Fizik-kimyoviy tasniflash – oqsillarni elektrokimyoviy va qutbli xossalariga asoslanadi. Ushbu belgilarga ko`ra oqsillar qutbli yoki gidrofil (tarkibida qutbli guruhlari ko`p, yaxshi eriydigan), qutbsiz yoki gidrofob (tarkibida qutbsiz qoldiqlar bo`ladi, deyarli erimaydi) va amfipatik yoki amfifil (ikki tomonlama belgilarga ega – molekulaning bir qismi qutbsiz, boshqa qismi esa qutbli; asosan membrana oqsillari) guruhlariga bo`linadi.
Funktsional tasniflash – oqsillarning biologik vazifalariga asoslanadi.
Struktura belgilariga ko`ra oqsillar ikkita yirik guruhga bo`linadi: oddiy oqsillar (protein, apoprotein) – gidrolizlanganda faqat aminokislotalarga ajraladi va murakkab oqsillar (proteid, goloproteid) – gidrolizlanganda aminokislotalardan tashqari oqsil bo`lmagan komponentlar ham hosil bo`ladi, masalan uglevod, yog`, nuklein kislotalari va hokazolar.
Oqsillarning tasnifi ularning ikkilamchi va uchlamchi strukturalarining xossalaridan kelib chiqishi ham mumkin. Bunga asosan globulyar oqsillar orasida 4 ta sinf farq qilinadi: α, β, α+β, α/β oqsillar. α-oqsillarga tarkibida 60% dan kam bo`lmagan α-spiral saqlovchi; β-oqsillarga esa faqat β-struktura saqlovchi globulyar oqsillari kiradi.
α+β oqsillar tarkibiga ikkala struktura ham kiradi. Bunda bir domen α- spiraldan, ikkinchisi β-qatlamdan; α/β –oqsil sinfi esa polipeptid zanjiri bo`ylab α- spiral va β-qatlamning navbatlashib kelishidan yoki bir va bir nechta β-qatlam har biri bir nechta α-spiral bilan o`ralgan bo`ladi.
Oqsillar tasodifiy belgilariga asoslanib, ko`pincha ular ajratib olingan manba yoki molekulaning eruvchanligi, konfiguratsiyasiga qarab ham nomlanadi.
Oddiy oqsillar va ularning vakillari. Oddiy oqsillar eruvchanligiga, aminokislota tarkibiga va boshqa ba’zi xususiyatlariga asosan quyidagi guruhlarga bo`linadi: gistonlar, protaminlar, albuminlar, globulinlar, prolaminlar, glutelinlar va proteinoidlar (skleroproteinlar).
1.15-rasm. Oddiy oqsillarning tasniflanishi
Gistonlar (gr. histos – to`qima) – ko`p hujayrali organizmlarning to`qima oqsili bo`lib, xromatin DNK bilan bog`langan. Bu oqsillarning molekula og`irligi nisbatan kichik (11000-24000); elektrokimyoviy xususiyatlariga ko`ra – kuchli asos xossalari izoelektrik nuqtasi 9,5-12,0 atrofida. Gistonlar faqat uchlamchi strukturaga ega. Ular 5 turga bo`linadi: H1, H2a, H2b, H3, H4. Guruhlarga bo`linishi
gistonlar tarkibidagi arginin va lizinning nisbatiga asoslangan. Gistonlarning qo`shimcha yana bir turi – H5 qushlar, amfibiyalar va baliqlarni eritrotsitlaridan ham ajratib olingan.
Ko`p hujayrali organizmlar to`qimalarida giston/DNK nisbati 1 atrofida. Tabiiy sharoitda gistonlar DNK bilan mustahkam bog`langan nukleoproteid shaklida uchraydi. Giston-DNK bog`i elektrostatik bog` hisoblanadi, chunki gistonlar tarkibidagi diaminokislotalar – arginin va lizin miqdorini musbat zaryadi katta, DNK zanjiri esa manfiy zaryadga ega. Gistonsimon oqsillar hujayra sitoplazmasi ribosomalarida uchraydi. Bakteriyalarda tipik gistonlar uchramaydi, viruslarda esa gistonsimon oqsillar bor.
Gistonlar yadroda struktura va boshqaruv vazifasini bajaradi. Ular DNKning fazoviy strukturasini va o`z navbatida xromatin va xromosomalarning strukturalarini turg`unlashtirishda ishtirok etadi. H1 gistonidan boshqa barcha 4 turdagi gistonlar xromatinning struktura birligi bo`lgan nukleosomalarning asosini tashkil etadi; H1 gistoni esa nukleosomalar orasidagi DNK fragmentlarini to`ldirib turadi. Boshqaruv vazifasi genetik axborotni DNK dan RNK ga o`tkazilishini blokirovka qilishdan iborat.
Gistonlarga globin (gemoglobin), bo`qoq bezi gistoni, skombron (skumbriya balig`idan olingan) oqsillari kiradi.
Protaminlar – gistonlar o`rnini bosuvchi o`ziga xos biologik material hisoblansa ham gistonlardan aminokislotalari tarkibi va strukturasi bilan farq qiladi. Ular eng sodda tuzilgan oqsillar bo`lib, molekula og`irligi ham eng past - 4000-12000 gacha. Ammo ularning tarkibida arginin va lizinning miqdori – 80% gacha va undan ham ortiq bo`lganligi sababli kuchli ishqor xossasiga ega. Gistonlar singari protaminlar ham – polikation oqsillar, sperma xromatinida DNK bilan bog`langan. Protaminlar baliq urug`idagi nukleoprotamin tarkibida ko`proq bo`ladi. Protaminlar olingan manbasiga ko`ra quyidagicha nomlanadi: salmin – lososning, truttin – forelning, skumbrin – skumbriyaning, klupein – seldning urug`idan olingan.
Protaminlar ham gistonlar kabi spermatozoidlarning DNK sida struktura vazifasini bajaradi.
Prolaminlar – o`simlik oqsillari guruhi, donli o`simliklarning urug`ida mavjud. Prolaminlarning asosiy xususiyati - suvda, tuzli eritmalarda, mutlaq spirtda, kislota va ishqorlarda erimasligidir. Ular 70°li etanol bilan ekstraktsiya qilinadi. Bu muhitda erish xossasi ular tarkibidagi qutbsiz aminokislotalar va prolinga bog`liq. Prolaminlarning nomlanishiga ular ajratib olingan manbalarga asoslangan. Gliadin – bug`doy va javdardan, gordein – arpadan, avenin – sulidan, zein – makkajo`xori donidan olingan.
Glutelinlar o`simlik oqsillari, neytral erituvchilarda – suv, tuzli eritmalar va etanolda erimaydi, ammo kuchsiz eritmalar – suyultirilgan kislota va ishqorlarda eriydi. Ularni prolaminlarga nisbatan erituvchilarda erishi tarkibida argininni miqdori ko`proq prolinni miqdori kamroq bo`lishiga bog`liq. Glutelinlar – bug`doy, arpa donlari tarkibida uchraydi. Guruchdan olingan orizenin, bug`doydan olingan glutenin shu guruh oqsillariga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |