Nafas olish zanjiri tashuvchilarining tavsifi. NAD∙H-degidrogenaza yoki flavoproteid-1 tarkibidagi koferment FMN NAD∙H dan vodorodni qabul qilib oladi. Ushbu flavinli ferment koferment Q dan elektron va protonlarni uzatishda ishtirok etuvchi temir va oltingugurtli oqsil bilan mustahkam bog`langan.
Temir va oltingugurtli oqsillar nafas olish zanjirining ikkinchi qismida flavoproteid va koferment Q hamda va sitoxrom c1 oralig`ida elektron va protonlarni tashishda ishtirok etadi. Nafas olis zanjiridagi ikkala temir va oltingugurtli oqsillar bir-biridan oksidlanish-qaytarilish potentsiallarining qiymati bilan farq qiladi. Bu oqsillar membrananing lipid qavatida joylashgan.
Koferment Q yoki ubixinon membrananing lipid qavatida joylashgan. Membrana bo`ylab yoki ko`ndalang holda membranadan o`tishi mumkin.
Sitoxrom b turli shakllarga ega. Nafas olish zanjirida b562 va b566 sitoxromlari mavjud. Ular membrana lipid qismining ichki (matriks) tomonining tashqi yuzasi bilan tutashgan joyida kompleks hosil qiladi.
Sitoxrom c1 lipid qavatidagi ichki membrananing tashqi yuzasiga yaqin joyida o`rnashgan. Sitoxrom c suvli eritmaga oson o`tadi, ichki membrananing tashqi yuzasida joylashgan va qizig`i, membranalararo bo`shliqqa chiqishi mumkin.
Sitoxromlar– a va a3 sitoxromoksidaza deb ataluvchi kompleks hosil qiladi. Kompleksdagi sitoxrom a membranani tashqi tomonida joylashgan lipid qavatdan sitoxrom a3 joylashgan ichki tomongacha kesib o`tadi. a3 sitoxromining faol markazi matriks tomonga qaragan. Boshqa sitoxromlardan farqli ravishda sitoxromoksidaza tarkibida Cu+ bor. Hamma sitoxromlar elektron tashishda qaytar oksidlanishga uchraydi. Qaytar oksidlanish jarayonida Fe3+ oksidlanish darajasidan Fe2+ ga o`zgaradi. Demak, proton va elektronlar tashilishining yo`nalishini, oksidlanish-qaytarilish potentsiallari aynan NAD∙H2 dan (E0 = -0,32 V) kislorodga (E0 = +0,81 V) qaratilgan.
Mohiyatiga ko`ra to`qima nafas olishi qisqartirilgan holda vodorodning kislorodda portlashi bilan boradigan yonish reaktsiyasining tenglamasi ko`rinishida bo`ladi: H2 + O2 → H2O
Farq shundaki, to`qima nafas olishida molekulyar vodorod emas, balki organik moddalardan ajralgan va kofermentlar bilan bog`langan vodoroddan foydalaniladi. Shu sababli to`qima nafas olishida energiyaning bir lahzada emas, bosqichma-bosqich ajralishi ro`y beradi. Bu energiya ATF ning fosfat bog`larida to`planadi va hujayraning hayot faoliyati uchun sarflanadi.