10.4. Fosfolipidlarning hazm bo`lishi (gidrolizi)
Fosfolipidlar (xolin-, etanolamin-, serinfosfatidlar) gidrolaza sinfiga kiruvchi maxsus lipolitik ferment–fosfolipazalar ta`sirida parchalanadi. Fosfolipidlarning hazm bo`lishida oshqozon osti bezi va ichak fosfolipazalari qatnashadi.
Organizmda fosfolipidlarning turli xil bog`lariga ta`sir etadigan 4 ta fosfolipaza topilgan va ular lotin hariflari bilan belgilanadi : A1, A2, C va D.
Fosfolipid molekulasidagi glitserin qoldig`ining birinchi uglerodiga to`yingan yog` kislota, ikkinchi uglerodiga to`yinmagan yog` kislotalar birikadi. Glitserin molekulasining uchinchi uglerod atomiga fosfat kislota qoldig`i brikib, unga azot asosli radikal qo`shiladi.
Fosfolipaza A1 fosfoglitserid tarkibidagi glitserinni birinchi uglerod atomidagi yog` kislotaning efir bog`ini uzadi. Fosfolipaza A2 fosfoglitserid molekulasidagi ikkinchi yog` kislotani uzib, lizofosfatid hosil qiladi. Ko`pincha fosfolipaza A2 ilon, qoraqurt zaharlari tarkibiy qismi bo`lib, ular ta`sirida hosil bo`lgan lizofosfatidilxolin eritrotsitlarda gemoliz chaqiradi. Fosfolipaza C fosfoglitseriddagi glitserin qoldig`ining uchinchi uglerod atomi bilan fosfat kislota orasidagi bog`ni uzsa, fosfolipaza D fosfoglitseridagi fosfat kislota bilan azot asosi orasidagi bog`ni uzadi.
Barcha turdagi fosfolipaza fermentlarining ta`sirini letsitin (fosfatidilxolin) misolida ko`rish mumkin.
Fosfolipaza A1
CH2 – O – CO – R1
Fosfolipaza A2
HC – O – CO – R2
O
Fosfolipaza C ║
CH2 – O – P – O – CH2 – C H2 – N +(CH3)3
OH
Fosfolipaza D
Fosfolipidlar molekulasini to`la gidrolizlanishi natijasida so`nggi mahsulot sifatida glitsеrin, yog` kislotalari, anorganik fosfat kislota, spirt qoldig`idan– xolin, etanolamin, inozit va aminokislota – sеrin hosil bo`ladi.
Glitserin, fosfat kislota va azot asosi suvda eriganligi uchun ichakdan bevosita, yog` kislotalari esa xolein komplekslari shaklida so`riladi. Fosfat kislota organizmda o`zgarmagan holda o`zlashtiriladi. Xolin vitaminsimon modda sifatida moddalar almashinuvi uchun juda kerakli, nerv - mushak sinapslarida qo`zg`alishni o`tishini ta`minlovchi nerv sistemasi mediatorlaridan biri – atsetilxolin sintezida manba bo`lib xizmat qiladi. Xolin fosfolipidlar sintezi uchun ham zarur, u jigarda yog` to`planishiga to`sqinlik qiladi. Serin oqsil biosintezida qatnashadi. Organizmda spetsifik bo`lgan fosfolipidlarning birlamchi sintezi ichak devoridan boshlanadi.
Lipid va lipoidlarning parchalangan mahsulotlari (glitserin, yog` kislotalari, xolesterin, fosfat kislotasi, azot asoslari ), yangi sintezlangan mono-,di- va triglitseridlar, fosfolipidlar hamda xolesterin efirlari ichak devorida to`planib, yog`larning transport shakli – xilomikronlarni hosil qiladi. Yog`da eruvchi birikmalarning asosiy qismi xilomikronlar tarkibida limfa sistemasi orqali qonga o`tadi. Oz miqdordagi xilomikronlar bevosita qonga o`tishi mumkin.
Ovqat yeyilgandan keyin qonda yog` miqdorini oshishi, uni loyqalantiradi (xilezlanadi). Loyqalanishni yuqori darajasi ovqatlanishdan 3 soat keyin kuzatiladi. So`ngra 5-7 soat davomida qon asta – sekin tiniqlasha boshlaydi. Kuzatilgan o`zgarish to`qimalarda tiniqlashtiruvchi faktor–lipoproteinlipaza fermenti ta`siriga bog`liq. Lipoproteinlipazalar xilomikronlarni mayda lipoproteid zarrachalariga (alfa va betta tipidagi), triglitseridlarni esa o`z tarkibiy qismlari – glitserin va yog` kislotalarigacha parchalaydi.
Yog` kislotalarini organizmda to`planishi zararli hisoblansa ham, ulardan zaharlanish ro`y bermaydi, chunki yog` kislotalari oqsillar (albuminlar) bilan kompleks hosil qilib, darhol zaharsizlantiriladi. Bunday komplekslar esterifikatsiyalanmagan yog` kislotalari, deb ataladi. Klinikada esterifikatsiya-lanmagan yog` kislotalari bosh harflar bilan (EYoK) nomlanadi.
Qon bilan organ va to`qimalarga tashilgan mayda lipoproteid zarrachalar va esterifikatsiyalanmagan yog` kislotalar, o`z komponentlariga parchalanib, spetsifik o`zgarishga uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |