KONFUTSIYNING HAYOT VA O‘LIM HAQIDAGI MULOHAZALARI
Bir kuni Konfutsiy o‘zining shogirdlari bilan Vey podshohligiga qarab yo‘l olibdi. Bir bug‘doy ekilgan dalaga kelib, oq sochli, boshini egib, belini bukib moshoq terayotgan qariyani ko‘rishibdi.
Bu qariyaning ismi Lin Ley bo‘lib, yoshi yuzga yaqinlashib qolgan ekan. Ko‘pchilik uni tanir, quvnoq, irodali odam sifatida bilar ekan. Bir asr yashab qo‘ygan, oilasiz, yolg‘iz bo‘lsa ham, juda quvnoq yashar ekan. Qariya juda ham mehnatkash ekan, odatda savat olib hosil yig‘ilgan dalalardagi moshoqlarni terib olarkan, ayrim paytlari yo‘lda ketaturib qo‘shiq bastalar ekan.
Konfutsiy yonidagi shogirdlariga debdi:
"Anavi oqsoch qariyani ko‘rdinglarmi? U deyarli bir asrni yashab qo‘ygan, dunyodagi ishlar haqida, odamlar hayoti borasida juda ko‘p narsalarni biladi, kim uning oldiga borib undan maslahat so‘ramoqchi?"
Zi Gan Lyu degan shogirdi oldga chiqibdi:
"Men boraman, menda unga juda ko‘plab savollar bor".
Zi Gan qariyaning oldiga borib, uning savatidagi moshoqlarga qarab so‘rabdi:
"Sizning yoshingiz shunchalik ulug‘, nima uchun bunday azoblanasiz? Men haqiqatan ham tushunmayman, chindan sizga qayg‘uraman, siz hali ham tinmay mehnat qilasiz, qo‘shiq kuylaysiz, shu haqda nima deb o‘ylaysiz?"
Qariya hech narsa eshitmagandek boshini egib, ham xirgoyi qilar, ham diqqatini bir yerga to‘plab bug‘doy boshoqlarini terardi.
Qariya oldinda ketardi. Zi Gan qariya uni e’tiborga olmayotganini ko‘rib, uning orqasidan yuraveribdi, qariya nihoyat uning savoliga savol bilan javob beribdi:
"O‘zingda nima yaxshi-yu, men haqimda qayg‘uryapsan?"
Zi Gan yana so‘rabdi:
"Men o‘ylashimcha, siz yosh bo‘lgan paytingizda aniq hech qanday muvaffaqiyatga erishmagansiz, hozir esa hayotingiz og‘ir. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, yoshingiz shunchalik ulug‘, umringiz borgan sari tugab bormoqda, yoningizda qarindoshlaringiz yo‘q, yolg‘iz hayot kechirasiz, yana mashaqqat bilan mehnat qilib o‘zingizni boqishingiz kerak, nahot bu narsa odamning rahmini keltirmaydi?"
Lin Ley javob beribdi:
"Men yosh bo‘lgan paytimda hech qanday tayyorgarligim yo‘q edi, sababi mana shu bo‘lsa kerak. Men endigina oson va uzoq umr kechirmoqdaman. O‘lgandan so‘ng, boshqa yaxshiroq dunyoga borsam kerak!" deb javob beribdi.
Zi Gan qariyaning so‘zlarini Konfutsiyga yetkazibdi, ustozi chuqur xo‘rsinib:
"Qariyaning fikrlarining hammasi ham to‘g‘ri emas. Hayotda baxt ham, qayg‘u ham bo‘ladi. Bor kuchni o‘qishga, mehnat qilishga sarflash kerak, o‘shandagina umrning oxirida xotirjam, tinch o‘ladi. Bu odam hozir hayotning yagona to‘g‘ri yo‘lidadir".
Eng johil inson ohiratini birovning dunyosi uchun sotgandir.
| |
Do'stlaringiz bilan baham: |