4.1. –rasm. Siklik nukleotidning tuzilshi
Nuklein kislotalarining tuzilish darajalari. DNK va RNK ning birlamchi strukturasi 3¹ 5¹- fosfodiefir bog`lari bilan bog`langan mononukleotidlarning to`g`ri chiziqli polinukleotid zanjiridan iborat. DNK va RNK birlamchi strukturasining tuzilish negizi bir xil: mononukleotid zanjiridagi pentozaning 3¹-gidroksil guruhi ikkinchi mononukleotiddagi pentozasining 5¹-gidroksil guruhi bilan kovalent bog` orqali bog`langan. Shu sababdan 3¹ 5¹-difosfodiefirli bog`lar deb ataladi. DNK va RNK ning to`g`ri chiziqlari zanjirining uzunligi ular tarkibidagi mononukleotidlar soniga bog`liq va ikkita oxiriga ega: ulardan birinchisi 3¹-oxiri, ikkinchisi esa 5¹-oxiri.
Hujayra nuklein kislotalari zanjirining yig`ilishida 5¹-trifosfatlar boshlang`ich material bo`lganligi sababli zanjirning 5¹-oxiri tomoni trifosfat, 3¹- oxiri tomoni esa erkin gidroksil guruhi tutadi, ya’ni ular 5¹→ 3¹ va 3¹→5¹ yo`nalishga ega. Nuklein kislotalar zanjiri qutblidir.
DNK ning genetik “matni” nukleotid tripletlari yordamida tuzilgan kodli “so`zlar”dan iborat bo`lib, kodogenlar deb ataladi. Barcha turdari RNK ning birlamchi strukturasi to`g`risida ma’lumot saqlovchi DNK qismlariga strukturali genlar deyiladi.
Nuklein kislotalarning birlamchi strukturasi ularning yuqori darajadagi tuzilishini, ya’ni ikkilamchi va uchlamchi strukturalarini belgilaydi.
4.2-rasm. Ribonuklein kislotaning birlamchi strukturasi.
DNK ning ikkilamchi strukturasi. DNK molekulasi nukleotidlar tarkibi tuzilishida, ularning ajratib olingan manbasidan qat’iy nazar, muhim umumiy qonuniyatlar bor. Bu qonuniyatlarni kashf etgan olim nomi bilan Chargaff qoidalari deb ataladi va ular quyidagilardan iborat:
1. Purin nukleotidlari yig`indisi (A+G) soni pirimidin nukleotidlari yig`indisiga (S+T) teng, ya’ni purinlarni pirimidinlarga nisbati birga teng: A+G/S+T =1.
2. Adenin qoldiqlarining soni timin qoldiqlari soniga teng, ya’ni adeninning timinga nisbati birga teng ( A = T yoki A/T = 1).
3. Guanin qoldiqlarining soni sitozin qoldiqlarining soniga teng (G = S yoki G/S = 1).
4. DNK tarkibidagi 6 ta aminoguruhlar soni 6 ta ketoguruhlar soniga teng: G + T = A+S.
5. Faqat A + T va G + S yig`indilari o`zgaruvchan. Agar A + T > G + S bo`lsa, bu AT-turli DNK; agar G + S > A + T bo`lsa, bu GS - turdagi DNK bo`ladi.
Bu qoidadan DNK tuzilishi uchun purin va pirimidin asoslarining qat’iy tartibda mos kelishi (juftlashishi) emas, balki umuman timinning adenin bilan sitozinning guanin bilan mos kelishi nazarda tutilgan. Nukleotidlarning molekulyar massasi 330 ga, qo`sh nukleotidlarniki esa 660 ga teng. 1953 yilda Uotson va Krik DNK ni qo`sh spiral nomini olgan ikkilamchi strukturasi modelini kashf etdilar.
Uotson va Krik modeliga binoan, DNK faraz etiladigan o`q atrofida bir-biriga o`ralgan komplementar, ya’ni bir-biriga mos keladigan, ammo bir xil bo`lmagan burama shakldagi ikkita zanjirdan tuzilgan. Bu ikki burama polinukleotid uglevod - fosfat zanjirini hosil qilib, ularga spiral ichida azot asoslari tortilgandir. Ikki zanjir orasidagi azot asoslari vodorod bog`lari orqali ushlab turiladi. Zanjirlar bir-biriga mos kelishi uchun birinchisining purin asosi qarshisida ikkinchisining pirimidin asosi bo`lishi shart. Adenin bilan timin o`rtasida ikkita, guanin bilan sitozin o`rtasida esa uchta vodorod bog`lari bor. Vodorod bog`lari faqat adenin bilan timin va guanin bilan sitozin orasida bo`lganligi, uchun bir zanjirdagi asoslar tarkibi ikkinchi zanjirdagi asoslar tartibini, birin-ketin kelishini belgilaydi. Asoslarning bunday mos kelishiga komplementarlik deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |