Platina
XVI-asr o‘rtalarida Amerika qit’asida ispan istilochilari ilk bora o‘zlari uchun yangi
metall bilan tanishishgan edi. Ular duch kelgan metall ko‘p jihatdan kumushga o‘xshasa ham,
baribir biroz boshqacha xossalarga egaligi bilan ularni ajablantirgan edi. Ispanlar kumushni
plata deb yuritishgan. Yangi metallga esa ispanlar, albatta uning xossalaridan bexabar holda,
biroz nojoiz, aytish mumkinki, biroz kamsituvchi nom tanlashgan. Ya’ni, ularning tilida
«kumushcha», «kichik kumush», «sifati pastroq kumush» degan ma’nolarni beruvchi
«platina» nomini berishgan. Buning eng birinchi sababi shunda ediki, ispanlar kumushni juda
oson eritib, shakl berish mumkinligini yaxshi bilishardi. Platina esa juda qiyin eriydigan metall
bo‘lib, uni eritish uchun, 1770 ℃ atrofidagi harorat zarur bo‘ladi. Shu sababli ham ispan
istilochilari bu metallga ishlov bera olmay toza xunob bo‘lishgan va uni «sifatsiz kumush» deb
o‘ylashgan. Aynan shu tufayli, o‘sha zamonlarda platina kumushdan ko‘ra ikki barobar arzon
yurgan. Ular metallarning bahosi borasida qanchalik qattiq adashganliklarini bilishmagan
albatta.
XVIII-asrgacha platina Yevropalik kimyogarlarga tanish bo‘lmagan. Bu metallni
Amerikadagi ispan mustamlakalaridan Yevropaga tashib kelish boshlanganida esa, uning arzon
ekanidan foydalanib qolish payida bo‘lgan qalbaki tanga zarb qiluvchilar ko‘payib ketgan. Ular
platinada qalbaki ispan kumush tangalarini zarb qilib chiqara boshlashgan. Shu tariqa, platinani
keng ishlatishni boshlagan ilk kimsalar qalbaki tanga zarb qiluvchilari bo‘lishgan. Ular, agar
platina oltin bilan qotishma holiga keltirilsa, ushbu ikki metall juda yaxshi birikishini ham tez
payqashgan. Platinaning zichligi oltinnikidan juda kam farq qiladi va bu ikki metallning
zichligini maxsus asboblarsiz o‘zaro farqlash qiyin bo‘lgan. Shu sababli, qalbaki tanga zarb
qiluvchilar tilla tangalarni ham platina asosida zarb qilish payiga tushib qolishgan edi. Biroq,
qotishma holidagi platina oltinning o‘ziga xos sariq jilvasini yo‘q qilishi tez orada ma’lum
bo‘ldi. Haqiqatan ham, atiga 8% platina qo‘shilgandayoq oltin va platina qotishmasining rangi
oqarib ketadi va undan tillarangning asari ham qolmaydi. Biroq, qalbaki tanga zarb qiladigan
qalloblar buning ham yo‘lini topishdi. Ular, tilla tanganing o‘rtasini egallovchi kichikroq tanga
platina tanga zarb qilib, uning atrofini esa haqiqiy tilla tanga kattaligiga tenglashtiruvchi oltin
bilan qoplab chiqara boshlashgan. Bunday tangalarning sof yoki qalbaki ekanini esa hech
qanday Arximed aniqlay olmasdi. Chunki, yuqorida aytganimizdek, bunday qotishmaning
zichligi sof oltin zichligidan deyarli farq qilmagan.
Shunday qalbaki tangalar muomalada haddan ziyod ko‘payib ketgach, Ispaniya qiroli
Filipp V mamlakatga platina tashib keltirishni taqiqlovchi maxsus farmon chiqarishga majbur
bo‘lgan. Farmonga ko‘ra, Kolumbiyadagi oltin konlaridan olinayotgan platinani hech qanday
qayta ishlashga yubormasdan, undan oltinni yaxshilab tozalab olgach, mirshablar va
amaldorlar nazorati ostida, Rio-del-Pinto daryosiga tashlab yuborish kerak edi. Natijada, bu
daryoga shuncha ko‘p platina tashlab yuborildiki, odamlar keyinchalik daryoni Rio-del-Platino
deb nomlay boshlashdi. Ya’ni, bu nom «Platina daryosi» degan ma’noni anglatardi. Qirol
farmoniga ko‘ra, Ispaniyaga tashib kelib bo‘lingan platinaning hammasini esa dengizga tashlab
yuborilgan.
Platina shuningdek Rossiyada ham ancha-muncha sarguzashtlarni boshdan kechirgan.
1828-1845-yillar orasida Rossiya imperiyasida 3, 6 va 12-rubl qiymatga ega platina tangalar
zarb qilingan. Gap shundaki, Ural tog‘laridan o‘sha yillarda katta miqdorda platina konlari
topilgan edi va rus konchilari ham ushbu metallni qazib olib, keyin nimaga ishlatishni
57
bilishmagandi. Shu sababli, mazkur metalldan «hech bo‘lmasa» mayda chaqa pullar zarb qilish
uchun foydalanish maqsadida tangalar zarb qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |