Yangi jamg‘arma avvalgisidan qanday farq qiladi?
Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etishga oid qarorida bir qator vazifalar belgilab berilgandi. Ulardan biri Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish haqida bo‘lgandi. Shu munosabat bilan, 5 iyul kuni Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi negizida ushbu jamg‘armaga asos solindi.
Barchani bir savol qiziqtirmoqda. Yangi jamg‘arma avvalgisidan qanday farq qiladi? Bungacha ushbu tashkilot tomonidan ko‘plab loyihalar moliyalashtirilgan. Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kurashgan sportchilarimiz ham ushbu jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ilgari 19 yoshgacha bo‘lgan sportchilar faoliyati moliyalashtirilgan va jamg‘arma tomonidan rag‘batlantirilgan. Endi esa ushbu yosh chegarasi olib tashlandi. Qolaversa, bungacha faqat bolalar sporti uchun mo‘ljallangan sport obyektlari qurilishida ushbu jamg‘arma qatnashgan. Endi esa Prezident topshirig‘iga asosan 4 ta viloyatda Universal sport saroylari quriladi. Sport anjomlari xarid qilishda ham talabdan kelib chiqqan holda, sifatli inventarlar olib beriladi. Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Bolalar bog‘chalariga ham sport jihozlari olib berish rejasi ishlab chiqilgan va bu borada kelishuvga erishilgan. Bu ham Prezident qarori asosida qo‘yilgan navbatdagi qadam hisoblanadi.
Jamg‘arma nimalarga pul ajratadi?
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi sportchi va murabbiylarimizni qo‘llab-quvvatlaydi, sport sohasida yutuqqa erishgan hamyurtlarimizni taqdirlaydi, rag‘batlantiradi. Xorijda tadqiqot olib borayotgan mutaxassislarga pul ajratadi. Oldimizga katta maqsad va vazifalar belgilab berilgan. Quriladigan sport inshootlari nomiga emas, sifatli va talabga javob beradigan bo‘ladi.
Jamg‘arma qaysi manbalar evaziga moliyalashtiriladi?
Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan jamg‘arma uchun homiylar biriktirilgan. Bugungi kunga kelib ular 92 foiz mablag‘ni jamg‘arma hisobiga o‘tkazib berishdi. Shuningdek, sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda ishtiroklarini ta’minlash uchun xorijiy valyuta hisobi ham tashkil etilgan. Jamg‘arma mablag‘i sarflanishi borasida muntazam ravishda hisobot berib boriladi. Bu esa, albatta, shaffoflikni ta’minlaydi.
Jamg‘arma tomonidan qayerda sport zallari barpo etiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga binoan jamg‘arma hisobidan Andijon, Samarqand, Buxoro va Toshkentda Universal sport majmualari barpo etiladi. Ushbu sport inshootlari 2018-2020 yillar davomida qurib, foydalanishga topshiriladi.
Matbuot anjumani davomida OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollar bilan ham murojaat qilishdi. Tadbir davomida shuningdek, barpo etiladigan “Sport” erkin iqtisodiy zonasi, oldinda turgan Osiyo o‘yinlari va boshqa masalalar bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |