur hollarda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda
asosan ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari tomonidan ishlab chiqarilishini bilib oldik.
Ko‘rinib turibdiki, mazkur masala bir qarashda oddiy ko‘rinsa-da, anchagina
murakkabdir.
Bozor iqtisodiyoti uch yuz yildan ko‘proq davrdan beri mavjuddir. Shu davr
ichida u tinmay rivojlanib, takomillashib, jamiyat hayotidagi o‘zgaruvchan
sharoitlarga moslashib kelmoqda. Shu sababdan, hozirgi kundagi bozor Adam Smit
davridagi yoki Karl Marksning “Kapital” asarida bayon qilingan davrdagi bozorga
mutlaqo o‘xshamaydi. Ammo bozorning asosi deyarli o‘zgarishsiz, avvalgidek
holicha saqlanib qoldi.
Bozor iqtisodiyotining paydo bo‘lganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa,
bozorning o‘zi juda qadimdan, antik dunyoda va hatto undan ham avval vujudga
kelgan. Mehnat taqsimoti boshlangan zahoti, odamlar orasida o‘z mehnatining
mahsuli bilan ayirboshlash zarurati paydo bo‘lgan. Natural xo‘jalik sharoitida ham
odamlar o‘z mehnat mahsulotlarini o‘zaro ayirboshlardilar, ammo bu ayirboshlash
tasodifiy xarakterga ega bo‘lgan. Mehnat taqsimoti sharoitida esa mehnat
mahsulotlarini muntazam ayirboshlamay yashash mumkin bo‘lmay qolgan. Ushbu
tovarlarni ayirboshlash zarurati bozorning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Agar
biror odam qandaydir tovarni ishlab chiqarishdan bosh tortsa ham, uni bozorda
topishi va biror boshqa tovarga ayirboshlashi mumkin bo‘lgan. Bozorning eng
muhim xususiyati ham shudir: uni hech kim o‘ylab topmagan va majburan joriy
etmagan - u hayotning mantiqiy zarurati bo‘lib, o‘z-o‘zidan, tabiiy ravishda vujudga
kelgan, bugungi kungacha ham shu yo‘l bilan rivojlanib kelmoqda. Mana shu tabiiy
rivojlanish yo‘li mamlakatimiz tarixida majburan to‘xtatib qo‘yilgan edi. Iqtisodiyot
o‘zining qonunlariga bo‘lgan bunday hurmatsizlik uchun qanday shafqatsiz o‘ch
olganini vaqt ko‘rsatmoqda.
Yana bozor iqtisodiyotining tarixiga nazar tashlaymiz. Tovarlarni
ayirboshlash zaruratidan kelib chiqqan bozor asta-sekin jamiyatdagi barcha iqtisodiy
aloqalarning asosiy shakliga aylandi. Bu bosqichda texnika murakkablashdi, mehnat
taqsimoti chuqurlashdi, ishlab chiqarish kengaydi, bozorlarning hajmi kattalashdi -
mayda-mayda mahalliy bozorlar birlashib, yirik milliy (ichki) bozorlarni,
keyinchalik esa jahon bozori shakllandi. Bozor munosabatlari rivojlangan sari,
odamlar tovarlarni ayirboshlash qandaydir sirli kuchlar tomonidan boshqarib
turilishini seza boshladilar. Bir paytlar Adam Smit ularni “ko‘rinmas qo‘l” deb
atagan edi. Shu tariqa bu sirli qonuniyatlarni o‘rganish, ularning qonuniyatlarini
aniqlash, “boylikning tabiati va sabablarini”, “davlatning qanday qilib boyishini”
o‘rganishga ehtiyoj tug‘ildi. Siyosiy iqtisod fani ana shunday vujudga keldi. Hozirgi
kunda xalqlarning boyligi va qashshoqligining sabablari haqida ko‘p narsa ma’lum
bo‘lgan bo‘lsa-da, iqtisodiyot qonunlarini o‘rganish nihoyasiga yetmadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |