33
tilida «
blende de poix» yoki, inglizchadagi «pitchblende» atamalari aynan ushbu og‘ir rudaga
nisbatan qo‘llangan. Ruslarda esa uni «
smolyanaya obmanka» (смоляная обманка) deyiladi.
Geologlar lug‘atida esa bu modda
nasturan minerali nomi bilan qayd etiladi. Nasturan
so‘zining ma’nosi esa «zichlashgan» degani bo‘lib, u yunon tilidagi «
nastos» so‘zidan
yasalgan. Kimyoviy tarkibiga ko‘ra nasturan U
3
O
8
tarzida ifodalanadi.
1781-yilda ingliz astronomi Uilyam Gershel (1738-1822) Quyosh tizimida yangi bir
sayyorani kashf qildi va ushbu sayyoraga olimlar Uran nomini berishdi. Uran – qadimgi yunon
afsonalaridagi osmon ma’budi bo‘lib, Zevsning bobosi hisoblanadi. 1789-yilda esa, ya’ni, Uran
sayyorasi kashf etilganidan 8 yil o‘tib, nemis kimyogari Martin Genrix Klaport aldamchi
smoladan og‘ir qoramtir moddani ajratib oldi va uni avvaliga metall bo‘lsa kerak deb o‘yladi.
Klaport hali ilm-fandan to‘la surgun bo‘lib ulgurmagan alkimyogarlar uslubiga ko‘ra, o‘zi
kashf qilgan yangi moddaga, yaqinda kashf qilingan sayyora nomini biriktirishga qaror qildi
va moddani «uran» deb nomlay boshladi. Aldamchi smolani esa endilikda uran smolasi deb
yuritish urfga aylandi. O‘rni kelganda aytib o‘tamizki, er-xotin Kyurilar radioaktivlik
hodisasini kashf etish tajribalarida aynan ushbu mineraldan foydalanishgan. Uzoq
vaqtlargacha, Klaport uranni sof holda ajratib olgan degan fikr kimyo fanida o‘rnashib
qolgan
edi. Lekin, 1841-yilga kelib ma’lum bo‘ldiki, Klaport aslida uranning qoramtir oksidi UO
2
ni
ajratib olgan ekan.
1843-yilda astronomlar Quyosh tizimda yana bir sayyorani kashf qilishdi. Ushbu
sayyoraning mavjudligini va qayerda joylashgan bo‘lishi mumkinligini bir necha yil avvalroq
farang olimi Urban Leverye (1811-1877) hisoblab bergan edi. Leverye ko‘rsatib bergan joyda
yangi sayyora haqiqatan ham
kashf etilgach, ushbu sayyoraga yunon
mifologiyasidagi suvosti
dunyosi ma’budi – Neptun nomi berilgan. 1850-yilda Yevropaga AQSHdan keltirilgan mineral
tarkibidan yangi metall kashf etilganda esa, kimyogarlar ushbu metallni yangi sayyora
sharafiga neptuniy deb atashga qaror qilishgan edi. Lekin, kimyogarlarning quvonchi uzoqqa
cho‘zilmadi. Ma’lum bo‘lishicha, ular yangi element deb o‘ylagan o‘sha metall aslida, ancha
avvalroq kashf etilgan
niobiy
bo‘lib chiqdi. Shu tariqa, Neptun sayyorasi avvaliga kimyoviy
elementlar davriy jadvalidan joy ola olmadi va bu jadvalga kirish uchun deyarli bir asr muddat
talab etildi. 1940-yilda amerikalik fiziklar MakMillan va Abelson birgalikda uranni neytronlar
oqimi bilan bombardimon qilish tajribasidan keyin hosil bo‘lgan mahsulot moddalar ichida
yangi element kashf etishdi va nihoyat o‘sha yangi elementga neptuniy nomini berishga qaror
qilishdi. Omadli tarzda shunday tartib-muvofiqlik yuzaga keldiki, xuddi Quyosh tizimida avval
Uran va undan keyin Neptun sayyoralari joylashgani singari, davriy jadvalda ham avval uran
(№92) va unining ketidan neptuniy (№93) elementlari joylashadi.
1930-yilda esa, Quyosh tizimida uzoq vaqtgacha 9-sayyora sanalgan Pluton kashf
etildi. Pluton – qadimgi yunon afsonalarida yerosti saltanati ma’budi sifatida gavdalanadi.
1940-yilda uran elementini deyteriy yadrolari bilan bombardimon qilish tajribalari chog‘ida
kashf qilingan, davriy jadvalda 94-katakchada joylashishi lozim bo‘lgan yangi elementni ham,
sayyoralarning joylashish tartibiga ko‘ra, plutoniy deb nomlashgan. Aytib o‘tamizki, Pluton
hozirda sayyora deb e’tirof etilmay qo‘ygan. Chunki, uning o‘lchamlari va orbita xususiyatlari
katta sayyoralarniki singari emas. Xalqaro Astronomiya Ittifoqining 2006-yildagi qaroriga
binoan, Pluton mitti sayyoralar safida e’tirof etiladi.