Nazorat-tashhislash ishlari.
Avtomobilni qabul qilish vaqtida uning texnik holatini mutaxassis tomonidan aniq baholash katta ahamiyatga ega. Shuning uchun avtomobillarni qabul qilish mintaqasi avtomobil texnik xolatini tezkor aniqlovchi qurilmalar bilan jixozlanadi:
- dvigatel chiqindi gazlarining holati tutun o’lchagich (dizel dvigatelli avtomobillar uchun) va komponentli gazanalizator (karbyurator dvigatelli avtomobillar uchun) yordamida aniqlanadi;
- avtomobil tormoz tizimining samaradorligi rolikli tormoz qurilmasida aniqlanadi;
- g’ildiraklar yaqinlashuvini aniqlovchi tester tezkorlik bilan oldingi va orqa g’ildiraklarining yaqinlashuvini aniqlaydi va ularni sozlashga yuborish zaruratini belgilaydi;
- avtomobil osmasi va rul boshqarmasi holati osma va amortizatorlarni tekshirish testeri va lyuftdetektor qurilmasi yordamida aniqlanadi;
- farani tekshirish va sozlash testeri yordamida faraning yaqin va uzoqni yoritish holati aniqlanadi;
- ko’targich yordamida avtomobil holati nazoratdan o’tkaziladi;
-markaziy diagnostika ustuni o’lchangan agregatlar parametrlarini qayd qilish va yig’ish imkonini beradigan dastur bilan ta’minlangan bo’lib, printer yordamida mijozga o’lchash natijalari va ularning etalon qiymatlarga mosligi haqida ko’chirma beradi;
- mintaqada dvigatel ishlatilgani uchun unda chiqindi gazlarni tortib oluvchi qurilma o’rnatiladi.
Avtomobillarni qabul qilish jarayoni 5...20 minutni tashkil etadi, to’liq tashhislash esa bir necha soatni tashkil etishi mumkin.
ATXKS ga keladigan avtomobillar turiga qarab tashhislash ustaxonalari barcha avtomobillarga xizmat qiladigan va maxsuslashtirilgan - ayrim avtomobil turlariga xizmat qiladigan jihozlar tanlab olinadi. Zamonaviy avtomobil dvigatellarini tashhislash uchun markaziy tashhislash modulida skanerlar, motortesterlar joylashtiriladi, tutun o’lchagichlar va gazanalizatorlardan, stroboskopdan, kompressometr va pnevmovakuummetrdan foydalaniladi, ta’minot tizimi holati yoqilg’i bosimi testeri va injektor forsunkalarini tekshirish va tozalash jixozlari yordamida aniqlanadi. Salonni sovutish holati kondistionerga xizmat ko’rsatish testeri yordamida aniqlanadi. Elektr jihozlari xolati akkumulyator batareyalari testeri va elektrik jihozlari to’plami yordamida tashhislanadi. Bundan tashqari universal jihozlar sifatida tormoz stendlari, osma va rul boshqarmasi, yoritish asboblari holatini tashhislash jixozlaridan foydalanish mumkin.
Avtomobil g’ildiraklarining o’rnatilish burchaklari (g’ildiraklarning yaqinlashuvi va tiklikdan og’ish burchaklari, shkvorenning bo’ylama va ko’ndalang og’ish burchaklari) avtomobilning harakatlanish xavfsizligiga, osmalarning holatiga, shinalarning eyilishiga katta ta’sir ko’rsatadi.
Ko’pchilik hollarda g’ildirakning yaqinlashuv va tiklikdan og’ish burchaklari tashhislanadi va sozlanadi.
Avtomobil ta’mirtalab bo’lgan holda va osma qismlari almashtirilganda yuqorigi ishlardan tashqari shkvoren yoki burilish o’qining bo’ylama va ko’ndalang og’ish burchaklari, o’qlarining yonga surilishi, oldingi va orqa o’q g’ildiraklari markazi orasidagi masofa tashhislanadi va sozlanadi.
G’ildiraklar o’rnatilish burchaklarini tashhislash uchun g’ildiraklar o’rnatilish burchagini sozlash universal stendidan foydalaniladi.
G’ildirak o’rnatilish burchaklarini o’lchashning avval qo’llangan mexanik va optik usulidan hozir lazer va fotodatchiklar usuligacha bo’lgan 30 xil texnologiya mavjud.
Zamonaviy avtomobillar uchun yuqori aniqlik va turg’unlikni ta’minlaydigan stendlar qo’llaniladi.
Bu stend 4 ustunli ko’targichga o’rnatiladi.
Ustaxonada aravachadagi qo’l jihozlari to’plami, shina damlash qurilmasi, turli avtomobillar g’ildiraklari o’rnatilish burchaklari haqidagi ma’lumot kiritilgan kompyuter o’rnashtiriladi.