Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvining umumiy muddati oltmish ish kundan oshishi mumkin emas.
Kameral soliq tekshiruvi davomida soliq organi so‘rovnoma asosida soliq to‘lovchidan:
soliqlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo‘lgan birlamchi hujjatlarni, buxgalteriya hisobi registrlarini hamda boshqa hisob hujjatlarini;
taqdim etilgan soliq hisoboti va hisob hujjatlariga doir tushuntirishlarni;
soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash bilan bog‘liq boshqa axborotni talab qilib olishga haqli.
So‘rovnomada ko‘rsatilgan hujjatlar va tushuntirishlar soliq to‘lovchi tomonidan soliq organiga so‘rovnoma olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etilishi kerak.
Tekshirilayotgan soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli bo‘lgan hujjatlarni (axborotni) uchinchi shaxslardan talab qilib olish zarur bo‘lgan hollarda, soliq organlari ushbu hujjatlarni (axborotni) soliq to‘lovchining kontragentidan yoki hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan boshqa shaxslardan talab qilib oladi.
Kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha tekshiruvni o‘tkazuvchi mansabdor shaxs xulosa tuzadi. Kameral soliq tekshiruvi yuzasidan tuzilgan xulosa soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan ikki kun ichida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Kameral soliq tekshiruvi materiallari, shu jumladan, soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi dalolatnoma, tekshirish yakunlariga ko‘ra tafovutlar aniqlanganligi yoki soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi mavjud emasligi to‘g‘risida tuzilgan xulosa Soliq kodeksining 135-moddasi oltinchi qismiga muvofiq soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha talabnomani yuborish Kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha tasdiqlangan xulosaga ko‘ra soliq hisobotidagi tafovutlar yoki xatolar aniqlangan holatlar yuzasidan soliq organi tomonidan ikki kun muddatda soliq to‘lovchiga ularni bartaraf etish to‘g‘risida talabnoma yuboriladi.
Talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanadi.
Taqdim etilgan soliq hisobotlarini o‘rganish va tahlil qilish natijalari bo‘yicha tafovutlar yoki xatolar aniqlanmagan bo‘lsa ham kameral soliq tekshiruvi yakunlangan deb hisoblanadi va bu haqida soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga tegishli xabarnoma yuboriladi. Soliq to‘lovchi talabnoma olingan kundan boshlab besh kun muddatda tegishli soliqlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoxud aniqlangan tafovutlarning asoslarini tasdiqlovchi hujjatlar bilan soliq organiga taqdim etishi shart.
Soliq to‘lovchining taqdim etgan asosnomasi tegishli hujjatlar (asosnomalar) olingan kundan eʼtiboran o‘n besh kun ichida soliq organining rahbari (rahbari o‘rinbosari) tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Aniqlangan tafovutlar bo‘yicha taqdim etilgan asosnomalarga to‘liq yoki qisman rozilik berilgan taqdirda, soliq organi oldin yuborilgan talabnoma bekor qilinganligi to‘g‘risidagi bildirish xatini yoxud soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan talabnomani uch kun ichida soliq to‘lovchiga yuboradi.
Agar soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa yoki aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asosnomalarni taqdim etmasa yoxud taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa soliq organi soliq to‘lovchiga soliq auditini tayinlashga haqli.