Fagning morfologiyasi. Tekshiruvchi olimlar bakteriofagning korpuskulyar zarrachalardan iborat ekanligini isbotladilar. Bakteriofagning kattaligi juda mayda bo‘lib, 8-10 mmk gacha ayrimlari 200-300 nm gacha bo‘lishi elektron mikroskopda aniqlangan. Elektron mikroskopda fagning shakli spermatozoidga va baraban tayoqchasiga o‘xshash ekanligi hamda sharsimon, tayoqchasimon shakllari bo‘lishi aniqlandi.
Elektron mikroskopda fagning 2 qismdan: 1) bosh qism 2) dum qismdan iboratligi tekshirilib rasmga olingan. Bakteriofagning bosh qismi oqsillardan tuzilgan, bu oqsil asosan DNK va RNK lardan iboratdir. Ayrim faglar tarkibida DNK ning miqdori 37-42%ga boradi, bakteriyalar tanasida DNK 5-6%ni tashkil etadi. Bakteriofag bosh qismining markazida nuklein kislotalar ipi, ya’ni DNK turadi.DNKni oqsil pardasi hamma tomondan o‘rab turadi. Dum qismi atrofida spiral prujinaga o‘xshash plastinka joylashgan, ana shu plastinkaga bakteriofag dumining iplari yopishadi.
Dum bakteriofagning bakteriya hujayrasiga yopishib, uni teshib ichiga kirish vazifasini bajaradi. Ya’ni bakteriofag bakteriyaga yopishgandan keyin ana shu dum xuddi ignaga o‘xshab bakteriya hujayrasini teshadi. Natijada bakteriofag DNKsi shu teshik orqali bakteriya hujayrasining ichiga o‘tadi va bakteriofag shu yerda ko‘paya boshlaydi. Yana shu narsa aniqlandiki, bakteriofag bakteriyaga kirganida, fagning faqat DNKsi kiradi. DNKni o‘rab turgan oqsil pardasi bakteriya hujayrasiga kirmasdan tashqariga qolar ekan. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, faglarda irsiy xabar faqat DNK orqali amalga oshar ekan, ya’ni faglar DNK orqali ko‘payar ekan.
Bakteriofagning bakteriya hujayrasiga kirisihi va yerda ko‘payishining fazalari
Bakteriofag bakteriya hujayrasiga kirgandan keyin fagning nuklein kislotalarining ipi ko‘payib, juda ko‘p DNK iplarini hosil qiladi. Shu DNK iplari bakteriofaglarga aylanadi va bakteriya hujayrasini yemirib tashqariga chiqib, yangi bakteriya hujayralariga yuqa boshlaydi yoki fagning bakteriya tanasiga kirib, u yerda ko‘payishi 4 fazadan iborat ekanligi aniqlangan. 1-faza. Bunda fag zarrachasi bakteriyaning tanasiga kelib, dum qismi bilan yopishadi.
2-faza. Fag bakteriya hujayrasini teshik, o‘zining bosh qismidagi DNKni shprits singari hujayra ichiga yuboradi.
3-faza. Bakteriya ichiga kirgan fag bakteriya hisobida oziqlanib, u yerda ko‘paya boshlaydi va maxsus ferment hosil qilib, bakteriya hujayrasining oqsil moddalarini eritib hazm qiladi.
4-faza. Bakteriofag zarrachalari ko‘paygan sari bakteriya ichida bosim ortadi, bakteriya tanasi shishib, bakteriyaning shakli o‘zgaradi va nihoyat bakteriya hujayrasi yorilib o‘ladi. Yorilgan bakteriya ichidan yosh bakteriofag zarrachalari chiqib, boshqa bakteriyalarni zararlayveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |