Bog'liq Kameral nazorat nima va u kim uchun foydali
Kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi soliq to‘lovchidan (soliq agentidan, uchinchi shaxsdan) so‘rovnoma orqali: birlamchi hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda soliqlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo‘lgan boshqa hujjatlardan iborat hisob hujjatlarni;
taqdim etilgan soliq hisobotlariga doir tushuntirishlarni;
hisob hujjatlariga doir tushuntirishlarni;
soliqlarni (yig‘imlarni) hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq boshqa axborotlarni talab qilib olishga haqli.
So‘rovnoma elektron hujjat tarzida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Yuborilgan so‘rovnoma soliq to‘lovchi tomonidan o‘qib chiqilganidan keyin, lekin ushbu so‘rovnoma jo‘natilgan sanadan e'tiboran uch kundan kechiktirmay olingan deb hisoblanadi.
Agar soliq to‘lovchida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti mavjud bo‘lmasa, so‘rovnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi va u jo‘natilganidan so‘ng besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi.
Hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rovnoma tekshirilayotgan shaxsga (uning vakiliga) shaxsan imzo qo‘ydirgan holda topshirilishi mumkin.
Soliq organining so‘rovnomasiga javoban talab etilgan hujjatlar va (yoki) tushuntirishlar soliq to‘lovchi tomonidan so‘rovnoma olingan kundan e'tiboran besh ish kuni ichida taqdim etilishi kerak.
Agar soliq to‘lovchi so‘ralgan hujjatlar va (yoki) tushuntirishlarni uzrli sabablarga ko‘ra soliq organiga taqdim eta olmasa, soliq to‘lovchi so‘rovnomani olgan kundan ko‘pi bilan besh ish kunlik muddatda shu haqda soliq organini xat orqali xabardor qilishi shart. Ushbu xatda so‘ralgan hujjatlarning belgilangan muddatda taqdim etila olmaslik sabablari va zarur bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.
Soliq organi soliq to‘lovchidan xatni (xabarnomani) olgan kundan e'tiboran ikki ish kuni ichida hujjatlarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish yoki muddatni uzaytirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Mazkur qarorda hujjatlarni taqdim etishni uzaytirish muddati o‘n ish kunidan oshmasligi kerak.
Hujjatlarni (axborotni) uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarur bo‘lgan hollarda soliq organi tekshirilayotgan soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan kontragentdan yoki boshqa shaxslardan ushbu hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishga haqli.
Kameral soliq tekshiruvi jarayonida tekshirilayotgan soliq to‘lovchi tomonidan soliq organi talab qilgan hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmaganda, soliq organi Soliq kodeksning 111-moddasiga asosan soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. Soliq majburiyatining bajarilishini ta'minlashdagi ushbu usul kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilayotgan soliq to‘lovchining kontragentiga tatbiq etilmaydi.
Agar kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarni (axborotni) boshqa hududda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan soliq to‘lovchidan (uchinchi shaxsdan) olinishining zarurati yuzaga kelsa, kameral soliq tekshiruvini amalga oshiruvchi soliq organi ushbu hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish to‘g‘risida soliq to‘lovchi (uchinchi shaxs) hisobda turgan joyidagi soliq organiga topshiriqnoma yuboradi.
Topshiriqnomada kameral soliq tekshiruvi jarayonida qanday hujjatlarni (axborotni) taqdim etish zarurati yuzaga kelganligi va kameral tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida buyruqni ro‘yxatdan o‘tkazish raqami va sanasi ko‘rsatiladi.
Topshiriqnoma olingan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida hujjatlar (axborotlar) qaysi shaxsdan talab qilinayotgan bo‘lsa, o‘sha shaxsning hisobda turgan joyidagi soliq organi tomonidan uchinchi shaxsga hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risida so‘rovnoma yuboriladi.
Hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rovnomaga hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish to‘g‘risidagi topshiriqnomaning ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi.
Hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rovnomani olgan shaxs so‘rovnoma olingan kundan e'tiboran besh ish kuni ichida uni bajaradi yoki talab qilib olinayotgan hujjatlarga (axborotga) ega emasligi haqida xat bilan soliq organiga xabar beradi.
Agar talab etilgan hujjatlarni (axborotni) ko‘rsatilgan muddatda taqdim etish imkoni bo‘lmasa, soliq organi hujjatlar qaysi shaxsdan talab qilib olingan bo‘lsa o‘sha shaxsning yozma murojaatiga ko‘ra, ushbu hujjatlarni (axborotni) taqdim etish muddatini uzaytirishga haqli.
Talab etilgan hujjatlar soliq to‘lovchi (uchinchi shaxs) tomonidan soliq organiga hujjatlar soliq to‘lovchi tomonidan shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi, pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilishi yoki telekommunikatsiya aloqa tarmoqlari yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda topshirilishi mumkin.
Hujjatlar qog‘oz shaklida taqdim etilganda ular soliq to‘lovchi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxa shaklida amalga oshiriladi. Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq organiga (mansabdor shaxsga) taqdim etiladigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organlari mansabdor shaxsining talabiga ko‘ra, soliq to‘lovchi (soliq agenti) elektron shaklda tuzilgan hisobga olish hujjatlarining qog‘ozdagi ko‘chirma nusxalarini taqdim etishi shart, bundan elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida ro‘yxatga olingan hisobvaraq-fakturalar mustasno.
Kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organlari soliq to‘lovchidan avvalgi soliq nazorati bo‘yicha shuningdek soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida soliq organlariga taqdim etilgan hujjatlarni qayta taqdim etishini talab qilishga haqli emas.
Agar hujjatlar ilgari soliq organiga asl nusxalar tarzida taqdim etilib, keyinchalik tekshirilayotgan soliq to‘lovchiga qaytarilgan bo‘lsa, shuningdek soliq organiga taqdim etilib, bartaraf etib bo‘lmaydigan kuch holatlari oqibatida yo‘qotilgan taqdirda, hujjatlar tekshirilayotgan shaxsdan qayta talab qilib olinishi mumkin.
Hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani olgan soliq to‘lovchi - uchinchi shaxs ko‘rsatilgan qoidalarga muvofiq bo‘lmagan talabnoma bo‘yicha hujjatlarni (axborotni) taqdim qilishni rad etishga haqli.
Hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish to‘g‘risidagi topshiriqnomani olgan soliq organi tomonidan to‘plangan hujjatlar (axborotlar) ikki ish kuni ichida ushbu hujjatlarni elektron almashish tizimi orqali topshiriq bergan soliq organiga yetkaziladi.
Soliq organining kameral soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxsi tekshiruvning to‘liqligi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlashtirish maqsadida, tekshirilayotgan soliq to‘lovchining hududlarini va binolarini, shuningdek hujjatlar va buyumlarini Soliq kodeksining 145-moddasida nazarda tutilgan tartibda ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga haqli.
Kameral soliq tekshiruvi tugagunga qadar soliq to‘lovchi tomonidan avval hisoblangan soliq summasi soliq qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda o‘zgartirilib, aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgan taqdirda, kameral soliq tekshiruvi taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga olgan holda o‘tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxs tekshiruvni amalga oshirish chog‘ida soliq to‘lovchilarni va soliq agentlarini ushbu tekshiruvi munosabati bilan tushuntirishlar berish uchun, shu jumladan ular tomonidan soliqlarning to‘lanishi (ushlab qolinishi va o‘tkazilishi) munosabati bilan soliq organiga yozma bildirish asosida chaqirishga haqli.