Adabiyoti
Jizzax viloyati qadimdan ilm-fan va ijodkorlar oʻsib ulgʻaygan yurt. Bu zaminda oʻrta acrlarda shayx Abulhasan Harakoniy (950—1034), shayx Aba Ali Fayumardiy (1084), Abu Tala ibn Nasr ibn Jundabek al-Usrushoniy, Poyanda Zaminiy, Soki Zaminiy kabi islom maʼrifati va fiqh ilmiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar yashab oʻtgan. Keyinroq 19—20-asrlarda Maxmur Koriziy, Ubaydulloh Alamkash, Narzullo Narziy, Inomxon Maxjur singari ijodkorlar boy adabiy meros qoldirgan. 20-asr oʻzbek adabiyoti rivojida Jizzaxda tugʻilib oʻsgan Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Shukur Saʼdulla, Sarvar Azimov kabi adiblarning munosib hissasi bor. 20-asrning oxirlarida Jizzaxdan Keldi Qodir, Jonibek Quvnoq, Ergash Muhammad, Saʼdulla Hakim, Rustam Gʻaniyev, Asror Moʻminov, Oqiljon Husanov, Sharofat Botirova, Ibrohim Donish, Sayyora Toʻychiyeva, Venera Ibrohimova, Sattor Qoraboyev, Meli Normatov, Farogʻat Kamolova kabi ijodkorlar oʻz mahoratlari bilan adabiy jamoatchilikka tanildi. Gulchehra Shahobiddin qizi, Shahlo Ahrorovalar sheʼriyati, qoʻshiqchilik mahorati bilan ajralib turdi.
Matbuoti, radio va televideniyesi
Jizzax viloyatida 2 viloyat gazeta („Jizzax haqiqati“, „Djizakskaya pravda“), tuman va shahar gazetalari chiqadi. Viloyatda, shuningdek, tarmoq gaz.lari, jurnallar ham nashr etiladi.
Viloyat radiosi oʻz eshittirishlari bilan viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotida oʻz oʻrni va mavqeiga ega. 1990-yilda Jizzax viloyati televideniyesi tashkil etilib, uning birinchi koʻrsatuvlari efirga uzatildi. Jizzax sh.da „Baxtiyor — Shahboz“ firmasining telestudiyasi koʻrsatuvlar olib boradi. Viloyat teleradiokompaniyasi haftasiga 4 soat, Jizzax shahri televideniyesi 7 soat hajmdagi eshittirish va koʻrsatuvlar olib boradi. Jizzax sh.da kabelli televideniye ham ishlayapti. Teletomoshabinlar respublika televideniyesi va Rossiyaning ORT, RTR kanallarini tomosha qilishlari uchun imkoniyatlar mavjud.
Meʼmoriy va tarixiy yodgorliklari
Qad. va oʻrta asrlarda bunyod etilgan meʼmoriy yodgorliklar bizgacha yetib kelmagan. Oʻrta asrlarga oid koʻpgina qalʼaqoʻrgʻon va karvonsaroylar tepa va qoʻrgʻon (Koʻltepa, Oqtepa, Rabot, Qoʻrgʻontepa, Xonimqoʻrgʻon, Kaliyatepa) kabi nomlar bilan ataladi. Bularning soni 100 dan ortiq. Jizzax va Gʻallaorol tumanlari hududidagi Takalisoydagi qoyatoshlarda ibtidoiy chorvachilik, ovchilik davriga oid mingdan ortiq rasm, Baxmal, Gʻallaorol, Jizzax tumanlarida juda koʻp yer osti yoʻllari saqlangan. 1956-yilda Baxmal tumani hududidan Budda ibodatxonasi qoldigʻi topilgan. Parpiota, Malik Girkushoq, Avliyoi Serob, Nuriddin masjidlarining qoldiqlari saqlangan. Forish tumanida qad. „Band“ toʻgʻoni qoldigʻi hozir ham mavjud. Jizzax tumanida Uzunota qabri bor. Bu yerda sohibqiron Amir Temur 1404-yildekabrning soʻnggi kunida bir kecha tunagan. Jizzax ruslar tomonidan bosib olingandan soʻng rus harbiy ish boshchilari nazoratida mahalliy aholi kuchi bilan barpo etilgan bir qancha imoratlar (uyezd hokimi binosi, rus askarlari qarorgohi, qamoqxona, cherkov) saqlanib qolgan.[1]
Viloyat 1973-yil 29-dekabrida tashkil topgan. Respublikaning markaziy qismida joylashgan. Shimolda Qozogʻiston, janubda Tojikiston, gʻarbda Samarqand va sharqda Sirdaryo viloyatlari bilan chegaralanadi. Maydoni 20,5 ming kvadrat kilometrga teng boʻlib, respublika maydonining 4,5 foiziga teng. Tabiiy-geografik jihatdan viloyatning janub tomonlarida Turkiston togʻ tizmasining gʻarbiy tarmoqlari (Molguzar tizmasi), gʻarbiy qismida Nurota togʻ tizmasi tarmogʻi mavjud. Viloyat aholisi 1166,7 ming(2011)dan ortiq boʻlib, uning taxminan uchdan ikki qismi qishloq aholisi hisoblanadi. Jizzax viloyati hududida aholining oʻrtacha zichligi 57 kishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |