Rektal sun’iy ovqatlantirish — organizmning suyuqlikka va osh tuziga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida to‘g‘ri ichak orqali oziq moddalarni yuborishdir. Bu usul keskin suvsizlanib qolishda, qizilo‘ngach batamom tutilib qolganda, qizilo‘ngach va me’daning kardial qismidagi operatsiyalardan keyin qo‘llanadi. Bundan tashqari ovqatli huqnalar diurezni kuchaytiradi va organizmdan toksinlar chiqarilishiga imkon beradi. Ovqat yuborishdan bir soat oldin ichaklarni to‘liq bo‘shatish uchun tozalash huqnasi qilinadi. Тo‘g‘ri ichakda 5% li glukoza eritmasi va 0,85% li natriy xlorid eritmasi yaxshi so‘rilishi tufayli bu eritmalardan sun’iy ovqatlantirish uchun foydalaniladi. 200—500 ml miqdoridagi ovqatli huqnalarni rezina nokchadan yuboriladi. Suyuqlik harorati 37—38°C bo‘lishi kerak. Ichak peristaltikasini to‘xtatish uchun 5—10 tomchi opiy nastoykasi qo‘shiladi. Bu muolaja kuniga 3—4 marta takrorlanadi. Ko‘proq miqdordagi suyuqlik (1 l gacha) tomchi usulida, bir marta yuboriladi. Ovqatli huqnalarni tez-tez qilish tavsiya etilmaydi, chunki bunda to‘g‘ri ichak sfinkteri ta’sirlanishi va orqa chiqaruv yo‘lida yoriqlar paydo bo‘lilishi mumkin. Bu asoratlarning oldini olish uchun orqa chiqaruv yo‘lini yaxshilab yuvib turish kerak.
Parenteral ovqatlantirish. Bemor tabiiy yo‘l bilan ovqatlana olmaganda (bemor me’da-ichak yo‘llarida operatsiya qilinganda, shuningdek juda darmoni qurib, ozib-to‘zib ketganda, badanning katta joylari kuyganda, ko‘pdan beri bitmayotgan katta-katta yaralarda) oziq moddalari mushak orasiga va venaga yuboriladi. Qon quyish, plazma va plazma o‘rnini bosadigan eritmalarni yuborish yo‘li bilan bemor organiz2m18ining oqsillar, tuzlar va suvga bo‘lgan bir kunlik ehtiyojini qondirish mumkin. Odamning qon plazmasidan tayyorlangan vositalar–albumin va protein, shuningdek, alvezin, levomin, poliamin va boshqa aminokislotalar kuniga 300—500 ml miqdorda venaga, tomchi usulida asta-sekin yuboriladi. Glukoza organizmni uglevodlar bilan ta’minlaydi. Uning 5–10–20–40% li eritmalari teri ostiga va venaga yuboriladi. Hammasi bo‘lib bir kunda ko‘pi bilan 100 g glukoza yuborilishi mumkin. Organizmda undan tez va ta’sirchan foydalanish maqsadida ba’zan kichikroq miqdorda insulin ham yuboriladi. Bemorga vitaminlarni parenteral yo‘l bilan kiritish ham mumkin. Yog‘larni kiritish uchun yuqori kaloriyali yog‘ emulsiyalaridan intralipid va lipofundin qo‘llanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |