.Jismoniy tarbiyaning maqsad va vazifalari.
Jismoniy tarbiya—bu sog’lom turmush tarzini va gigienik ko’nikmalarni shakllantirishga, salomatlik va jismoniy kuchlarni rivojlantirishga yo’naltirilgan, sog’lomlashtirish va bilish faoliyatlarini tashkil etish jarayoni. Jismoniy madaniyat—jamiyat qadriyati bo’lib, insonni garmonik rivojlanishi, tana va ruh to’g’risidagi bilimlar hamda salomatlikni saqlash bo’yicha faoliyat tizimi, ma’naviy va jismoniy rivojlanish kuchlari to’g’risidagi tasavvurlar yig’indisidir. Buyuk mutafakkir Ibn Sino birinchilardan bo’lib, jismoniy tarbiyani bir butun tizimini (jismoniy mashqlar, to’g’ri ovqatlanish, uyqu, badanni toza tutish, kun tartibi) yaratgan edi. To’g’ri tashkil etilgan jismoniy tarbiya shaxsning me’yoriy, jismoniy taraqqiyotini ta’minlaydi, salomatligini mustahkamlaydi, yoshlarni mehnatga, turmushga tayyorlaydi. O’zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida yosh avlodni jismonan sog’lom bo’lishini ta’minlovchi uch bosqichli tizim ishlab chiqildi.
Ya’ni:
Umumiy o’rta ta’lim maktablari o’quvchilar o’rtasida «Umid nihollari» sport musobaqasi tashkil etiladi.
O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarining o’quvchilari o’rtasida «Barkamol avlod» sport musobaqasi tashkil etiladi.
Oliy o’quv yurtlarining talabalari o’rtasida «Universiada» sport musobaqasi tashkil etiladi.
Jismoniy tarbiya o’quvchilarda jismoniy-irodaviy sifatlarni shakllantirish, ularni aqliy, jismoniy jihatdan mehnat va vatan mudofaasiga tayyorlashga yo’naltirilgan jarayon sanaladi.
7.4. Jismoniy tarbiya vositalari.
Jismoniy tarbiyani tashkil etishda o’quvchilarning o’z sog’liqlarini saqlash va mustahkamlash, organizmni chiniqtirish, jismoniy jihatdan to’g’ri rivojlanish, uning ishchanlik qobiliyatini oshirish to’g’risida g’amxo’rlik qilish tuyg’ularini tarbiyalash, ularda yangi harakat turlari borasida ko’nikma, malakalarni hosil qilish, ularni maxsus bilimlar bilan qurollantirish, o’quvchilarning yoshi, jinsiga muvofiq keladigan (kuch, tezkorlik, chaqqonlik, chidamlilik, sabot, mehnat, chidam, iroda, harakterni qaror toptirish kabi) jismoniy sifatlarni rivojlantirish, shaxsiy gigienani saqlashga nisbatan ongli munosabatlarni tarbiyalash maqsadi ko’zlanadi.
Jismoniy tarbiyani tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar hal qilinadi:
o’quvchilar sog’lig’ini mustahkamlash, ularni jismonan rivojlantirish;
o’quvchilarning aqliy va jismoniy ish qobiliyatlarini oshirish;
o’quvchilarda tabiiy harakatchanlikni rivojlantirish va mustahkamlash;
o’quvchilarni harakatning yangi turlariga o’rgatish;
o’quvchilarda irodaviy sifatlar (kuch, chaqqonlik, dadillik, chidamlilik, qat’iyatlik va b.)ni rivojlantirish;
o’quvchilarda axloqiy sifatlar (intizomlilik, ma’suliyatlik, jamoa bilan bo’lish kabilar)ni tarbiyalash;
o’quvchilarda jismoniy tarbiya va sport bilan doimiy, muntazam
shug’ullanish ehtiyojini shakllantirish;
o’quvchining jismonan sog’lom bo’lishini ta’minlash, shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilishga odatlantirish, o’z sog’ligiga ongli munosabatni tarbiyalash.
O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida tashkil etiladigan jismoniy tarbiya uning chaqiriqqa qadar boshlang’ich tayyorgarlik bilan bog’liqligiga ko’ra o’ziga xos harakter kasb etadi.
O’quvchilarning jismoniy madaniyat (kamolot)ga erishganlik darajasini quyidagi mezonlar asosida belgilash mumkin:
jismoniy harakat ko’nikmalariga egalik;
jismoniy mehnat qilish qobiliyatining rivojlanganligi;
jismoniy kamolotning aks etishi;
o’quvchilar tomonidan jismonan rivojlangan idealning tanlanganligi va undan namuna olish yo’lida amaliy harakatlarning tashkil etilayotganligi.
Chaqqonlik, epchillik, chopqirlik, egiluvchanlik, kuchlilik, chidamlilik, sabrlilik, irodalilik, kuchli harakterga egalik kabi sifatlar shaxsning jismonan kamolotga yetganligini ifodalaydi.
Jismoniy tarbiya vositalariga gimnastika, o’yin, turizm, sport, tabiat shu bilan birga tabiiy kuchlar(quyosh, havo, suv), bundan tashqari gigienik omillar (kun tartibi va dam olish, ovqatlanish) tashkil qiladi. Jismoniy tarbiya metodlariga jismoniy mashqlar, trenirovka, tushuntirish, namuna hamda musabaqa kiradi. Jismoniy tarbiya metodlari yordamida o’quvchilarda jismonan to’g’ri rivojlanishlari uchun zarur bo’lgan bilim, ehtiyoj va shaxsiy sifatlar shakllanadi.
Jismoniy tarbiyani tashkil etishning asosiy shakli bu jismoniy tarbiya darslari hisoblanadi. Jismoniy tarbiya darslarida harakatli, xalq va sport o’yinlaridan keng foydalaniladi.
Jismoniy tarbiya o’quvchilarda sog’lom turmush tarzini shakllantirish bilan uzviy bog’liq. Bolalar va o’smirlar orasida chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, narkotik moddalarni qabul qilish kabi salbiy odatlarni shakllanishini oldini olishda jismoniy tarbiyaning ahamiyati katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |